To’r pardaning tuzilishi va funktsiyalari. To’r parda ko’zning yorug’likni sezuvchi ichki qavati hisoblanadi. U murakkab ko’pqavatli tuzilishga ega. Bu yerda o’zining funktsional ahamiyatiga ko’ra ikki xil: ikkilamchi-sezuvchi fotoretseptorlar (tayoqchalar va kolbachalar) va bir necha nerv hujayralari mavjud.
Fotoretseptorlarni qo’zg’alashi to’r pardani birinchi neyron hujayrasini qo’zg’atadi (bipolyar neyron). Bipolyar neyronlarning faollashuvi, o’z navbatida impulslarning po’stloq osti ko’ruv markazlariga yetkazib beruvchi ganglioz hujayralarni faollashtiradi. To’r pardada bu hujayralardan tashqari axborotlarni uzatishda va qayta ishlash jarayonida gorizontal va amakrin hujayralar ham ishtirok etadi. Yuqorida sanab o’tilgan barcha neyronlar va ularning o’simtalari birgalikda ko’zning nerv apparatini hosil qiladi, ular nafaqat axborotlarni markazda uzatishda, balki analiz va qayta ishlash jarayonlarida ham ishtirok etadi. SHuning uchun u markaziy nerv tizimining go’yoki periferiyaga chiqarib qo’yilgan bir qismi bo’lib hisoblanadi. Ko’ruv nervining ko’z soqqasidan chiqqan joyi, ya’ni ko’ruv nervining so’rg’ichida fotoretseptorlar mutloqo yo’qligi sababli bu joy yorug’likni sezmaydi, shuning uchun u ko’r dog’ deb ataladi.
Ko’r dog’ borligiga Mariott tajribasi yordamida ishonish mumkin.
Pigment qavat. Bu qavat bir qator epitelial hujayralardan tashkil topgan bo’lib, o’z ichida juda ko’p miqdorda hujayra ichi organellalarini ushlaydi. Melanosomalar, bu qavatga qora rang berib turadi. Bu pigment ekranlovchi pigment ham deb yuritiladi, unga tushgan yorug’likni yutadi, bu holat yorug’lik sochilishining oldini oladi va shu tufayli narsalardan kelayotgan yorug’likning fokuslanishi aniq bo’ladi. Bu pigment epitelial hujayralarning juda ko’plab o’simtalari bo’lib, bu o’simtalar kolbacha va tayoqchalarning tashqi qismlarini jips o’rab oladi. Pigment epitelial hujayralar bundan tashqari boshqa muhim vazifalarni ham bajaradi, shu jumladan, ko’ruv pigmentining resintezida, fagotsitozda, kolbacha va tayoqcha qoldiqlarini hazm qilishda ishtirok etadi. Boshqacha aytganda, ko’ruv hujayralarini doimiy tarzda yangilanib turishini ta’minlaydi. Yana shuni aytib o’tish kerakki, pigment epitelial hujayralar bilan fotoretseptorlar orasidagi aloqa juda kuchsiz bo’ladi.
Aynan shu joydan to’r pardaning ko’chishi ko’zni juda xavfli kasalligi ko’p hollarda uchraydi.
To’r pardaning ko’chishida ko’rishning yomonlashuvi faqat tasvir fokuslanishining buzilishi bilan bog’liq bo’lib qolmay, balki retseptorlar degeneratsiyaga ham uchraydi va retseptorlarda jiddiy metabolitik o’zgarishlar ro’y beradi.
Fotoretseptorlar. Pigment qavatning ichki yuzasiga fotoretseptorlar qavati tegib turadi: bular kolbachalar va tayoqchalar. Odamning har bir ko’zini to’r pardasida 6-7 mln. kolbacha va 110-123 mln. tayoqcha uchraydi. Ular to’r pardada bir tekisda tarqalmagan. To’r pardaning markaziy chuqurchasida (Fovea centralis) faqat kolbachalar bo’ladi (1 mm2 da 140 mingtagacha). To’r pardani periferiyasi tomon ularning soni kamayib, aksincha tayoqchalarning soni ortadi. To’r pardaning eng chekka qismlarida faqat tayoqchalar mavjud xolos. (Kolbachalar kunduzdagi ko’rishni hamda ranglarni ajratishni ta’minlaydi). Kolbachalar yuqori yorug’likda faollik ko’rsatib, rang ko’rishni ta’minlaydi. Tayoqchalar g’ira-shira nurlarni qabul qilishga moslashgan retseptorlardir. Ularning faoliyati shikastlansa, odam g’ira-shirada mutloq ko’rmaydi, kunduzi ko’rish qobiliyati esa to’la saqlanadi. Bu shabko’rlik A vitamini yetishmovchiligidan rivojlanadi. Ranglar yorqin yorug’lik ostida markaziy chuqurchada yaxshi ajratiladi. U yerda faqat kolbachalar bo’ladi. To’r pardaning periferiyasi tomon tayoqchalar soni ortib boradi va ular esa ranglarni yomon ajratadi.
Kolbachalar jaroxatlanganda yorug’likdan «qo’rqish» simptomi yuzaga keladi, bemorlar g’ira-shirada bemalol ko’ra olsada, yorug’likda ko’rish qobiliyati batamom yo’qoladi. Bunday holatlarda butunlay rang ajrata olmaslik-axromaziya kelib chiqishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |