O‘rta Osiyo xalqlarining mustamlakachilik siyosatiga qarshi milliy
ozodlik kurashi va uning asosiy bosqichlari
2.4. XX asr ikkinchi yarmida davlat va jamiyat qurishning “sovetcha”
ko‘rinishi hamda milliy mustaqillik va O‘zbekistonning
demokratik o‘zgarishlar sari yo‘l tutishi
Milliy istiqlol uchun kurash yo‘llari va shu yo‘ldagi maqsad mushtaraklikda bo‘lgan emas. Mustaqillikka erishish kurashlari afsuski, turlicha anglangan va unga turlicha yondashilgan. Ammo, milliy ozodlik harakatining mag‘lubiyati yoxud ko‘plab ziyoli namoyondalarning qatag‘on qilinishi, shahid bo‘lishi bilan millatning hurriyatga bo‘lgan intilishi bir soniya ham to‘xtagan emas. O‘zbek ziyolilarining mustaqillik uchun olib borgan kurashi XX asr 30-40-yillarda so‘ngra 50-60-yillarda ham turli siyosiy ko‘rinishlarda davom etib boradi.
XX asring 80-yillariga kelib, kommunistik mafkura zug‘umi ostida qatog‘onlik siyosati yangi pallaga kiradi. Markaz xodimlari tomonidan uyushtirilgan “o‘zbeklar ishi”, “paxta ishi” bilan 11 mingdan ortiq o‘zbekistonlik rahbarlar va oddiy fuqarolar ta’qib ostiga olindi, jazolandi.
Ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning ziddiyatlashuvi va hodisalarning keskinlashuvi “qayta-qurish” yillarida ham o‘z ta’sir ko‘lamini kengaytirib keldi. Natijada respublikada jamiyat yaxlitligini parchalaydigan hamda vujudga kelgan egasizlik holati fuqarolar o‘rtasida parokandalik muhitini yuzaga keltirdi, millatlararo ziddiyatlar, ba’zan to‘qnashuvlar, ayniqsa, davlat boshqaruvida qonunsizlik, boshbodoqlik holatlari vujudga keldi.
Mana shunday qaltis vaziyatda, 1989 yil 23 iyunda Islom Abdug‘anievich Karimov O‘zbekistonning birinchi rahbari sifatida o‘z faoliyatini boshladi. U qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda vujudga kelgan ijtimoiy tanglik sharoitini barqarorlashtirishga qaratilgan tubdan yangi milliy siyosatni shakllantirishga erishdi. Natijada, siyosiy beqarorlik, fuqarolar va millatlararo nizolarning oldi olindi. Davlat boshqaruvida bosqichma-bosqich demokratik tamoyillar mustahkamlandi - O‘zbekistonda mustaqil davlat tashkil etishining barcha siyosiy va huquqiy zaminlari yaratildi. Bugungi kunda u «O‘zbek modeli» sifatida tan olinmoqda.
“Mustaqillik deklaratsiyasi”ning (1990 yil 20 iyun) qabul qilinishi, uning mazmuni va mohiyati. Ushbu “Mustaqillik deklaratsiyasi” O‘zbekiston Oliy Sovetining 2-sessiyasida 1990 yil 20 iyunda qabul qilindi. Bu hujjat O‘zbekistonning mustaqillikka erishishida qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi. Bu umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan hujjat deputatlar tomonidan moddama-modda, bandma-band muhokama qilindi. “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning kirish qismida O‘zbekistonning davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan an’analari, har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlashdan iboratligi aytib o‘tildi. Birinchi moddada “O‘zbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarni belgilashda va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir”, deb qo‘yilgan. Bu Deklaratsiya o‘zbek xalqi tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi. Shu kundan boshlab respublikada O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina boshlandi. 1991 yil 17 martda referendum o‘tkazildi. Bunda O‘zbekiston Federatsiya tarkibida mustaqil, teng huquqli ekanligi aytib o‘tildi. Referendumda 9.215 mingdan ko‘proq kishi qatnashdi, 93 foiz ovoz to‘plandi. 1991 yil 15 fevralda Oliy Kengash “O‘zbekistonning davlat ramzlari to‘g‘risida” maxsus qaror qabul qildi. 1991 yil 22 iyulida Oliy Kengash “O‘zbekiston hududidagi joylashgan Ittifoqqa bo‘ysunuvchi davlat korxonalari to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Demak, “Mustaqillik Deklaratsiyasi” 13 bo‘limchalardan iborat bo‘lib, u O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan qadamlarida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Endilikda o‘zbek xalqi, millatining tepasida Islom Karimovdek dono rahbar shaxsning kelishi va davlatni oqilona boshqarishi tufayli O‘zbekiston asta-sekin o‘z iqtisodiy bo‘hronlaridan xalos bo‘lmoqda. Mustaqillik deklaratsiyasining tarixiy ahamiyati yana shundaki, bu hujjatning qabul qilinishi, o‘zbek xalqining o‘zini anglash borasidagi siyosati albatta muvaffaqiyatli kechdi. Lekin bugungi kunda ba’zi bir buzg‘unchi kuchlar O‘zbekistonni bu yo‘ldan qaytarib, iqtisodiy muammolarni chigallashtirishga harakat qilmoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |