III. Katta ilmiy xodimlar- izlanuvchilarni o‘qitishni tashkil etish
8. Har yili 1 maygacha olimlar-faol ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borayotgan, shu jumladan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ilmiy-texnik loyixalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan fan doktorlari (keyingi o‘rinlarda etakchi olimlar deb ataladi) tomonidan doktorlik dissertatsiyalarining tavsiya etiladigan mavzulari ishlab chiqiladi, mavzular oliy ta’lim muassasasi kengashida yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashida ularning fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor vazifalariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkaziladi.
Har yili 1 maygacha olimlar-faol ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borayotgan, shu jumladan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ilmiy-texnik loyixalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan fan doktorlari (keyingi o‘rinlarda etakchi olimlar deb ataladi) tomonidan doktorlik dissertatsiyalarining tavsiya etiladigan mavzulari ishlab chiqiladi, mavzular oliy ta’lim muassasasi kengashida yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashida ularning fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor vazifalariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkaziladi.
9. Tavsiya etiladigan doktorlik dissertatsiyalari mavzulari oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o‘zlari tizimiga kiradigan tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan kelishiladi, keyinchalik ushbu mavzular 15 maygacha bo‘lgan muddatda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasiga taqdim etiladi.
Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi 1 iyungacha bo‘lgan muddatda taqdim etilgan mavzularni ularning davlat ilmiy-texnik dasturlariga muvofiqligi yuzasidan qo‘rib chiqadi, keyinchalik ularni doktorlik dissertatsiyalari mavzularining tavsiya etilayotgan ma’lumotlar bazasiga kiritadi. Tavsiya etilayotgan doktorlik dissertatsiyalari mavzularining ma’lumotlar bazasi har bir mavzu bo‘yicha mavzuni ishlab chiqqan fan doktorining familiyasi, ismi, otasining ismi va ish joyi ko‘rsatilgan holda Qo‘mitaning Internet-sahifasida e’lon qilinadi.
Zaruriyat bo‘lganda, Qo‘mita bilan kelishilgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning takliflari asosida dissertatsiya ishlari mavzulari o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
10. Katta ilmiy xodimlar- izlanuvchilar instituti shaklida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim olish uchun talabgorlar ma’lumotlar bazasidan doktorlik dissertatsiyalari mavzularini tanlashlari, tadqiqot mavzusi bo‘yicha ilmiy ma’ruzani tayyorlashlari va doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasini tayyorlashlari zarur.
Talabgorda doktorlik dissertatsiyasi mavzusi bo‘yicha o‘zining takliflari mavjud bo‘lgan taqdirda, u tegishli oliy ta’lim muassasasi kengashiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashiga murojaat qiladi. Oliy ta’lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashi mavzuni fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor vazifalariga muvofiqligi yuzasidan bir oy muddatda ekspertizadan o‘tkazadi, mavzuni tegishli ravishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o‘zlari tizimiga kiradigan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan kelishib oladi hamda katta ilmiy xodimlar- izlanuvchilar institutiga xujjatlar qabul qilish e’lon qilinishi muddatigacha kamida bir oydan kechikmasdan Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasiga dissertatsiya ishi mavzusini ma’lumotlar bazasiga kiritish to‘g‘risida taklif yuboradilar.
11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o‘z tasarrufida oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar har yili 1 iyungacha bo‘lgan muddatda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasiga keyingi yildan boshlab katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarni davlat byudjet mablag‘lari hisobiga o‘qitish uchun qabul kvotasi bo‘yicha asoslangan takliflar bilan murojaat qiladilar.
12. oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bo‘yicha har yilgi qabul kvotasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston respublikasi Moliya vazirligi va iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi va 1 iyuldan kechikmasdan tegishli ravishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o‘z tasarrufida oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuboriladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ajratilgan kvotalarni idoraviy mansub oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari va tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha taqsimlaydi. Taqsimlangan kvota tegishli oliy ta’lim muassasalariga va ilmiy- tadqiqot muassasalariga 1 avgustgacha bo‘lgan muddatda etkaziladi.
Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tasdiqlangan qabul kvotasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga keyingi yilga byudjet byurtmanomasini taqdim etadi.
13. Oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari qabul kvotalariga muvofiq har yili 1 sentyabrdan kechikmasdan, katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar sifatida o‘qish uchun talabgorlarning xujjatlarini qabul qilish to‘g‘risidagi xujjatlarni qabul qilish muddatlarini, talab qilinadigan xujjatlar va topshiriladigan imtihonlar ro‘yxatini, o‘qitish haqini to‘lash shartlarini (byudjetdan moliyalashtirish, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish) va boshqa zarur shartlarni ko‘rsatgan holda ommaviy axborot vositalarida e’lon beradi.
Xujjatlar 15 oktyabr – 15 noyabr davrida qabul qilinadi.
14. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar sifatida o‘qishga talabgorlar oliy ta’lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot muassasasiga quyidagi xujjatlarni taqdim etadilar:
ariza;
ma’lumotnoma;
mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
oliy ta’lim muassasasi magistraturasi diplomi yoki O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi yoki Milliy xavfsizlik xizmati ta’lim muassasasining magistratura diplomiga tenglashtirilgan diplomi yoxud fan nomzodi diplomi yoki magistr darajasi joriy qilgunga qadar olingan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
tadqiqot mavzusi bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy ma’ruza va doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasi;
ilmiy jurnallarda va nashrlarda e’lon qilingan ilmiy maqolalar (kamida uchta), ilmiy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari to‘plamlariga fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotining asosini tashkil etishi mumkin bo‘lgan tegishli ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha boshqa ilmiy ishlar to‘plamlariga kiritilgan tezislar (kamida ikkita) ro‘yxati, shuningdek ularning nusxalari;
talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyatga layoqatini aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan test sinovidan o‘tganligini tasdiqlovchi OAK xujjatining nusxasi;
etakchi olimlardan birining uning ilmiy konsultant sifatida belgilash yuzasidan yozma roziligi. Bunda tavsiya etilgan mavzular bazasidan tanlab olingan mavzu bo‘yicha, qoidagi ko‘ra, ushbu Nizomning 8-bandiga muvofiq ushbu mavzuni taklif etgan etakchi olim ilmiy konsultant bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohiblari tegishli xujjat nusxasini taqdim etadilar.
15. Oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasida rektor (direktor) raislik qiladigan qabul komissiyasi tashkil etiladi. Qabul komissiyasi a’zolari o‘qitish mutaxassisliklari bo‘yicha etakchi olimlardan rektor (direktor) tomonidan tayinlanadi.
16. Katta ilmiy xodim – izlanuvchi sifatida o‘qish uchun kirayotgan shaxslar mutaxassislik, O‘zbekiston tarixi, fanning bilish nazariyasi va metodologiyasi hamda falsafa, fan metodologiyasi, chet tili (ta’limning oldingi darajalarida o‘rganilgan xorijiy til bo‘yicha) va mutaxassislik bo‘yicha kirish imtihonlari topshiradilar.
Kirish imtihonlari savollari qabul komissiyasi tomonidan mutaxassislikning mohiyatidan kelib chiqib tuziladi va ular oliy ta’lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Fanning tegishli yo‘nalishi bo‘yicha fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan talabgorlar kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadilar.
Kirish imtihonlari 1-20 dekabr davrida bo‘lib o‘tadi.
17. Qabul komissiyasi 22 dekabrgacha bo‘lgan muddatda kirish imtihonlari natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib katta ilmiy xodimlar institutiga qabul qilinganlarni tanlaydi.
Bir necha talabgorlarning kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha ular tomonidan to‘plangan yakuniy ballari teng bo‘lgan taqdirda quyidagi talabgorlarga:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stependiyalari sohiblariga;
tegishli mutaxassislik bo‘yicha a’lo baholi diplomga ega bo‘lganlarga;
mutaxassislik bo‘yicha imtihon natijalariga ko‘ra ko‘p ball to‘plaganlarga;
ixtiroga yoki seleksiya yutug‘iga (shu jumladan xammualliflikda) patentga ega bo‘lganlarga ustunlik beriladi.
18. Tanlash natijalari qabul komissiyasi majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va bir kun muddatda oliy ta’lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashining tasdiqlashi uchun kiritiladi. Bunda oliy ta’lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashi tomonidan bir vaqtning o‘zida katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutiga kirganlarning doktorlik dissertatsiyasi mavzulari tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan doktorlik dissertatsiyalari mavzulari “OAK Byulleteni” jurnalida e’lon qilinishi shart.
19. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarni qabul qilish oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi rahbarining tegishli kengashlarning tanlash natijalarini va doktorlik dissertatsiyalari mavzularini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori asosida 25 dekabrgacha chiqariladigan buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Bunda yangidan qabul qilingan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar faoliyati ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq keyingi yilning 1 yanvaridan boshlanadi.
O‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqda ilmiy konsultantlar ham belgilanadi.
Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar o‘qishga qabul qilish va ularning tasdiqlangan mavzulari to‘g‘risidagi ma’lumot oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy- tadqiqot muassasasi tomonidan Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasiga, tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasiga joriy yilning 31 dekabrigacha taqdim etiladi.
20. Ilmiy konsultant bir vaqtning o‘zida 3 nafardan ko‘p bo‘lgan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarga va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilishi mumkin emas.
21. Katta ilmiy xodim- izlanuvchi ilmiy konsultant bilan birgalikda dissertatsiya ishini tayyorlashning yakka tartibdagi rejasini ishlab chiqadi va u oliy ta’lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashida katta ilmiy xodim-izlanuvchi o‘qishga qabul qilingandan keyin bir oy muddatda tasdiqlanadi.
22. Ilmiy konsultant tanlangan mutaxassislik bo‘yicha nazariy – metodologik kursining o‘quv rejasini ishlab chiqadi va u ham oliy ta’lim muassasasi kengashida yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashida katta ilmiy xodim-izlanuvchi o‘qishga qabul qilingandan keyin bir oy muddatda tasdiqlanadi.
Nazariy-metodoligik dastur metodologiyaning umumiy konsepsiyasini va masalalarini, fan bo‘yicha nazariy asoslarini va ilmiy tadqiqotlar usullarini o‘z ichiga oladi. Nazariy-metodologik dastur katta ilmiy xodim-izlanuvchi tomonidan o‘qishning birinchi yili mobaynida ilmiy konsultantning yordamida o‘zlashtiriladi.
23. Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilarning maxsus bilimlarini oshirish maqsadida o‘qishning keyingi yillarida oliy ta’lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashi tomonidan fan sohalariga ko‘ra OAK tomonidan belgilanadigan fanlar bo‘yicha malaka o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Malaka o‘quv dasturlari katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar tomonidan mustaqil o‘zlashtiriladi.
24. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar uchun nazariy va ilmiy-tadqiqot ishlariga yuklama hajmi xaftasiga 36 soatni tashkil etadi, undan – ko‘pi bilan 12 soat auditoriya mashg‘ulotlari uchun ajratilishi mumkin.
25. Katta ilmiy xodim-izlanuvchiga o‘qishga qabul qilingan kundan boshlab fan nomzodi darajasiga ega bo‘lgan katta ilmiy xodim lavozim maoshining bazaviy miqdogiga tenglashtirilgan miqdorda lavozim maoshi belgilanadi.
26. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Fan va texnologiyalarni rivojlantirish muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarni o‘qishga qabul qilish kvotalari asosida tayyorlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ta’lim olish bo‘yicha oliy o‘quv yurtida, fan tarmoqlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot muassasasiga belgilangan tartibda tegishli mablag‘lar ajratadi. Ushbu mablag‘lar hisobiga ta’lim oluvchilarga belgilangan tartibda lavozim maoshlarining tegishli to‘lovlari amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Milliy xavfsizlik xizmatining oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarning moddiy ta’minoti xarbiy xizmatchilar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
27. O‘qishga qabul qilingan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga qonun xujjatlariga muvofiq haqi to‘lanadigan mehnat ta’tili beriladi.
Tegishli xujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda katta ilmiy xodim-izlanuvchi sifatida o‘qish muddati uzoq vaqt kasal bo‘lish, homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lish davriga, shuningdek harbiy yig‘inlarga chaqirilish munosabati bilan uzaytirilishi mumkin.
28. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar mutaxassislik, O‘zbekistonning eng yangi tarixi, chet tili, shuningdek fan sohalariga qarab OAK tomonidan belgilanadigan fanlar bo‘yicha mutaxassislikka muvofiq bo‘lgan ikki fan bo‘yicha imtihonlarni topshirganlaridan keyin doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishga qo‘yiladilar.
29. Doktorlik dissertatsiyasini o‘qish muddati tamom bo‘lishidan kamida 6 oy muddatidan oldin himoya qilgan shaxslarga oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga eng kam oylik ish haqining o‘n besh baravari miqdorida mukofot to‘lanadi.
30. Ilmiy konsultantlar tomonidan oliy ta’lim muassasasida katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar bilan olib borilgan ish har bir katta ilmiy xodim- izlanuvchi uchun bir yilda 100 soat hajmida ularning umumiy o‘quv soatlariga kiritiladi.
Ilmiy-tadqiqot muassasasida ilmiy konsultantlarning katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar bilan mehnatiga haq to‘lash o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lashning qonun xujjatlarida belgilangan tartibda har bir izlanuvchiga bir yilda 100 soat hisobidan kelib chiqib fan tarmog‘i uchun ajratiladigan davlat byudjeti mablag‘laridan har oylik asosida amalga oshiriladi.
Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar – xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan ilmiy konsultantlar mehnatiga haq to‘lash o‘qish uchun tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
31. Dissertatsiya ishini o‘qish muddati tamom bo‘lishidan kamida 6 oy muddatidan oldin himoya qilgan katta ilmiy xodim-izlanuvchining ilmiy konsultantiga oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining byudjetdan tashqari malag‘lari hisobiga eng kam oylik ish haqining o‘n besh baravari miqdorida mukofot to‘lanadi.
32. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarning o‘qish muddati ular ishining umumiy stajiga qo‘shiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |