Yurak faoliyatini tekshirish usullari. Yurak faoliyatining mexanik va tovush hodisalari. Yurak o’z ishi faoliyati davomida mexanik va tovush xodisalari hosil qilishi mumkin. Bu xodisalarni qayd qilish usullari yordamida yurak faoliyati to’g’risida tushunchaga ega bo’lishimiz mumkin. U qobirg’alar sohasida chap tomondan o’rta o’mrov chizig’idan 1 sm ichkarida, yurak qisqargan vaqtda yurak turtkisini aniqlash mumkin. Yurak turtkisini paypaslash usuli yordamida aniqlanadi. Ba’zi xollarda uni ko’z bilan kuzatish ham mumkin. Qorinchalar qisqarganda yurak ellips shakldan sharsimon shaklga o’tadi. Uning uzunasiga o’lchovi kichrayib, ko’ndalang o’lchovi kattalashadi. Qattiqlashgan yurakning chap qorinchasi ko’krak qafasining ichki yuzasiga uriladi. Diastola vaqtida diafragma tomonga osilib turgan yurak uchi, sistolada ko’tarilib ko’krak qafasining oldingi devoriga uriladi. Bularning hammasi yurak turtkisini hosil qiladi.
Yurak faoliyatini mexanik aktivlashuvini aniqlash uchun ko’plab maxsus usullar qo’llaniladi.
Kinetokardiografiya. Yurakning mexanik faoliyati natijasida, ko’krak qafasini past chastotali tebranishlarini qayd qilish usuli. Buning uchun maxsus uzatkichlardan foydalaniladi. Ular mexanik tebranishlarni elektrik tebranishlarga aylantirib beradi. Kinetokardiografiya bir vaqtning o’zida chap va o’ng qorinchalarni yurak tsikli vaqtida davr jarayonlarni o’rganadigan usul hisoblanadi.
Elektrokimokardiografiya. Rentgeno apparati yordamida yurak ko’lankalari harakatini qayd qilish usuli. Apparat ekrani yurak chegaralari sohasiga bo’lmacha, qorincha yoki aortaga fotoelement qo’yilib, ositsildograf bilan ulab qo’yiladi. Yurak harakatlanganda fotoelementning yorug’ligi o’zgarib, ostsilografda egri chiziq yozib olinadi. Shu yo’l bilan yurak bo’limlarini qisqarishi va bo’shashishi uzluksiz yozib olinadi.
Ballistokardiogafiya. Qorinchalardan qon shiddat bilan otilib chiqishi va uni yirik qon tomirlar bo’ylab harakati tananing tebranishiga olib keladi. Go’yoki tubdan o’q otilganda, o’qning oldinga harakati, qurolni esa orqaga siljishini eslatadi (ballisto- o’qni otilishi). Ballistokardiografiya usuli bilan yozib olingan egri chiziq o’ziga xos bo’lib, yurak faoliyati bilan bog’liq. BKG yozib olish bir necha usullari qo’llaniladi.
Dinamokardiografiya. Yurak faoliyatining mexanik o’zgarishlarini yozib olish usullaridan biri bo’lib hisoblanadi. Bu usulni Ye.B.Babskiy hamkasblari bilan ishlab chiqqan. Yurakning ko’krak qafasidagi harakati va qonni qon tomirlarda siljishi natijasida, odam yotgan joyda nisbatan ko’krak qafasi og’irlik markazini o’zgarishini yozib olish usuli. Tekshiriluvchi maxsus uzatkich o’rnatilgan stolga yotqiziladi. Uzatkich mexanik tebranishlarni elektrik tebranishlarga aylantirib beradi. Uzatkich tekshiriluvchining ko’krak qafasi ostiga o’rnatiladi. Tana og’irlik markazining o’zgarishi maxsus egri chiziqlarda ifodalanadi va yurak tsiklining barcha fazalarini aks ettiradi. Bo’lmachalar sistolasi, qorinchalar taranglashish davri va qonni xaydashi, protodiastolik davr, qorinchalarning bo’shashishi va qon bilan to’lish davrlarini ifodalaydi.
Exokardiografiya (Exo KG). Ultra tovush yordamida yurakning mexanik faoliyati va tuzilishini qayd qilish usuli. Bunda ultra tovush, yuqori chastotali (2,25-3 m Gts gacha) shaklida odam tanasi orqali o’tib, asbob yordamida qabul qilinadi. Exosignal ostsillograf ekranida ko’rinadi yoki fotoplenkaga yozib olinadi. Yurak tsikli fazalarida uning mexanik aktivligini baxolash uchun ExoKG doimo EKG bilan bir vaqtda yozib olinadi.
Yurak ishlagan vaqtda har xil tovushlar hosil bo’ladi, bu tovushlarni yurak tonlari deb ataladi. Auskultattsiya usuli bilan ko’krak qafasining chap tomonidan 2 ta tonni eshitish mumkin. I ton (sistolik) va II ton (diastolik). Bu tonlarning hosil bo’lish mexanizmlari yuqorida aytib o’tildi. Tonlarni eshitishda bir- biridan farqi shuki: birinchi ton sistola vaqtida hosil bo’ladi, ikkinchi ton diastolaning boshlanishida hosil bo’ladi. Birinchi ton bo’g’iqroq eshitiladi, lekin davomiyroq, ikkinchi ton esa jarangli lekin qisqa davom etadi. Birinchi ton bilan ikkinchi ton orasidagi pauza, ikkinchi ton bilan keyigi birinchi ton oarsidagi pauzadan qisqaroq bo’ladi.
Elektron apparatlarni qo’llash yordamida yurak tonlarini o’rganish yanada osonlashadi. Buning uchun ko’krak qafasini yurak joylashgan sohasiga kuchaytirgichlarga ulangan maxsus mikrofon ulab qo’yilsa, yurak tonlarini qayd qilish mumkin bo’ladi. Yozib olingan egri chiziq fonokardiogramma deb ataladi. Usulni o’zi esa fonokardiografiya (FKG) deb ataladi. FKG da va 1 va 2 tondan tashqari yana 3 va 4 tonlarni ham yozib olish mumkin.