Xotira va uning turlari.
Xotira-markaziy nerv tizimining asosiy xossalaridan biri bo’lib, voqelikning esda olib qolinishi, esda saqlanishi va esga tushirilishidir. MNS ga tushgan axborotni esda olib qolish ikki xil: ixtiyoriy va ixtiyorsiz bo’lishi mumkin. Biron narsani esda olib qolish yoki eslash uchun maxsus maqsad bo’lmagan holda esda olib qolish yana esga tushirish ixtiyorsiz hotira deb ataladi. Oldimizga bironta maqsad qo’yib esda olib qolganimizda ixtiyoriy xotira hakida gap boradi. Ixtiyoriy esda olib qolish samaraliroq bo’ladi. Biologik va ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan axborotlar, qanday kuchga ega bo’lishidan qat’iy nazar, yaxshiroq esda olib qolinadi. Voqelikni esda olib qolish xotiraning markaziy bo’g’ini hisblanadi.
Voqelikni qabul qilish, uni esda olib qolish va saqlash MNS da bo’lgan murakkab jarayonlar natijasidir. Xotiraning quyidagi turlari mavjud: naslga beriladigan (genetik) xotira, naslga berilmaydigan (individual) xotira, harakat xotirasi, obrazli, siymo xotirasi, (ob’ektning siymosi esga tushiriladi), Emotsional-hissiyot xotirasi (voqelik ma’lum bir his tuyg’uni chaqiradi), so’z mantiqiy xotira.
Harakat xotirasi turli xildagi ish-harakatlari va ularning sistemasini esda olib qolish va yana qayta esga tushirishdan iborat. Xotiraning bu turi benihoya katta ahamiyatga ega ekanligining boisi shundaki, u xuddi yurish, yozish va xuddi shu kabi malakalar bilan bab-baravar tarzda turli xil amaliy va mehnat malakalari shakllanishi uchun asos bo’lib xizmat o’iladi.
Emotsional xotira his-tuyg’uga xos xotiradir. His etilgan va xotirada saqlab qolingan tuyg’ular yohud harakatga chorlaydi, yohud o’tmishda salbiy kechinmalar sabab bo’lgan harakatlardan tiyilishga undovchi signallar tarzida amal qiladi.
Obraz xotirasi tasavvurlarni, tabiat va hayot manzaralarini, shuningdek tovushlarni, hidlarni, ta’mlarni esda olib qolishdan iborat xotira hisoblanadi. U ko’rish, eshitish, hid bilish, ta’m bilishga oid xotiradir.
Bizning o’y-fikrlarimiz so’z-mantiq xotiraning mazmunini tashkil qiladi. O’y-fikrlar nutqsiz mavjud bo’la olmaydi, shuning uchun ham ularga oid xotira ham shunchaki mantiqiy deb emas, balki so’z-mantiq xotira deb ataladi.
Xotiraning fiziologik mexanizmi. Odamlarni ongli faoliyatini muvaffaqiyati hayvonlarni moslashuvga xulq-atvorini samarasi ko’p tomonlama ularni hayot tajribalari va bilimlariga bog’liq bo’ladi. Bu bilimlarni odam va hayvonlar xotirasidan oladi. Xotirani neyrofiziologik mexanizmining asosida vaqtinchalik bog’lanish turadi. Shartli refleksni hosil bo’lishi xotirani dastlabki qismini, ya’ni eslab qolishni tushuntiradi. Ikkinchi qismi eslab qolgan narsani uzoq vaqt saqlab qolish, ya’ni esda saqlash muhimroq hisoblanadi. Shu sababli xotira deganda ko’proq ikkinchi qismi tasavvur qilinadi. Biroq olingan foydali axborotdan vaqti kelganda foydalanish uchun uni nerv bog’larida saqlanibgina qolmasdan olish imkoniyatiga ega bo’lish kerak yani eslay olish kerak.
Shunday qilib xotira tushunchasi organizmni shaxsiy hayoti davomida olgan axborotlarni ushlab qolish, saqlash va zaruriyatga ko’ra o’qiy olish jarayonlarini yig’indisini o’z ichiga oladi.
Qisqa muddatli xotira. Tibbiyot amaliyotida odamda ayrim kasalliklar davrida miyani eslab qolish qobiliyati yo’qoladi vaholanki avvval esda saqlangan narsalarni yaxshi eslaydi. Bu miyani chayqalishi, kuchli alkogolizmga uchragan odamlarda kuzatiladi.
Ruxshunoslar kuchli ruhiy iztirobga tushgan odamlar ham shu voqeadan oldingi voqealarni eslay olmaganini ko’rsatishgan. Ular ham oldin esda qolgan voqealarni yaxshi eslashadi.
