Avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlash
Notarius jismoniy shaxslar o‘rtasida, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar o‘rtasida hamda yuridik shaxslar o‘rtasida tuziladigan avtomototransport vositalarini va boshqa o‘ziyurar mashina hamda mexanizmlarni, ularning nomerli agregat va tirkama, yarim tirkamalarini boshqa shaxsga o‘tkazish (oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish, renta) va boshqa turdagi bitimlarni tasdiqlaydi. Bunday bitimlarni tasdiqlashda har bir fuqaro yoki yuridik shaxs xohlagan notariusga murojaat qilishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi 38-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq avtomototransport vositalari bilan bog‘liq oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish, renta, ijaraga berish, tekin foydalanish, garovga qo‘yish, lizing shartnomalarini notariuslar tomonidan notarial tartibda tasdiqlash faqat qat’iy hisobda turadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega bo‘lgan, “Davlat belgisi” DICHBda tayyorlanadigan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshiriladi.
Bunda, boshqa shaxsga berish bo‘yicha bitimning birinchi nusxasi gerbli (maxsus) blankada rasmiylashtiriladi. Gerbli (maxsus) blankadagi avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni notarial tartibda tasdiqlanganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda gerb yig‘imi undiriladi. 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga avtotransport vositalari, 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga mototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqarolarga tegishli avtomototransport vositasini boshqaga o‘tkazish bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda talab qilinadigan hujjatlar:
mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (transport vositalarini qayd qilish guvohnomasi, avtomototransport vositasining raqamli agregatlari uchun DYHXX organlari yoki traktorlar, o‘ziyurar shassilar, traktor tirkamalari va o‘ziyurar yo‘l qurilish mashinalari uchun “O‘zdavtexnazorat” tomonidan berilgan belgilangan shakldagi ma’lumotnoma);
agar avtomototransport vositasi erning yoki xotinning umumiy birgalikdagi mulki bo‘lgan hollarda, erning va (yoki) xotinning avtomototransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazishga roziligi to‘g‘risida notarius yoki O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan yozma arizasi;
bitimlar davlat bojining imtiyozli to‘lanishiga huquq beruvchi qarindosh bo‘lgan shaxslar o‘rtasida tuzilayotgan bo‘lsa, ularning qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar;
yo‘l-transport hodisasi natijasida shikastlangan avtomototransport vositasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud-ekspertiza muassasalarining mutaxassislari, bunday muassasalar bo‘lmagan viloyatlarda esa “O‘zavtotexxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiruvchi tashkilotlarning xulosasi;
davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat (to‘lov topshiriqnomasi, kvitansiya);
merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomaga asosan transport vositasini qayd etish guvohnomasi berilgan bo‘lsa, merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma.
Yuridik shaxsga tegishli avtomototransport vositasini boshqaga o‘tkazish bilan bog‘liq bitimni tasdiqlashda talab qilinadigan hujjatlar:
yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari; yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma;
mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (transport vositalarini qayd qilish guvohnomasi, avtomototransport vositasining raqamli agregatlari uchun DYHXX organlari yoki traktorlar, o‘ziyurar shassilar, traktor tirkamalari va o‘ziyurar yo‘l qurilish mashinalari uchun “O‘zdavtexnazorat” tomonidan berilgan belgilangan shakldagi ma’lumotnoma);
yuridik shaxs vakolatli organining avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi hujjati (qaror, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo); vakilning vakolatini tasdiqlovchi hujjat (ishonchnoma);
qoldiq balans qiymati to‘g‘risida ma’lumotnoma; yuridik shaxsning sof aktivlari haqida ma’lumotnoma (avtomototransport vositasi yuridik shaxs balansida bo‘lsa);
mulkdorning roziligi (agar yuridik shaxsga avtomototransport vositasi operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli bo‘lsa);
davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat (to‘lov topshiriqnomasi, kvitansiya);
taraflar o‘rtasida hisob-kitob qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (hisob-kitob kechiktirilgan hollar bundan mustasno).
Hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 2022-yil uchun Davlat budjeti loyihasi va Budjetnomada kiritildi.
Hujjatga ko‘ra, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini to‘laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022-yil 1-yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilidi.
Unga muvofiq, avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qat’i nazar BHMning 3 barobari (810 ming so‘m) etib belgilanadi. Amalda BHMning 2 barobaridan 10 baravarigacha (540 ming so‘mdan — 2,7 million so‘mgacha) miqdorda belgilangan.
Amaldagi tartibga asosan ot kuchi 105 bo‘lgan va ishlab chiqarilgan sanasi 3 yildan ko‘p bo‘lmagan Nexia avtomobilini oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun o‘rtacha 5 million 535 ming so‘m xarajat talab qilinayotgan bo‘lsa, qonunchilikka yuqoridagi o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng (2022-yildan) bu xarajatlar taxminan 4 million so‘mga kamayib, 1,6 million so‘m atrofida bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |