Muqayyad (qaydli) qofiya Ogahiy she’riyatida kam qo‘llangan qofiya turlaridan sanaladi. Qisqa unlidan keyin keluvchi qo‘sh undosh bilan tugallangan bu xil qofiyalar, ayniqsa, lirik she’riyat uchun nomaqbul, zero, banday qofiya asosida yozilgan lirik she’rlar, xususan, g‘azallar ashula qilib kuylash uchun noqulay. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Ogahiy o‘z lirikasida muqayyad qofiyaga murojaat qilmagan. Ushbu qofiya turini shoir masnaviylarida kuzatishimiz mumkin. Xususan, uning “Ta’viz ul-oshiqin” devonidan o‘rin olgan manzumalaridagi
Ko‘rgay oning ayshiyu ranjini teng,
Bilgay oning fikriyu ganjini teng.
... Muhayyo aylabon yuz nav’ rang ham,
Zamoni qilmayin tun-kun darang ham
baytlarigina shu xil qofiyaga asoslangan.
Muassas qofiya ham Ogahiy she’riyatida kam qo‘llangan. Bunga sabab cho‘ziq “o” unlisi, undan keyingi undosh, qisqa unli va undosh raviydan tashkil topuvchi ushbu qofiya turining nisbatan murakkabligidir, albatta. Shoir o‘zining 10 tagina lirik she’rini muassas qofiya asosida yaratib, so‘zlarning bu xil ohangdoshligi asosida ham dilbar she’riy obidalar yaratish mumkin ekanligini namoyish etdiki, uning qalamiga mansub
Talab yo‘lida kimni sidq ila ixlosi komildur,
Hamisha shohidi matlubining vaslig‘a vosildur.
Kamol avji uza farrux yuzing mehri saodatdur,
Latofat bog‘ida zebo qading sarvi nazokatdur.
Maskan aylamish ul yuz uzra chashmi sohirlar,
Vah, nedin ekan kirmish jannat ichra kofirlar
kabi matla’li dilrabo g‘azallar,
Har kimki tariqi ishq aro sodiq emas,
Oshiqlik oningdek kishiga loyiq emas.
Har nechaki cheksa tun-u kun oh-u fig‘on,
Bilgilki, jamoli yorg‘a oshiq emas.
Ey yor, sango Tangri taborak bo‘lsun,
Navro‘z ila toza yil muborak bo‘lsun.
Ahbob sarafroz o‘lubon lutfingdin,
A’do boshi mankubi balorak o‘lsun
kabi purmazmun ruboiylar,
Kichiklikda adl aylamak irtikob,
Bil, osori izzu jalolatdurur.
Sitam rasmini aylamak mun’adam,
Jahonda nishoni talofatdurur
kabi teran ma’noli qit’alar fikrimizning dalili bo‘la oladi.
Murdaf va mujarrad qofiyalarning Ogahiy ijodida qo‘llanish nisbati janrlar xususiyati bilan belgilanadi. G‘azallarda murdaf qofiya 61 fozni, mujarrad qofiya esa 34 foizni tashkil etsa, ruboiylarda murdaf qofiya ko‘lami 79 foizga ko‘tarilib, mujarrad qofiya esa 20 foiznigina tashkil etadi. Bu shundan dalolat beradiki, san’atkor shoir ruboiy janridagi asarlarini yaratar ekan, ularning salobatli va jarangdor ohangini ro‘yobga chiqarish uchun murdaf qofiya imkoniyatlaridan kengroq foydalanadi. Jami 73 ruboiyning 54 tasida qo‘llangan murdaf qofiyalarda raviydan oldin kelgan cho‘ziq unlilar asarlarga alohida joziba va musiqylik bag‘ishlaydi.
Masnaviylarning qofiya xususiyatlarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, yuqorida ta’kidlangan hodisaning aksiga duch kelamiz. Liro-epik asarlarni yaratishda shoir murdaf qofiya bilan bir vaqtda mujarrad qofiyaga ham ko‘proq e’tiborni qaratadi. Masalan, masnaviylarning jami 969 baytidan 487 tasi murdaf (50 fozi), 405 tasi (42 fozi) mujarrad qofiya asosida bitilgan. Buning sababi esa masnaviylarda har ikki xil: ham sokin, mayin, ham salobatli ohanglarning deyarli teng holda almashinib borishidir. Shu tufayli bu xil asarlarda muqayyad va muassas qofiyalar ham lirik she’riyatga nisbatan kengroq qo‘llanadiki, ta’kidlangan 969 baytdan 44 tasining (4, 5 foizi) muqayyad, 33 tasining (3,5 foizi) muasas qofiyaga asoslanganligi fikrimiz dalili bo‘la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |