[
OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.08.00.00 Kasbiy tayyorgarlik, malaka oshirish va qayta tayyorlash]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 14-noyabrdagi PF-5577-son Farmoniga muvofiq hamda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining:
Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Qurilish sohasidagi menejyerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida — loyihalash va qurilish sohasidagi tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari;
Oldingi tahrirga qarang.
Qurilish vazirligi tarkibidagi kollejlar bazasida — loyihalash va qurilish sohasidagi tashkilotlarning ishchi kasb egalari uchun qurilishda yuqori texnologik usullarni o‘zlashtirishga, soha mutaxassislarining kasb va malaka darajasini doimiy oshirib borishga yo‘naltirilgan malaka oshirish kurslarini tashkil etish orqali ularning muntazam malakasini oshirib borish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-sentabrdagi 588-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 09/20/588/1331-son)
2. Belgilansinki, loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan davlat korxonalari va ustav kapitalida (fondida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiqni tashkil etuvchi yuridik shaxslarning rahbar va mutaxassislari, ishchi kasb egalari har besh yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tadilar.
Loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan mazkur bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilmagan tashkilotlarga ularda faoliyat yuritadigan rahbar va mutaxassislar, ishchi kasb egalarining har besh yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tishini ta’minlab borish tavsiya etilsin.
3. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malaka oshirish kursi (keyingi o‘rinlarda malaka oshirish kursi deb ataladi) yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini qurilish sohasidagi zamonaviy yangiliklar va islohotlarga mos ravishda qayta ko‘rib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
malaka oshirish kurslari o‘quv jarayoni bilan bog‘liq zarur tayyorgarlik ishlarini samarali tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish va ularga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda ikki oy muddatda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar hamda professor-o‘qituvchilarning xorijiy mamlakatlarda belgilangan tartibda amaliyot o‘tashini tashkil etgan holda uzluksiz, shu jumladan masofaviy kasbga o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi malaka oshirish ta’lim muassasalari bilan birgalikda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassisliklar yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish kurslarida dars berishga yuqori salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar va malakali mutaxassislarni doimiy ravishda jalb etsin.
7. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tadbirlarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar hisoblanadi:
ushbu maqsadlar uchun har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablag‘lar;
malaka oshirish tizimida ta’lim muassasalarining loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarini o‘qitish uchun buyurtmachilarning mablag‘lari;
loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish uchun jalb etiladigan mahalliy va xorijiy grantlar;
ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, ilmiy-pedagogik, ishlab chiqarish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri birinchi o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 31-may,
451-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-maydagi 451-son qaroriga
ILOVA
Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom loyihalash va qurilish sohasidagi rahbar va mutaxassislar, ishchi kasb egalarining (keyingi o‘rinlarda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar deb ataladi) malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
2. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar kasbiy malaka darajasini muntazam oshirish asosida ularni qonunchilik normalari, nazariya, ilmiy va amaliy tadqiqotlar, yangi texnologiyalar va qurilish sohasidagi innovatsiyalar bo‘yicha so‘nggi yutuqlar bilan tanishtirish;
loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar faoliyatini talab darajasida tashkil etish va samaradorligini oshirishni ta’minlash maqsadida yuqori samarali innovatsion texnologiyalarni, ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etgan holda soha mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini tubdan yangilash;
loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar tomonidan Internet jahon axborot tarmog‘i, multimedia tizimlari va masofadan o‘qitish usullaridan foydalangan holda, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni egallash hamda ularni ishlab chiqarish jarayoniga faol tatbiq etishini ta’minlash.
3. Xorijiy tashkilotlar va jismoniy shaxslar buyurtmalariga asosan loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish ixtiyoriy ravishda, tuzilgan shartnoma asosida mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (keyingi o‘rinlarda vakolatli davlat organi deb ataladi) tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
5. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan malaka oshirish jarayoni sxemasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
6. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: