Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining faoliyati[tahrir]
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi[4] (MOQ) nodavlat notijorat tashkilot boʻlib, u oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi, Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi (XOQ), Olimpiya Xartiyasi va Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Ustavi asosida amalga oshiradi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi respublikada jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish boʻyicha bir qator muhim funksiyalarni bajaradi. MOQning asosiy funksiyalarini ichki va tashqi funksiyalarga boʻlish mumkin.
Ichki funksiyalarga quyidagilar tegishli:
Oʻzbekistonda Olimpiya Xartiyasida mustahkamlangan tamoyillar asosida Olimpiya Harakatini rivojlantirish;
respublika aholisini jismonan va maʼnaviy-ruhiy tarbiyalashga koʻmaklashish;
jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy bandlikni rivojlantirishda ishtirok etish;
milliy sport turlari, nogironlar oʻrtasidagi sport turlarini rivojlantirishni targʻib qilish, davlat va jamoaviy jismoniy tarbiya va sport tashkilotlariga mamlakat terma jamoalari va sport zahiralarini tayyorlashga koʻmaklashish;
yoshlarni halol kurashish, raqibga oʻzaro hurmat munosabatida va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik ruhi tamoyillari asosida tarbiyalash;
Oʻzbekistonda Olimpizm gʻoyalarini targʻib qilish, insonlarni Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarining muvaffaqiyatlari bilan tanishtirib borish, Olimpiya taʼlimini rivojlantirish;
sport kadrlarining malakasini oshirish va tajriba almashish boʻyicha konferensiyalar, seminarlar, kurslar tashkil etish;
sportni qoʻllab-quvvatlovchi fondlar va xayriya tashkilotlari tuzishda qatnashish; sportchilar, murabbiylar, sport hakamlari, sport faxriylarining manfaatlarini himoya qilish.
Tashqi funksiyalar ham bulardan unchalik farq qilmaydi:
xalqaro arenalarda Oʻzbekiston Respublikasining tutgan oʻrnini mustahkamlash va nufuzini oshirish;
Olimpiya oʻyinlari, Osiyo oʻyinlari, Butunjahon yoshlar va Markaziy Osiyo oʻyinlarida mamlakat delegatsiyalariga boshchilik qilish;
XOQ, OOK, boshqa davlatlarning Milliy Olimpiya qoʻmitalari, xalqaro sport birlashmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
XOQning „Olimpiya birdamligi“ dasturlarida ishtirok etish;
Respublika sport federatsiyalari va tashkilotlariga ularning xalqaro sport uyushmalari ishlarida faol ishtirok etishlariga koʻmaklashish;
xorijiy muassasalar, tashkilotlar va firmalar bilan Oʻzbekiston MOQ vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha xizmat shartnomalarini tuzish va amalga oshirish;
xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Olimpiya Harakati va sport tashkilotlari manfaatlarini taqdim etish;
xalqaro (nohukumat) birlashmalarga milliy davlat qonunchiligi asosida aʼzo boʻlish;
toʻgʻridan-toʻgʻri xalqaro aloqa va munosabatlar oʻrnatish, mamlakatlar va hududlar sport uyushmalari bilan bitimlar imzolash.
Ichki funksiyalarni bajarish 1992-yil 21-yanvardan, Oʻzbekiston MOQ tuzilganidan boshlab amalga oshirila boshlandi. Xalqaro faoliyatni toʻla amalga oshirish Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi oʻzining 1993-yil sentabr oyidagi 101-sessiyasida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasini tan olgan paytdan boshlagan.[5]
Do'stlaringiz bilan baham: |