Odil Yoqubov — 1926-yili Qozogʻistonning Turkiston tumanidagi Qarnoq qishlogʻida ziyoli oilada tugʻilgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, urushda qatnashish uchun yoshini katta koʻrsatib, Yaponiya frontiga joʻnagan. 1945-yildan 1950-yilgacha haqiqiy harbiy xizmatda boʻldi. 1951–1956-yillar mobaynida Oʻrta Osiyo Davlat Universiteti (hozirgi Milliy universitet)da taʼlim olgan. „Literaturnaya gazeta“ning Oʻzbekiston boʻyicha muxbiri, Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi raisi, „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi bosh muharriri va boshqa mas’ul vazifalarda ishlagan.Yoqubov 1985-yil Oʻzbekiston xalq yozuvchisi ordeni bilan taqdirlangan. Oʻzbekiston milliy universiteti filologiya fakultetini tugatgan (1956). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1955-59), „Literaturnaya gazeta“ning Oʻzbekistondagi maxsus muxbiri (1959-63; 1967-70), „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasi va Oʻzbekiston davlat kinematografiya qoʻmitasida bosh muharrir (1963-67), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʻrinbosari (1970-82), „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazeta bosh muharriri (1982-87), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi kotibi (1987-91), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qoʻmitasi raisi (1991 yildan) va ayni vaqtda Markaziy Osiyo xalklari madaniyati Assambleyasining birinchi vitseprezidenti (1995 yildan). Dastlabki asari- „Tengdoshlar“ qissasi 1951 yilda eʼlon qilingan. „Dastlabki qadam“ (1953), „Ikki muhabbat“ (1955) hikoyalar toʻplami, „Tilla uzuk“ (1961) qissa va hikoyalar toʻplamida muhabbatni insonga xos ulugʻ, muqaddas hislat sifatida tasvirlaydi. „Muqaddas“ qissasida (1960). Yozuvchining chinakam yozuvchiga xos uslubi va yoʻli namoyon boʻldi. Mazkur asarda xudbinlik yoʻliga tusha boshlagan yigitning toʻgʻri yoʻlga qaytishi masalasi qalamga olingan. „Er boshiga ish tushsa…“ romani (1966) Ikkinchi jahon urushi davridagi front orqasidagi hayot, mehnat qahramonliklari, xalqimizning vatanparvarligi va mardligi haqida. „Bir felyeton qissasi“ (1961), „Qanot juft boʻladi“, „Matluba“ (1970) qissalari va koʻpgina hikoyalarida yoshlarning turmushda yuz bergan ziddiyatlarga qarshi mardonavor kurashi, muhabbati tasvirlangan. „Ulugbek xazinasi“ romani (1973) olim va hukmdor Ulugbek davridagi ijtimoiy munosabatlar, olis oʻtmishimizdagi nur va zulmat oʻrtasidagi kurash haqidagi asardir. Romanda ayanchli takdirlar, fojialar koʻp, ammo optimistik ruh- inson tafakkuri va ezgulikning tantanasiga ishonch bor. „Koʻhna dunyo“ (1982) romanida oʻrta asrda yashab jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan olimlar Ibn Sino va Beruniyning fojiali taqdiri qalamga olingan. „Diyonat“ (1977), „Oq qushlar, oppoq qushlar“ (1988), „Adolat manzili“ (1998) romanlarida oʻzbek xalqining 20-asrning 60-70 yillaridagi hayoti va kurashi manzaralari haqqoniy tasvirlangan. Garchi bu asarlarning asosiy qahramonlari turli sohalarning vakillari, harakterlari ham turlicha boʻlsada, taqdirlari, maqsad va intilishlari bilan birbirlariga oʻxshaydilar. Ular nopob tuzumda yashab koʻp nohaqliklarni, fojialarni boshdan kechirgan, ammo tinmay mehnat qilgan va kurashgan, milliy mustaqillik poydevorini qurgan, mustahkam irodali, mard va olijanob insonlardir. Yoqubov mazkur romanlari bilan oʻzbek nasridagi ijtimoiy ruh, keskin konflikt, harakterlar, psixologizmni sezilarli darajada kuchaytirdi, uni yangi harakterlar, yangi badiiy xulosalar bilan boyitdi. Yoqubov „Chin muhabbat“ (1955), „Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi“, „Yurak yonmogʻi kerak“ (1958), „Olma gullaganda“ (1961), „Muzaffar Temur“ (1996), „Bir koshona sirlari“ (2000) kabi pyesalar, „Dilbarim“, „Baqor yomgʻirlari“ kinossenariylari (1971) muallifi. Yoqubov mohir tarjimon, munaqqid, publitsist. Uning Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov va boshqalar ijodiga bagʻishlangan adabiy portret va maqolalari bor. Asarlari chet tillarga, shuningdek, qardosh turkiy xalqlar tillariga tarjima qilingan. Yoqubov ijodi haqida adabiyotshunoslar Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Leonid Terakoyan, Umarali Normashov, Norboy Xudoyberganov, Botir Norboyev va boshqalar ilmiy tadqiqot ishlari qilishgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureata (1977), "Doʻstlik" (1994), "El-yurt hurmati" (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |