1.2. Uchinchi sinf oʻqish darslarida qoʻllaniladigan metod va usullar
«Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»da ta’lim berishning ilgʻor pedagogik texnologiyalarini, zamonaviy oʻquv-uslubiy majmualarini yaratish kabilar umumiy oʻrta ta’limning asosiy vazifalaridan biri sifatida ta’kidlangan.
Ilgʻor pedagogik texnologiya usullaridan foydalanish oʻqituvchi va oʻquvchi faoliyati doirasini aniq belgilab beradi.
Inson hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan oʻqish faoliyati barcha predmet darslarida amalga oshiriladi. Lekin oʻqishga oʻrgatish yoʻl-yoʻriqlarini oʻqish metodikasi ishlab chiqadi. Oʻqish metodikasi kichik yoshdagi oʻquvchilarning umumiy rivojlanishi, psixologiya, xususiy metodika sohasidagi yutuqlar asosida takomillashtirilib boriladi.
Oʻqish darslarining samaradorligi koʻp jihatdan ta’lim metodlarining toʻgʻri tanlanishiga bogʻliq.
«Metod» atamasi yunon tilidan olingan boʻlib, muayyan maqsadga erishish, borliqni amaliy va nazariy oʻzlashtirish usullari majmuidir. Binobarin, fanning oʻzi kabi oʻqitish metodlari ham doimiy rivojlanishda boʻladi. Masalan, eski maktablarda oʻqish quruq yod olish metodi asosida oʻrgatilgan boʻlsa, hozir izohli oʻqish asosida olib boriladi. Yod olish metodida matndagi soʻzlarga izoh berishga, ma’nosini tushuntirishga, oʻqilganni qayta hikoyalashga umuman olganda, oʻqishning ongli boʻlishiga mutlaqo e’tibor berilmagan. Ularda koʻproq toʻgʻri talaffuz, qiroat bilan oʻqish, ifodali oʻqish nazarda tutilgan.
Hozir maktablarda oʻqish izohli oʻqish metodi asosida olib borilayotgan ekan, quyidagicha savol tugʻiladi: Izohli oʻqish nima?
Izohli oʻqishga XX asrning 60-70-yillarida rus pedagogi K. D. Ushinskiy asos solgan, u oʻqishda oʻquvchilarni «ongli, tushunib, oʻylab oʻqishga» oʻrgatishni alohida ta’kidlaydi va uni «Izohli oʻqish» deb nomlaydi.
Izohli oʻqish metodiga K. D. Ushinskiy ishining davomchilari yangiliklar kiritdilar. Korf va Vaxterev izohli oʻqish oʻquvchilarga real bilim berish vositasi desa, Vodovozov va Bunakov oʻquvchilarga oʻqish jarayonida bilim badiiy asar tahlili va asarning tarbiyaviy xarakteri bilan bogʻliq holda beriladi, degan fikrni ilgari suradilar.
Professor Asqar Zunnunov oʻqitishning mazmuni va usullari haqida fikr yuritib, oʻquvchilarning oldin bilimlarni oʻzlashtirishiga, soʻng yod olishlariga e’tibor berilishi ta’lim jarayonida izohli oʻqish deb nomlanganini ta’kidlaydi.
Demak, izohli oʻqish deb oʻylashga, his qilishga, asarni toʻliq idrok qilishga, oʻqilganning mazmunini oʻzlashtirishga olib keladigan oʻqishga aytiladi. Izohli oʻqish asar mazmunini tushunishni, asardagi muhim fikrni, yozuvchi ilgari surayotgan gʻoyani anglashni ta’minlaydi.
Izohli oʻqish qoʻyidagi tamoyillarga toʻliq amal qilingandagina muvaffaqiyatli boʻladi:
Oʻqishni hayot bilan bogʻliq holda tashkil etish.
Oʻqishning ongli va ta’sirchan boʻlishi uchun oʻquvchilarning hayotiy tajribalariga, taassurotlariga asoslanish.
Oʻqishni koʻrgazmali tashkil qilish, tabiatga, tarixiy joylarga ekskursiyalar uyushtirish, hayvonot olami va o ‘simliklar dunyosini kuzatish, rasmlar, jadvallar, predmetlar bilan tanishtirish hamda matnni oʻquvchining ifodali oʻqishi tarzida olib borish.
Boshlangʻich sinf oʻqish darslarida asosan she’rlar, masallar, ertaklar, hikoyalar, afsonalar, maqol va topishmoqlar, ilmiy-ommabop asarlar oʻqib oʻrganiladi. Tabiiyki, ularning har biri oʻziga xos shakl, uslub va mazmunda yaratiladi. Shuning uchun ham har bir janrga mansub asarlarni oʻziga xos usulda oʻqib oʻrganish taqozo qilinadi.
Badiiy asarni izohli oʻqishga yaqin boʻlgan metodlardan biri ijodiy oʻqishdir. Atoqli metodist olim N. I. Kudryashov ijodiy oʻqish metodi tarkibiga quyidagi ish usullarini kiritadi:
oʻqituvchilarning badiiy matnni sharhlab oʻqishi hamda oʻquvchilarning asarni toʻgʻri va imkon qadar yanada chuqurroq, emotsional idrok etishlarini ta’minlash maqsadini koʻzda tutuvchi soʻzi;
oʻqilgan asardan oʻquvchilarning bevosita olgan taassurotlarini chuqurlashtirish maqsadiga ega boʻlgan va ularning diqqatini matnning muhim gʻoyaviy va badiiy hususiyatlari sari yoʻnaltiradigan suhbat uyushtirish yoki oʻqilgan asardan kelib chiqadigan badiiy, axloqiy, ijtimoiy-siyosiy muammoning qoʻyilishi;
v) oʻqituvchining asar oʻqilganidan keyin oʻquvchilarning asarni tadqiq etish jarayonida toʻyingan badiiy kechinmalarini faollashtirish maqsadini koʻzda tutuvchi soʻzi2.
Koʻrinadiki, ijodiy oʻqish izohli oʻqishdan farqli oʻlaroq, toʻgʻridan - toʻgʻri matn mohiyatini ochishga ijodiy yondashishni taqozo etadi. Masalan, 4-sinfda A. Oripovning «Dehqonbobo va oʻn uch bolakay qissasi» asarini ijodiy oʻqish metodi asosida oʻrganish jarayonida matn mazmuni va shoir gʻoyaviy niyatidan kelib chiqib Vatanimiz hududlaridagi aholining yashash tarzi bilan bogʻliq milliy xususiyatlar haqida ham atroflicha tushuncha beriladi. 2-sinfda «Oʻtinchi yigit», 3-sinfda Oʻtkir Hoshimovning «Xazonchinak», 4-sinfda S. Anorboevning «Qoʻrqoq» asarlarini ham ijodiy oʻqish metodi asosida oʻqitish ijobiy samaralar beradi.
Ifodali oʻqish. Boshlangʻich ta’lim tizimida mantiqiy oʻqish (matnni toʻgʻri, tushunib, tez (me'yorida) oʻqish) va adabiy oʻqish mukammal oʻzlashtirilganidan soʻng ifodali oʻqishga oʻtiladi. U yod olingan she’riy asarlarni ifodali oʻqishni ham oʻz ichiga oladi. Ifodali oʻqishning muvaffaqiyati oʻquvchilarning asar mazmuni, gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari haqida muayyan tushunchaga ega boʻlishi bilan bogʻliq.
Ohang va intonatsiya she’riy asarlarni ifodali oʻqishda qay darajada muhim boʻlsa, nasriy asarlarni oʻqishda ham muhim talablardan biridir.
Nasriy asarlarni ifodali oʻqishdan oldin unda qanday gʻoya ilgari surilayotganini aniqlash zarur. Masalan, 4-sinfda X. Toʻxtaboevning «Xatosini tushungan bola» hikoyasini ifodali oʻqishdan oldin oʻquvchilarga xatosini tushungan bola kim ekanligi, uning xatosi nimalardan iborat boʻlganligi, maqtanchoqlikning illat ekanligi toʻgʻrisida tushuncha beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |