Uzunchoq miya nafas olish, yurak faoliyatini tomirlar holati, terlash, hazm a’zolari funktsiyalarini idora etishda muhim ahamiyatga egadir. SHu barcha funktsiyalarning markazlari uznchoq miyada.
Ba’zi markazlar-nafas markazi, yurak faoliyatini idora etuvchi markaz, tomir harakatlantiruvchi markazning xususiyati shuki, ularni periferiyadan keluvchi nerv impulslari ham, markazlarga bevosita ta’sir etuvchi kimyoviy ta’sirlovchilar ham refleks yo’li bilan qo’zg’atadi.
Bu yerda biz asosan skelet muskullarining faoliyati bilan bog’lanan uzunchoq miya markazlari va reflekslarini ko’zdan kechiramiz. Vegetativ nerv sistemasidan innervatsiyalanadigan ichki a’zolar va tomirlarning boshqarilishida uzunchoq miyaning qanday ahamiyat kasb etishini quyida ko’rib o’tamiz.
Nafas markazi uzunchoq miyaning turli qismlaridagi neyronlarning bir necha guruxidan vujudga kelib, yagona funktsional tizim hisoblanadi. Nafas markazi Varoliy ko’prigining yuqori chegarasi bilan uzunchoq miyaning pastki qismi o’rtasida retikulyar formatsiyaga tegishli sohada joylashgan. Nafas markazini ayrim yadroga o’xshash mustaqil anatomik tuzilma deb hisoblash kerakmi yoki nafas harakatlarini idora etishga ixtisoslashgan retikulyar formatsiya bo’lagi deb qarash kerakmi, bu to’g’ridan xanuz yakdil fikr yo’q. Umuman olganda nafas markazining eng muhim qismlari pnevmotaksis, ekspirator va inspirator markazlardir, bu markazlarning funktsiyalari yuqorida ko’zdan kechirilgan edi. Impulslar nafas markazidan orqa miyaning diafragmani va qovurg’a aro muskullarni innervatsiyalovchi motoneyronlariga keladi. Xuddi shuning uchun ham orqa miyani 4-bo’yin segmentining yuqorisidan qirqib qo’yish natijasida nafas olish to’xtaydi (orqa miyaning 4-bo’yin segmentidan yuqoridagi neyronlarning o’siqlari diafragma nervini hosil qiladi).
Nafas markazining ritmik faoliyati uzunchoq miya bilan orqa miyadagi boshqa markazlar holatiga ta’sir etadi. Yurak faoliyatini idora etuvchi markaz bilan nafas markazi o’rtasidagi bog’lanish ayniqsa yaqqol ko’rinadi. Nafas olish-yurak refleksi, yoki nafas aritmiyasi shu bog’lanish natijasidir. Bu refleks shundan iboratki, nafas chiqarishning oxirida navbatdagi nafas olishdan oldin yurak faoliyati to’g’ri davriylik bilan sekinlashadi. Orqa miya markazlari bilan nafas markazi o’rtasidagi bog’lanish L.A.Orbeli bilan K.I.Kuntsman tajribasida ko’rsatib berildi. Itning bir oyoq panjasi deafferentatsiyalangach, ya’ni shu oyoqdan orqa miyaga impuls o’tkazuvchi orqa ildizlar qirqib qo’yilgach, keyingi oyoq itning nafas olish ritmiga muvofiq harakatlanganini L.A.Orbeli bilan K.I.Kuntsman kuzatishgan.
Deafferentatsiya orqa miyaning tegishli qismlaridagi tormozlanish jarayonlarini izdan chiqargan, shunga ko’ra orqa miyaning motor markazlari nafas markazidan retikulo-spinal yo’llar orqali o’ziga keluvchi impulslarga qo’zg’alish bilan reaktsiya ko’rsatgan.
O’pka, nafas yo’llari va nafas muskullarining retseptorlaridan nafas markaziga keluvchi afferent impulslar retikulyar formatsiya faolligini muayyan darajada saqlashda ahamiyatli: binobarin, nafas olishni idora etishdagina emas, retikulyar formatsiya faollashtiruvchi ta’sir etgani uchun butun markaziy nerv sistemasining faoliyatida ham ahamiyatlidir.
Uzunchoq miya yadrolari ovqat chaynash emas, (so’rish), yutish, qusish, aksa urish, yo’talish, ko’zni uchirish va boshqa reflektor aktlarni bajarishda qatnashadi. Bu reflekslar bosh miyaning katta qismi bo’lmay turib tug’ilgan bolalar (anentsefalar)da ham kuzatiladi.
Emish (so’rish) harakatlari yangi tug’ilgan bolaning labiga tegilganda namoyon bo’ladi. Bu refleks uchlik nervining sezuvchi oxirlari ta’sirlanganda yuzaga chiqadi, qo’zg’alish uchlik nevdan uzunchoq miyada yuz nervi bilan til osti nervining motor yadrolariga o’tadi.
Ovqat chaynash og’iz bo’shlig’idagi retseptorlarning ta’sirlanishiga javoban refleks yo’li bilan yuzaga chiqadigan harakat akti bo’lib, pastki jag’ning yuqori jag’ga nisbatan siljishidan iborat. R.Magnusning ma’lumotlariga qaraganda ovqat chaynash markazi uzunchoq miyada shuning uchun bulbar hayvonlarda ovqat chaynash refleksini yuzaga chiqarish mumkin. Talamus va miya po’stlog’ining motor zonaliri butun bo’lgandagina ovqat chaynash akti nozikroq boshqariladi.
Ovqat yutish murakkab koordinatsiyalangan reflektor akt bo’lib, uning yuzaga chiqishida og’ish bo’shlig’i, xalqum va qizilo’ngach bosh qismining ko’pgina muskullari qatnashadi. Ovqat yutish akti ikki fazadan iborat: 1) ovqat luqmasi shakllanib, xalqum bo’shlig’iga yaqinlashtiriladi va 2) ovqat yutilib, xalqum muskullari qisqaradi, ayni vaqtda tanglay pardasi ko’tariladi, xiqildoq usti tog’ayi (epiglottis) esa pastga tushadi. Bu mexanizmning birinchi qismi ixtiyoriy ravishda, ikkinchi qismi ixtiyorsiz-shartsiz refleks yo’li bilan boshqariladi.
Ovqat yutish aktida uchlik nerv, til-xalqum nervi va adashgan nervning afferent sistemalari qatnashadi. Ovqat yutish markazi shu reflektor aktni yuzaga chiqaruvchi ko’pgina yadrolarning funktsional birlashmasidan iborat.
Qusish xalkum va me’da retseptorlari ta’sirlanganda, shuningdek vestibuloretseptorlar va boshqa ba’zi retseptorlar ta’sirlanganda kelib chiquvchi reflektor aktdir. Shu retseptorlardan afferent tolalar orqali uzunchoq miyaga keluvchi impulslar uzunchoq miyadagi, shuningdek orqa miyadagi ko’pgina effektor neyronlarga boradi.
Qusish vaqtida me’daga kirish yo’li ochiladi, ichak muskullari va me’da devorlari qisqaradi, qorin pressi va diafragma muskullari, xalqum, xiqildoq, til va og’iz muskullari qisqaradi, so’lak va ko’z yoshi chiqadi.
Qusish vaqtida markaziy nerv sistemasidagi ko’pgina markazlarning holati o’zgaradi, chunki unda miya o’zanining retikulyar formatsiyasi ham qatnashadi. Retikulyar formatsiya ko’p markazlar bilan bog’langani uchun uzunchoq miya bilan orqa miyaning turli qismlaridagi neyronlar faoliyatini funktsional jihatdan birlashtiradi va kelishtiradi, yuqoriroqdagi markazlarning holatini o’zgartiradi.
Aksa urish refleks yo’li bilan nafas chiqarishdan iborat murakkab akt bo’lib, uchlik nervning burundagi retseptorlari ta’sirlanganda kelib chiqadi. Aksa urish boshlanganda yumshoq tanglay ko’tarilib, burunning ichki teshigini berkitadi so’ngra nafas chiqarish muskullari qisqarib, ko’krak bo’shlig’idagi bosimni oshiradi, shundan so’ng burun teshigi to’satdan ochiladi va butun havo burun orqali zo’r berib chiqib, burun shilliq pardasiga ta’sir etayotgan moddani olib ketadi. Aksa urish aktida til-xalqum nervi, adashgan nerv, til osti nervi va ba’zi spinal nervlarning afferent tolalari qatnashadi.
Aksa urish kabi, yo’tal ham ximoyaviy nafas refleksi bo’lib, xiqqildoq, kekirdak (traxeya) va bronxlarning shilliq pardasi ta’sirlanganda kelib chiqadi. Aksa urishga qarama-qarshi o’laroq, yo’talda burun teshigi berkilmaydi, balki ovoz yorig’i yumiladi. O’pkada zarur bosim vujudga kelgach, ovoz yorig’i to’satdan ochiladi va ta’sir etayotgan moddani kuchli havo oqimi olib chiqadi. Yo’talish aktida, aks urish aktidagi kabi, efferent tolalar qatnashadi, afferent signallar esa adashgan nerv tolalari orqali o’tadi.
Ko’zning pirpirashi ham ximoya refleksi bo’lib, ko’zning shox pardasi bilan konyunktivasi ta’sirlanganda kelib chiqadi, bu pardalar uchli nervning afferent tolalaridan innervatsiyalanadi. Ulardan keluvchi impulslar uzunchoq miyada yuz nervining harakatlantiruvchi yadrosiga o’tadi (yuz nervining tolalari ko’zning doiraviy muskulini innervatsiyalaydi); nitijada ko’z qovoqlari yumiladi.
Yuqorida sanab o’tilgan barcha reflektor aktlardan tashqari, uzunchoq miya tevarak-atrofdagi olamda yo’l topish (orientirovka) ga va muskullar tonusini boshqarishga imkon beradigan reflektor mexanizmlarda qatnashadi. Tegishli reflekslarni yuzaga chiqaradigan afferent impulslari V-XII tserebral nervlar (jumladan, vestibulyar nervlar) orqali, shuningdek, yuz, bo’yin, qo’l-oyoq va tana muskullarining retseptorlaridan impuls o’tkazuvchi spinal nervlar (orqa miya nervlari) orqali keladi.
Shu tariqa uzunchoq miyasi bilan Varoliy ko’prigi butun qolgan bulbar hayvon tashqi ta’sirlarga javoban spinal hayvondan murakkabroq reaktsiyalarni yuzaga chiqara oladi. Bu hayvonlarda barcha asosiy hayotiy funktsiyalar mukammalroq markaz bilan birlashgan va ko’proq koordinatsiyalangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |