Noan’anaviy monarxiya cheklangan monarxiya shakli sifatida ko‘p uchramaydigan davlat shakli bo‘lib, davlat boshqaruvi amaliyotida faol rivojlanmagan. Ushbu boshqaruv shakli monarxiyaning boshqa turlaridan farqli o‘laroq, ayrim o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Noan’anaviy monarxiyada ham respublika, ham monarxiya shaklining elementlari uyg‘unligi namoyon bo‘ladi. Birlashgan Arab Amirligi yetti amirlik – Abu Dabi, Dubay, Sharja, Ajman, Um mul-Qayvayn, Al-Fujayra va Ra’s ul-Xaymadan iborat bo‘lib, hokimiyatning oliy organi – amirliklarning shayxlaridan iborat Oliy kengash hisoblanadi. Mazkur kengash a’zolari 5 yil muddatga davlat boshlig‘i – Oliy amirni saylaydilar. Uning monarxiya boshqaruv shakliga xos xususiyati shundaki, Oliy amir faqatgina yetti amirlik rahbarlaridan va kelajakda shu amirlarning taxt merosxo‘rlaridan saylanadi. Amir lavozimi esa faqatgina yagona avlod va uning merosxo‘rlariga tegishlidir. Hukmdorning taxtni egallashi jarayoni xalqning irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holda shakllantiriladi, bu esa, o‘z navbatida, monarxiyaga xos xususiyat kasb etadi.
Mazkur boshqaruv shaklining respublikaga oid jihati shundaki, Oliy amir saylov yo‘li bilan belgilanib, u muayyan davrgacha vakolatli hisoblanadi. Demak, saylovning mavjudligi va muayyan muddatning o‘rnatilganligi respublikaga xos bo‘lgan xususiyatdir.
Malayziya davlati misolida quyidagilarni ko‘rish mumkin: davlat boshlig‘i – Oliy hukmdor (podshoh, 2001-yil 12-dekabrdan Sulton Tuanku Said Nutra Jamolullayl) 9 malayya shtati sultonlari kengashida yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Bunda uning tor doiradagi shaxslar tomonidan saylanishi hamda davlat boshlig‘i lavozimiga faqat sulton va uning qavm-qarindoshlari tarkibidan nomzodlar taqdim etilishi monarxiyaning belgisi sifatida e’tirof etilsa, saylov institutining mavjudligi hamda muayyan davriy muddatga vakolat berilishi esa respublika boshqaruv shaklining ko‘rinishi hisoblanadi.
Davlat boshqaruvining respublika shaklida davlat hokimiyati va boshqaruvning oliy organlari bevosita xalq tomonidan yoki xalq saylagan organlar tomonidan saylab qo‘yish yo‘li bilan tuziladi va uning vakolati muayyan muddatga belgilanadi. «Respublika» lot. respublika – «jamoa ishi», «xalq ishi», davlat degan ma’noni anglatadi. Respublikaning asosiy belgilari – hokimiyat oliy organlarining saylab qo‘yilishi, hokimiyat vakolatlarining taqsimlanishi, qonunlarning bajarilishini nazorat qiluvchi organ – sudlarning mavjudligi, fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda bevosita va bilvosita ishtirok etishi.
Jamiyat taraqqiyoti tarixida respublika shaklidagi davlat boshqaruvining bir necha ko‘rinishlari ma’lum. Afina davlatida (mil. av. V – IV asrlar) boshqaruvning demokratik respublika shakli mavjud bo‘lgan. Unda afinalik erkin fuqarolarning qulga aylanishiga yo‘l qo‘yilmasdi. Bu respublikada ijtimoiy raqobat, qulga egalik qilishning maxsus tartibi, jamoa qulchiligi mavjud edi. Shuningdek, Afinada davlat boshqaruvining birmuncha samarali tizimi faoliyat ko‘rsatgan.
Sparta (mil. av. V – IV asrlar) va Rim davlatlari (mil. av. V – II asrlar) aristokratik respublikalar bo‘lgan. Ular davlat sifatida aksariyat aholining aristokratiya, nufuzli kiborlar qismining manfaatlarini ifodalagan. Shuningdek, shahar-respublikalar ham mavjud bo‘lib, ularda fuqarolarning erkinliklari va xususiy mulk munosabatlarining erkinligi tan olingan. Shahar-respublikalar Florensiya, Venetsiya – Italiyada; Novgorod, Pskov – Rossiyada va Germaniya, Fransiya, Angliyada ham bo‘lgan.
Respublika hozirgi dunyoda keng tarqalgan davlat boshqaruv shakli bo‘lib, uning ikki ko‘rinishi mavjud: 1) prezidentlik respublikasi; 2) parlamentar respublika.
Do'stlaringiz bilan baham: |