Qadimgi Hindiston davlati. Bundan 4000 yil ilgari Hind havzasida vujudga kelgan Xarappa va Mohenjo-Daro (hozirgi nomlari, ularning qadimgi nomlari yetib kelmagan) qadimgi sivilizatsiyaning katta shaharlari hisoblangan. Arxeologik qazishmalarning guvohlik berishicha, miloddan avvalgi III ming yilliklarda bu yerda shaharlar hunarmandchilik markazlari sifatida maydonga chiqqan, dehqonchilik va savdoning rivojlanishi, mulkiy tabaqalashuv kuchaygan.
Miloddan avvalgi II ming yillik o‘rtalarida ilk hind shahar-davlatlari va madaniyati tushkunlik davrini boshidan kechirgan. Uning markazlari inqirozga yuz tutgan. Bu jarayon shimoliy-g‘arbdan hind-ariy qabila- larining kirib kelishi bilan nihoyasiga yetgan.
Miloddan avvalgi II ming yillikning o‘rtalaridan I ming yillikning birinchi yarmigacha bo‘lgan davr tarixshunoslikda veda1 davri deb yuritiladi va Hindiston tarixining aynan shu bosqichida sinfiy jamiyat va davlatning tashkil topishi yuz bergan. Ishlab chiqarish sohasidagi ulkan yutuqlar jamiyatning tabaqalashuviga olib kelgan.
1Izoh: Vedalar – gimnlar, qo‘shiqlar, afsunkor va diniy duolardan iborat katta to‘plam. Bunday to‘plamlardan 4 tasi: Rigveda, Samaveda, Yajurveda va Atxarveveda saqlanib qolgan. Eng qadimgi qismlari miloddan avvalgi II ming yillikka mansubdir.
Ijtimoiy tengsizlikning kuchayishi bilan qabilaning saylab qo‘yila- digan harbiy boshlig‘i – roja barcha boshqaruv organlarini o‘ziga bo‘ysundirib, mansabning meros tariqasida o‘tishiga erishadi. Rojaning saylanishiga ta’sir ko‘rsatgan xalq majlislarining roli ham rojalar hukmronligi kuchayishi bilan kamaya boshlagan. Ular rojalarning yaqinlaridan iborat zodagonlar majlisi bo‘lib qolgan.
Qabilaviy boshqaruv organlari asta-sekin davlat organlariga aylantirilgan. Davlat boshqaruvining yuqori lavozimlariga katta zodagonlar tayinlangan. Zodagonlar orasida podsholik kohini – puroxita, munajjim va roja maslahatchisi ham bo‘lgan. Qabilaning ko‘ngilli qo‘shini harbiy boshliq (senani, senapati) boshchiligidagi doimiy qo‘shinga o‘sib chiqqan. Shu tariqa urug‘-qabila tuzumi o‘rnini davlatchilik tuzumi egallagan.
Ta’kidlash kerakki, Qadimgi Hindistonda ilk davlat birlashmalari miloddan avvalgi I ming yillikda sodda qabilaviy davlatchalar shaklida tashkil topgan. Taxminan miloddan avvalgi IX–VIII asrlarda ancha yirik davlatlar tashkil topa boshlagan. Miloddan avvalgi VI asrgacha shimoliy Hindistonda juda ko‘p podsholiklar mavjud bo‘lgan. Masalan, Gang havzasining o‘zida 16 ta mayda davlat bo‘lib, ulardan biri – Magadxa shu davrning eng yirik va kuchli davlati bo‘lgan. Ayniqsa, miloddan avvalgi VI–III asrlarda Mauriylar sulolasi davrida bu davlat deyarli butun Hindiston hududini birlashtirib, juda qudratli davlatga aylanadi. Uning asoschisi grek-makedon bosqinchilariga qarshi kurashda xalq harakatlariga boshchilik qilgan mashhur hind arbobi Chandragupta (mil. avv. 321–298-y.)dir.
Mauriylar sulolasi hukmronligi alohida bosqich sifatida qaraladi. Bu davrda ko‘pgina davlat institutlariga asos solingan. Shunday bo‘lsa-da, u turli davrlarda turli xalqlar va qabilalarning yig‘indisidan iborat bo‘lib kelgan. Natijada, kuchli qo‘shin va mustahkam boshqaruv apparati bo‘lishiga qaramay, davlat birligini saqlay olishmagan. Keyingi davrni qadimgi Hindiston tarixida ancha beqaror davr deyish mumkin.
Miloddan avvalgi II asrda Hindiston bir qancha mayda davlatlarga bo‘linib ketadi. Miloddan avvalgi 190-yillarda uni Yunon-Baqtriya podsholaridan Demetriy qo‘shinlari, 100-yillarda saklar (skiflar) bosib oladi. Shimoliy Hindistonda Hind-Skif davlati vujudga keladi.
Yangi era arafasida Shimoliy-G‘arbiy Hindistonga Parfiya qo‘shin- lari bostirib kirgan. Keyinchalik bu yerni Kushonlar bosib olgan. Kushon- lar davrida Hindiston kuchli davlatga aylanadi. Kushonlar milodning III asrigacha hukmronlik qilganlar.
III asrdan boshlab Gang vohasidagi Magadxa davlati yana kuchayadi. Uning asoschisi Gupta bo‘lib, sulola ham shu nom bilan atalgan. Magadxa davlati Guptaning nabirasi Chandragupta I davrida (320–335- y.) Osiyodagi eng qudratli davlat bo‘lib, uning vafotidan keyin parchalanib ketgan.
asr oxirida Hindistonga shimoli-g‘arbdan kidariylar, so‘ng eftalitlar bostirib kirgan.
asrga kelib Hindistonda guptalar tuzgan davlat yana mayda davlatlarga bo‘linib ketadi. Shu tariqa Hindistonning qadimgi tarixi o‘z nihoyasiga yetadi.
Qadimgi hind jamiyatining ijtimoiy tabaqalanishi sinflar (quldorlar va qullar) shakllanishiga emas, balki alohida toifalar – varna1larning vujudga kelishiga bog‘liq. Qadimgi Hindistonda quyidagi varnalar mavjud bo‘lgan: braxmanlar, kshatriylar, vayshiylar, shudralar2. Ulardan braxmanlar va kshatriylar hukmron mavqeni egallaganlar. Vayshiylar va shudralar imtiyozsiz varnalar hisoblanadi. Jamiyatda eng xo‘rlangan kishilar – chandallar deb yuritilgan. Undan tashqari shudralardan juda kam farq qiluvchi qullar – dasalar ham mavjud bo‘lgan.
Har bir varnaning yashash tarzini belgilovchi o‘z qonuni – dxarmasi o‘rnatilgan. Bir varnadan ikkinchisiga o‘tish taqiqlangan. Jinoiy jazo yuqori varna vakillariga ancha yengillik bergan.
Milodning I asrlarida feodal munosabatlar tashkil topa boshlaydi. Bu davrda varnalarning kasta (tabaqa)larga aylanish jarayoni vujudga kelgan. Kastalar ijtimoiy guruhlarga – tabaqalarga aylangan. Qullar manfaati davlat tomonidan qonun yo‘li bilan himoyalangan.
Davlat tuzumida ilk shahar-davlatlarning hukmdorlari – rojalar yer, din, soliq, harbiy boshqaruv va tashqi xavfsizlik ishlari bilan shug‘ullanganlar. Dastlabki davrlarda saylangan rajalar, vaqt o‘tishi bilan barcha podsholiklarda meros tariqa o‘tuvchi hokimiyatga egalik qilganlar. Podsho saylovchi oqsoqollar kengashi monarx huzuridagi masla-
hatchi organ – parishadgaaylanib borgan.
1Izoh: Ularni ko‘pincha portugalliklar iborasi bilan «kasta» deb ataydilar. Lekin, bu nom hindlarning «jati»siga to‘g‘ri keladi. «Jati» yanada ko‘proq parchalangan biqiq guruhlarni, o‘zlariga biror kasbni tanlab olganlarning shunday guruhlarini bildiradi.
2Izoh:Braxmanlar – din homiylari, kohinlar (Oliy xudo – Braxman); kshatriylar – harbiylar, hukmdorlar; vayshiylar – dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar; shudralar – xizmatchilar, kambag‘allashgan dehqonlar hamda ozodlikka chiqarilgan qullar.
Davlat boshlig‘i knazliklar doirasida – roja, umummiqyosda esa podsho hisoblangan. Taxt meros tariqasida o‘tgan. Podsho hayotligidayoq merosxo‘r tayinlangan. Mauriylar davrida podshoga «chakravartina» – yagona hukmdor deb qarash rasmiylashgan.
Podsho davlat boshqaruv tizimining cho‘qqisida turgan. Moliya va sud ma’muriyatiga boshchilik qilib, eng oliy sudya hisoblangan. Davlat amaldorlarini lavozimga tayinlagan va lavozimidan ozod etgan. Podsho hokimiyati jamoaning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga qadar bo‘lib, despotik xarakterda bo‘lmagan. Manu qonunlariga ko‘ra, uning asosiy majburiyati fuqarolarni qo‘riqlash va obodonlashtirish bo‘lgan.
Podsholar qonun (edikt) chiqarish vakolatiga ham ega bo‘lgan. Miloddan avvalgi III asrda Mauriylardan Ashoka (mil. avv. 293–268-y.) davriga kelib hukumat farmonlari vedalar qatori huquq manbalari qatoridan o‘rin olgan.
Podsho maslahatchilari (mantrinalar, maxamatralar) alohida mavqega ega bo‘lib, ulardan iborat tartibda parishad tuzilgan. Parishadning tarkibi aniq o‘rnatilmagan, a’zolari asosan harbiy va diniy zodagonlardan iborat bo‘lgan. U ikkinchi darajali ishlar yuzasidangina mustaqil qarorlar qabul qilgan. Mauriylar sulolasi davrida u butun boshqaruv tizimini tekshirish va podsho buyruqlarini bajarish funksiyalarini egallagan. Podsho u bilan hisoblashishi lozim bo‘lgan.
Parishaddan tashqari maxfiy kengash ham mavjud bo‘lib, u ishonchli kishilardan iborat tarkibda tuzilgan. Favqulodda holatlarda va kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni hal etishda ikkala kengash a’zolari birgalikda yig‘ilishi mumkin edi.
Mamlakat boshqaruvida barcha sohalarni boshqaruvchi amaldorlar tayinlana boshlagan. Mansablar asosan tayinlash va meros bo‘yicha egallangan. Mansabdor shaxslar faoliyati podshoning maxsus ayg‘oqchilari tomonidan tekshirish va nazorat etish maqsadida kuzatib borilgan.
Podsho va saroy xo‘jaligi maxsus guruh tomonidan yuritilgan.
Iqtisodiy soha adxyakshalar tomonidan tartibga solingan.
Mauriylar imperiyasining ma’muriy hududiy tuzilishi va mahalliy boshqaruv tizimi haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra, yirik davlatning faqat bir qismigina bevosita podsho va saroy boshqaruvida bo‘lgan. Davlat hududi asosiy va oddiy provinsiya (janapad)lar, viloyat (pradesh)lar va okrug (axala)larga bo‘lingan. Asosiy provinsiyalar to‘rtta bo‘lib, shahzodalar tomonidan boshqarilgan. Provinsiyalar ma’lum mustaqillikka ega bo‘lishgan. Asosiy provinsiyalarda mahalliy amaldorlar shahzodalar
tomonidan taftishchilarni jo‘natish orqali tekshirib turilgan. Hukmdorning vazifalariga hududini himoya qilish, tartibni saqlash, soliqlarni yig‘ish, qurilish ishlarini ta’minlash kabilar kirgan.
Janapadlar tepasida yirik davlat amaldorlari – rajuklar turgan. Kichikroq hudud – okruglarga okrug boshliqlari rahbarlik qilgan. Okrug boshlig‘ining zimmasiga qishloq ma’muriyati ustidan nazorat qilish majburiyati yuklangan. U shahardan daromad olgan.
Qishloq viloyatlarining 4 ta turi mavjud bo‘lib, ular 800, 400, 200 va
100 ta qishloqni o‘z ichiga olgan. Okrugning asosiy shaharlarida devonxonalar bo‘lib, u yerdan butun okrugga farmoyishlar jo‘natilgan.
Eng quyi ma’muriy birlik – qishloq-jamoa (gana)lar oqsoqollar tomonidan boshqarilgan. Jamoaning muhim masalalari jamoa yig‘inlari orqali hal etilgan.
Qadimgi Hindistonning sud tizimida podsholik va ichki jamoa sudlari faoliyat ko‘rsatgan. Oliy sud instansiyasi podsho yoki u vakolat bergan 3 sudyadan iborat maxsus sud hay’ati (sabxa) tomonidan amalga oshirilgan. Podsho oliy sudya sifatida har yili amnistiya e’lon qilish huquqiga ega bo‘lgan.
Barcha ma’muriy hududiy birliklarda 3 sudyadan iborat sud hay’atlari tuzilgan. Bundan tashqari jinoyat ishlarini maxsus sudyalar ko‘rib hal etgan. Bugungi kundagi singari ichki ishlar idoralarining funksiyalari shahar hokimiyat organlari tomonidan amalga oshirilgan. Ko‘pgina ishlar norasmiy kastali sudlarda ko‘rib hal qilingan.
Davlatning rivojlanishida qo‘shin katta rol o‘ynagan. Qo‘shin doimiy jangchilar, yollanganlar va alohida birlashmalardan iborat tartibda to‘ldirilgan. Qo‘shin jamoat tartibini saqlash funksiyasini ham bajargan. U davlatning butunligini himoya qilishga doimo hushyor turishi lozim bo‘lgan. Shuning uchun harbiy bo‘linmalar qishloqlarga joylashtirilgan. Olingan o‘ljalarning asosiy qismi jangchilar o‘rtasida taqsimlangan.