Shartsiz va shartli reflekslar.
Oliy nerv faoliyati o’zgaruvchi tabiat va ijtimoiy sharoitlarga organizm fe’l-atvorini moslashtiruvchi shartsiz va shartli reflekslar va oliy psixik faoliyatlar majmuidir. Oliy nerv faoliyati reflektor tabiatga ega ekanligi birinchi bo’lib I.M.Sechenov tomonidan e’tirof etilgan, so’ngra bu fikr I.P.Pavlov tomonidan tajribada tasdiqlangan va miyaning oliy qismi faoliyatini baholab bera oladigan-shartli refleks usuli yaratilgan.
I.P.Pavlov barcha reflektor faoliyatlarni ikki guruhga: shartsiz va shartli reflekslarga bo’ldi.
Shartsiz reflekslar
|
Shartli reflekslar
|
1. Tug’ma, nasldan-naslga beriluvchi reaktsiya, ko’pchiligi tug’ilishi bilan o’zini namoyon qiladi.
|
1. Individual hayot natijasida orttirilgan reaktsiya.
|
2. Turga xos, ya’ni shu vakillarning hammasiga xos.
|
2. Individual.
|
3. Turg’un, butun hayot davomida saqlanib turadi.
|
3. Turg’un emas, hayot davomida hosil bo’lib, yo’qolib turadi.
|
4. MNS quyi qismlari (po’stloq osti yadrolari, miya o’zagi, orqa miya) ishtirokida amalga oshadi.
|
4. Asosan bosh miya po’stlog’i faoliyati mahsulidir.
|
5. Ma’lum bir retseptor maydonga adekvat ta’sirotlar berilganda yuzaga keladi.
|
5. Har xil retseptor maydonlarga har qanday ta’sirlar berilganda.
|
Shartsiz reflekslar oddiy va murakkab bo’lishi mumkin. Tug’ma murakkab shartsiz reflektor faoliyatlar instinkt deb ataladi. Ular zanjirli reaktsiya sifatida namoyon bo’ladi.
Shartli refleks ko’p komponentli murakkab reaktsiya bo’lib, indiferent (befarq, shartli) ta’sirni shartsiz ta’sir bilan mustahkamlash asosida hosil bo’ladi. Shartli refleks ogohlantirish vazifasini o’taydi, organizm shartsiz ta’sirni qabul qilishga tayyor holga keladi. Masalan: organizmning musobaqadan oldingi holatida qonning qayta taqsimlanishi, nafas va qon aylanishining kuchayishi natijasida muskullarning zo’riqib ishlash uchun tayyor holatga kelishi.
Shartli refleks hosil qilish qoidalari. Shartli refleks hosil qilish uchun quyidagilar zarur:
1. Ikkita ta’sirlovchining mavjudligi, ulardan biri shartsiz ta’sir (ovqat, og’riq chakiruvchi ta’sir va hokazo) bo’lib, shartsiz reflektor reaktsiyani chaqiradi, ikkinchisi esa – shartli ta’sir, shartsiz ta’sir bo’lishidan ogox qiluvchi ta’sir (yorug’lik, tovush, ovqatni ko’rsatish va hokazo);
2. Bir necha bor shartli va shartsiz ta’sirotlarning mos kelishi;
3. Shartli ta’sirning shartsiz ta’sirdan oldin kelishi;
4. Shartli ta’sirlar diqqat-e’tiborni jalb qiladigan har qanday ta’sirotlar bo’lishi mumkin;
5. Shartsiz ta’sir ma’lum darajada kuchli bo’lishi zarur, aks holda vaqtinchalik aloqa hosil bo’lmaydi;
6. Shartsiz ta’sir natijasida shartli ta’sirga nisbatan kuchli qo’zg’alish vujudga kelishi zarur;
7. E’tiborni chalg’ituvchi yot ta’sirlar bo’lmasligi zarur;
8. Shartli refleks hosil qilinayotgan hayvon sog’lom bo’lishi zarur;
9. Shartli refleks hosil qilinayotganda bosh miya po’stlog’i faol holda bo’lishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |