Odam tana suyaklari (skeleti): umurtqa pog‘onasi, 12 juft qovurg‘a va to‘sh suyagi, kalla suyaklaridan; qo‘l va oyoq suyaklaridan iboratdir.
Tana suyaklari. Odamda tana suyaklariga 33 yoki 34 ta umurtqaning birikishidan hosil bo‘lgan umurtqa pog‘onasi, 12 juft qovurg‘alar va to‘sh suyagi kiradi. Demak, umurtqa pog‘onasi ko‘krak qafasi bilan birgalikda tanani tashkil qilar ekan. Qovurg‘alar orqada boshchalari vositasida ko‘krak umurtqalariga birikib, oldindan esa tog‘ay qismi bilan to‘sh suyagiga birikib, butun bir ko‘krak qafasini hosil qiladi. Tana haqida gap ketganda, umurtqa pog‘onasi, umurtqa kanali, umurtqa kanalining sog‘lom va patologik (skoliozli) qiyshayishi haqida umumiy ma’lumotga ega bo‘lish maqsadga muvofiqdir.
Umurtqa pog‘onasi odam tanasi uchun tayanch (vertikal holat) vazifasini bajaribgina qolmay, balki u markaziy nerv tizimi hisoblangan orqa miyani umurtqa kanalida saqlab, tashqi ta’sirdan himoya qiladi hamda gavdaning va boshning harakatida faol ishtirok etadi. Umurtqa pog‘onasining uzunligi erkaklarda 75 sm gacha, ayollarda 70 sm gacha bo‘lib, u ustma-ust joylashgan 7 ta bo‘yin umurtqasidan, 12 ta ko‘krak, 5 ta bel, 5 ta dumg‘aza va 4–5 ta dum umurtqalaridan tashkil topgan. Umurtqa kalla, tana og‘irliklarining tushishiga qarab, ko‘krakdan dumg‘azagacha (ayniqsa, bel sohasida) kattalashib, tanalari va o‘siqlari baquvvatlashib boradi. Shuning uchun ham faqat kalla og‘irligi tushadigan bo‘yin umurtqalari eng nozik va kichkina umurtqalardir. Bu holat a’zo shakli va hajmi uning vazifasi bilan bog‘liqligidan dalolat beradi. Umurtqalar orasidagi yumshoq tog‘ay disk esa kunduzgi og‘ir jismoniy mehnatdan so‘ng qisqarib (ezilib), kechqurun 8–10 soat uxlab dam olib turgach, yana cho‘zilib, o‘z holiga kelishi aniqlangan.
Shuning uchun ham, ertalab odam bo‘yi bir ikki santimetrga uzayishi, kechqurun esa qisqarishi kuzatilgan.
Sog‘lom odamlar umurtqa pog‘onasida oldinga va orqaga chiqqan sog‘lom me’yoriy egriliklar mavjuddir. Yosh bola (3–5 oylik) boshini tutib harakat qila boshlaganda, bo‘yin umurtqalarining oldingi egilishi (bo‘yin lordozi) hosil bo‘la boshlaydi, bola o‘tira boshlagan davrdan esa (6–8 oyda) umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismi orqaga egilishi (ko‘krak kifozi) paydo bo‘ladi, bola yura boshlagan davrdan esa (1 yoshda) bel oldingi egilishlari (bel lordozi) hosil bo‘la boshlaydi. Shunisi diqqatga sazovorki, umurtqa pog‘onasining yuqoridagi (oldinga va orqaga) egilishlari barcha o‘sib kelayotgan yosh bolalar uchun sog‘lom holatdir. Umurtqa pog‘onasida yon tomonlarga chiqqan egriliklar esa patologik egilishlar bo‘lib, bu asosan bog‘cha va maktablarda o‘tirish, harakat gigiyenasining buzilishi bilan baholanadi, bunda bola shifokor maslahati va yordamiga muhtoj bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |