Oda miyli k mul ki ( I - qis m)
Tohir Malik
66
library.ziyonet.uz/
koʻrsatildi. Shu tomoshada bir voqea bor: Hamzaning rus xotini homilador boʻladi.
Oʻzbek ayollari uni oʻrab olishib qiynashadi... Bu fojiani koʻrib dahshatdan seskanib
ketdim. Dahshat oʻzbek ayollarining zulmida emas, dahshat yolgʻonning ekranda bu
qadar uyatsizlarcha aks etishida edi. Men oʻsha paytda Moskvada, rus adiblari bilan
dasturxon atrofida oʻtirgan edim. Yer yorilmadi, yerga kirib ketmadim. Hamkasblarga bu
voqeaning tuhmatdan iborat ekanini aytmoqqa chogʻlanganimda ulardan biri
mushkulimni oson qildi: «Homilador ayolni faqat aqldan ozgan erkak qiynashi mumkin.
Aqldan ozgan ayol ham homiladorga bunaqa zulm qilmaydi», dedi. Bu voqeani
eslashimdan maqsad: fitratida mehr boʻlgani uchun onalardan zulm kutmaymiz.
Ammo... Qani edi, hayotda shu «ammo» boʻlmasa... Hayotda farzandidan kechuvchi
nopok onalar ham bor, onalik huquqidan mahrum qilinuvchilar ham bor. Jamiyat faqat
oʻz nafsi uchun yashayotgan, aroqxoʻr yoki fohishalarni «ona» degan sharafli nomdan
mahrum qiladi. Ayrimlar bolani tugʻib
soʻng undan yuz oʻgiradilar. Ayrimlar esa bolani tugʻilmasidan avval oʻldiradilar. Buni
tibbiy tilda «abort» deyishadi, biz «qotillik» desak toʻgʻri boʻladi. Otasini oʻldirganlar
«padarkush» deyiladi, farzandini oʻldirganlar-chi? «Farzandkush»mi? Afsuski
farzandkushlarga bu hayotda, bu jamiyatda jazo yoʻq. Qiyomatdagi jazo esa tayin.
Farzandini oʻldiruvchilar yoki kechuvchilar oʻz gunohlarini, aniqroq aytsak
buzuqliklarini berkitish uchun shunday yovuzlikni amalga oshiradilar. Johiliyat zamonida
arablar koʻp farzand koʻrsalar «boqa olmaymiz», deb oʻldirar ekanlar. Alloh bunday
bandalarga qarab: «...bolalaringizni qashshoqlikdan (qoʻrqib) oʻldirmangiz. Biz sizlarni
ham ularni ham rizqlantiramiz», deb amr qiladi. Bu oyati karima faqat oʻtmish arablariga
emas, bugun «abort» deb atalmish qotillikdan qaytmayotgan ayollarga ham taalluqli. Ana
shunday iymonsiz ayollarga Sahl ibn Hanzaliyaning (r.a.) soʻzlarini ibrat sifatida
eslatsak: u zot hech farzand koʻrmagan ekanlar. Allohga munojot qilib der ekanlarki:
«Alloh taolo menga chala tugʻilsa ham bir farzand bersa-yu, keyin uni rahmatiga olsa va
men farzand dogʻiga sabr etib, shunga Allohdan boʻladigan savobni umid qilsam, bu men
uchun butun dunyodan va undagi hamma narsalardan ham yaxshiroq boʻlar edi...»
Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida bir she’r ancha mashhur edi. Sharq afsonasi asosida
yozilgan bu she’r hatto toʻylarda ham oʻqilardi. Afsuski, keyin-keyin unutildi. She’rning
mazmuni bilan qisqa tarzda boʻlsa-da, tanishsak:
Koʻp nasldan naslga oʻtgan bir afsona bor,
Yolgʻiz ona va oʻgʻil yashar edi baxtiyor.
Balogʻat yoshiga yetgan yigit kunlardan bir kun goʻzalga oshiq boʻlib oʻzini yoʻqotadi.
Qiz yigitning sevgi izhorini eshitib: Qiz dediki yigitga: Sevging boʻlsa haqiqat, shuni
albat qilib kel: onangning yuragini menga olib kel! ...yigit boʻldi sarsari, toʻrt tomonga
yugurdi, choʻldan topib bir hayvon yuragini sugʻurdi! Shoshib, boʻlib umidvor, yoʻllarda
oqizib qon, yana qiz qarshisida boʻlgan edi namoyon. Qiz anoyilardan emas ekan,
yigitning nayrangini fahmlabdi-da: qiz oʻshqirdi va dedi: keltirmabsan menga keragini,
ket, koʻrinma koʻzimga, keltirmasang menga onangning yuragini! Yigit yana sarsari
kezadi.
Oxiri onaga boʻlgan muhabbatidan qizga boʻlgan sevgisi ustun chiqadi-da, ona koʻksiga
Do'stlaringiz bilan baham: |