Shularni hisoba olib E.Xebb (1949) xotirani qisqa va uzoq muddatli xotiraga bo’ldi. Qisqa muddatli xotirani buzilishi miyaga voqelikdan keyin kuchli ta’sir qilinishi bilan bog’liq. Hayvonlarda o’tkazilgan tajribalar asosida shu narsa aniqlandiki hayvonni biror narsaga o’qitilgandan so’ng miyasi kuchli ta’sirga uchrasa o’rganilgan narsa yo’q bo’lib ketadi, avvalgi olgan malakalari esa saqlanib qoladi. Miyaga farmokologik dorilar, narkotiklar, o’ta sovitish, kislorod bilan ta’minlanishni buzilishi kuchli ta’sir ko’rsatadi.
Tajribada sichqonlar maydonga chiqib elektr toki urgandan keyin unga chiqishdan o’zlarini olib qochadilar. Maydonchada elektr toki ta’siriga uchragan sichqonlarni dastlabki 30 s davomidagi xulq-atvori kuzatilgan. Agar sichqonni tok urgandan keyin 10 min. vaqt ichida efir narkoziga uchratilsa, maydonchadan qochuvchi shartli refleks yo’qolib, sichqon yana maydonga chiqaveradi. Efir narkozini 16-20 min o’tkazib berilsa shartli refleksni qisman buzgan 24 min.dan keyin berilgan narkoz esa hosil bo’lgan shartli refleksga mutlaqo ta’sir qilmaydi.
O’tkazilgan tajribalar natijalari shuni ko’rsatmoqdaki, tanlab qisqa muddatli xotirani yo’q qilish mumkin yoki qisqa muddatli xotirani qoldirib uzoq muddatli xotirani o’chirib tashlash mumkin ekan.
Maymunlarda o’tkazilgan tajribalar asosida quyidagi xulosaga kelindi. Qisqa va uzoq muddatli xotiralarni mexanizmlari bir-birlari bilan mustahkam bog’langan bo’lib, bir jarayonni ketma-ket davrlari hisoblanadi. Birinchi davrda xotira izi kuchsizroq, ikinchi davrda esa mustahkamroq bo’ladi.
Qisqa muddatli xotira mexanizmini ko’pchilik qo’zg’alishni neyronlarning yopiq zanjirida aylanishi bilan tushuntiradi. Buni morfologik asosi bo’lib markazda neyron bog’lanishlarida qaytar bog’lanish bog’lari mavjudligi tajribada isbotlagan (R.Lorente de No, 1934). Shartli va shartsiz ta’sirlar yuqoridagi bog’lardan o’tib neyronlarni qo’zg’atish hisobiga ularda mustahkam o’zgarishlar hosil qilib uzoq muddatli xotirani hosil qiladi. Haqiqatda qisqa muddatli xotirani buzuvchi barcha ta’sirlar impulslarni yopiq nerv zanjirlarida harakatlanishini buzadi.
Biroq keyingi tajribalarda yopiq nerv zanjirlarida qo’zg’atuvchi neyronlar bilan birga tormozlovchi neyronlar ham mavjudligi aniqlandi.
Bundan ko’rish mumkinki 1 neyronni qo’zg’alishi 2 neyronni qo’zg’atadi. 1 neyron 1 A neyron bilan yopiq zanjir hosil qiladi. Shu vaqtda 1 B neyron ham qo’zg’atiladi. 1 B neyron qo’zg’alganda 1 A neyronga tormozlovchi ta’sir ko’rsatib yopiq zanjirda impulslar harakati to’xtaydi.
Shunday yopiq zanjirda qo’zg’alish impulslarini yangi yo’llar orqali aylanishi sinapslar orqali amalga oshib vaqtinchalik sinaps bog’lanishlarini hosil qiladi. Sinapslardan qo’zg’alish o’tishining vaqtinchalik ortishini turli yo’llar orqali tushuntiriladi.
Elektro fiziologik tadqiqotlar natijasida qisqa muddatli xotira posttetanik potentsiallanish hisobiga hosil bo’ladi degan fikrlar mavjud.
Qisqa muddatli xotira mexanizmi haqida turli fikrlar bo’lishiga qaramasdan ularni hammasi neyronlarning membranalarida uzoq davom etmaydigan qaytar fizik-kimyoviy o’zgarishlar yuzaga kelishi, sinapslardagi o’zgarishlar, nerv bog’lanishlarida vaqtinchalik qayta qurilishga olib keladi. Agar yuqoridagi o’zgarishlar chuqur iz qoldirsa qisqa muddatli xotira uzoq muddatli xotiraga o’tishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |