Aim.uz
Nutq uslublarida sinonim imkoniyatlaridan foydalanish yo‘llari
Reja:
1. Sinonimiya tushunchasi.
2.Leksik va grammatik sinonimlar .
3.Sinonimlarning vazifaviy uslubda namoyon bo`lish xususiyatlari.
Tayanch so`z va iboralar : Sinonimiya tushunchasi, leksik va grammatik sinonimlar, sinonimlarning vazifaviy uslublari.
Sinonimiya muammolari bilan shug‘ullanishda o‘zbek tilshunosligi katta tajriba to‘plagan va bu borada turli hajmdagi tadqiqotlar yuzaga kelgan. O‘zbek tilidagi sinonimiya hodisasi va bu hodisa jarayonida yuz beradigan til birliklari o‘rtasidagi o‘zaro ma’no munosabatlari haqidagi ilk qarashlar o‘zbek tilining leksikologiya yo‘nalishini yoritishga bag‘ishlangan hamda ta’limning turli bosqichlarida foydalanish uchun yaratilgan darslik va qo‘llanmalarda o‘z ifodasini topgan. Fahri Kamolning «O‘zbek tili leksikasi» (Т., 1954) va «Hozirgi zamon o‘zbek tili» (Т., 1957), Ya. D. Pinxasovning «Hozirgi zamon o‘zbek tili leksikasi» (Т., 1960) va «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» (Т., 1969), M. Mirzayev va boshqalarning «O‘zbek tili» (Т., 1962), mualliflar jamoasining «Hozirgi o‘zbek adabiy tili, ikki tomlik. 1 tom» (Т., 1966), U.Tursunov va boshqalarning «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» (Т., 1965,1992), U.Tursunov va N.Rajabovlarning «O‘zbek tili leksikasining ba’zi masalalari» (Samarqand, 1971), Sh. Shoabdurahmonov va boshqalarning «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» (Т., 1980) hamda «O‘zbek tili leksikologiyasi» (Т., 1981) akademik nashrlarini misol tariqasida keltirish mumkin. O‘zbek tili sinonimlarining lingvostilistik tabiati maxsus monografik tadqiqot obyekti ham bo‘lgan. S. Isamuhamedova va A. Doniyorovlar sinonimiya mavzusida nomzodlik dissertatsiyalari yozishgan. Sinonimiyaga oid o‘zbek tilshunosligida yozilgan maqolalar ham salmoqli miqdorni tashkil qiladi. Afsuski, bu o‘rinda ularning barchasini sanab o‘tishning imkoni yo‘q. Faqatgina R.Qo‘ng‘urov va S. Karimovlar tomonidan tuzilgan «O‘zbek tili stilistikasi va nutq madaniyati» (Samarqand, 1984) bibliografik ko‘rsatkichidagi 62, 108, 148, 202, 205, 206, 224, 233, 234, 241, 337, 384, 526, 606, 609, 640, 734, 749, 751, 752, 855, 980, 1093 hamda S. Karimov va T. Jo‘rayevlar tomonidan tartib berilgan «O‘zbek tili uslubshunosligi va nutq madaniyati» (Samarqand, 2001) bibliografik ko‘rsatkichida 61, 111,273, 315, 360, 428-raqamlarda qayd etilgan adabiyotlarni eslatib o‘tamiz. Bular orasida M. Rahmatullayevaning «Alisher Navoiy tilidagi sinonimlarni o‘rganish masalasiga doir» (Т., 1965) mavzusida yozilgan nomzodlik dissertatsiyasi diqqatga sazovor.
Sanab o‘tilgan adabiyotlarning ko‘pchiligida sinonimlar sifatida leksik birliklar va ular o‘rtasidagi ma’no munosabatlari qaralib, ularga ma’nolari bir xil yoki ma’nolari bir-biriga yaqin so‘zlar deb baho beriladi. Ammo o‘zbek tilidan olingan qator misollar tahlili shuni ko‘rsatadiki, keltirilgan bu ta’riflarning birontasi ham sinonimiya deb ataladigan lingvistik hodisaning mohiyatini to‘liq qamrab ololmaydi.
Birinchidan, tabiat va jamiyatda bir-biriga aynan o‘xshash narsa va hodisaning o‘zi bo‘lmagani singari ularning aynan mohiyatini aks ettiradigan ikki yoki undan ortiq so‘zlarni topish qiyin. Tilimizda respublika-jumhuriyat} universitet-dorilfunun, arxitektura-me’morchilik, lingvistika-tilshunoslik, stilistika-uslubshunoslik singari dubletlar yashab kelmoqda. Garchi dublet sanalsa ham, nutqda biri o‘rnini ikkinchisining bosa olmasligi ularning yashovchanligini ta’minlaydi. Garchi rasmiy hujjatlar va chiqishlarda O‘zbektston Respublikasi deb qayd etilgan holda, jumhuriyat birligi so‘zlashuv nutqi bilan chegaralanadi. Samarqand Davlat universiteti, Samarqand Davlat dorilfununi desa bo‘ladi. ammo hayot dorilfununi deyish mumkin bo‘lgani holda uni hayot universiteti tarzida qo‘llab bo‘lmaydi.
Bu esa respublika, imiversitet so‘zlarining baynalmilal xarakterda ekanligi bilan, jumhuriyat so‘zining bir qadar eskirganligi, hududiy chegaralanganligi, dorilfunun so‘zining ma’nosi univenitetga qaraganda qamrovi kengligi, umumiyligi, universitet so‘zida esa bu ma’noning aniqligi, atama mazmunida ekanligi bilan bog‘liq. Demak, faqat yuzaki qaraganimizdagina bu so‘zlarning ma’nosini bir deb xulosa chiqarishimiz mumkin. Matnlar esa aslida bunday emasligini tasdiqlaydi. Ular, hech bo‘lmaganda, vazifaviy uslublararo chegaralanishi bilan, ya’ni uslubiy nuqtai nazardan farqlanadi.
Ikkinchidan, ma’nolari bir xil sinonimlar tilda bo‘lganda ham ularning barchasi baravar ravishda, doimiy holda yashay olmaydi. Tilning amalda bo‘lish qonuniyatlariga ko‘ra, aytaylik, parallellikni xush ko‘rmasligidan kelib chiqib, vaqt o‘tishi bilan ularning biri ikkinchisiga o‘z o‘rnini bo‘shatib berishga majbur bo‘ladi. Masalan: partiya-firqa, grajdanin-fuqaro, agitatsiya-tashviqot, propaganda-targ‘ibot, komitet-qo‘mita, soldat-askar, intelligent-ziyoli, leksiya-ma’ruzo, programma-dastur, student-talaba, ekonomika-iqtisodiyot, internatsional-baynalmilal, sotsial-ijtimoiy, satirik-hajviy, sekretar-kotib, simvol-ramz kabi birliklar o‘rtasidagi qo‘llanish nisbatini olib qaraylik. Agar o‘zbek tilining mustaqillikkacha bo‘lgan davrida ularga leksik dubletlar, variantlar sifatida qarab, baravar qo‘llab kelgan bo‘lsak, mustaqillikdan keyingi davrda bu so‘zlarga bo‘lgan munosabat va ana shu munosabatdan kelib chiqib, ularning qo‘llanilishidagi muvozanat ikkinchisining foydasiga tubdan o‘zgardi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, gap faqat ma’nolarning bir xilligida bo‘lganda edi, ular tilimizda baravar yashayverishi mumkin edi. Ammo vaziyatdan kelib chiqib, ular ham tilimizning umumiy yashash qonuniyatlariga bo‘ysunishga majbur bo‘ldi. Demak, sinonimlarning barchasining ma’nolari bir xil emas, bir xil deb qaralganlarining hammasi ham tilda parallel yashay olmaydi. Aytilganlardan esa sinonimlarning bu guruhini o‘rganish uslubshunoslik uchun qiziqarli material bera olmaydi, degan xulosa kelib chiqadi.
Shunday ekan, sinonimlar tadqiqini uslubshunoslikning markaziy masalalaridan deb qaraganimizda, ularni umumiy bir ma’noni yoki tushunchani anglatishga xizmat qiladigan, ana shu maqsad yo‘lida matnda bir-biriga mazmunan yaqinlashadigan va birlashadigan, ayni paytda, ma’no nozikliklari bilan bir-biridan farqlanadigan til elementlari majmuini anglashimiz to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Tildagi sinonimik munosabatlar faqat leksik birliklar o‘rtasidagina emas, balki fonemalarning talaffuz variantlarida, turg‘un birikmalar, morfologik vositalar va sintaktik qurilmalar o‘rtasida ham mavjud. Sinonimiyaga oid umumiy qoida va talablar ularning hammasiga tegishli hamda barchasida amal qiladi.
Afsuski, yuqorida sanab o‘tilgan tadqiqotlarning mavjudligidan qat’i nazar o‘zbek tilshunosligida sinonimlar vazifaviy-uslubiy yo‘nalishda atroflicha tahlil qilingan emas. Vaholanki, bunday kuzatishlar milliy til uslubshunosligi taraqqiyoti uchun nihoyatda zarurdir.O‘rni kelganda ta’kidlash lozimki, so‘z va evfemizm, so‘z va perifraza o‘rtasidagi sinonimik munosabatlar tadqiqi ham uslubshunosligimiz uchun qiziqarli materiallar berishi mumkin. Badiiy ijod jarayonida yuzaga kelgan individual muallif sinonimlari yuzasidan olib boriladigan kuzatishlar ham ona tilimiz boyligini namoyish etishda g‘oyatda qimmatlidir. Shunday qilib, yunon tilidagi «sinonim» so‘zi «bir xil» degan ma’noni bildiradi va bu tushuncha atrofida matnda mazmunan bir-biriga mos keladigan so‘z va iboralar, so‘z birikmalari va gap qurilmalari tarzida shakllanadigan til birliklari birlashadi.
Tilda variantlar va, yuqorida tilga olganimiz, dubletlar deb ataladigan so‘z guruhlari ham mavjudki, ko‘pchilik tilshunoslar ularni sinonimlardan farqlaydilar. Lingvistik jarayonlarning har birining o‘ziga xos xususiyatlari mavjudligi nuqtai nazaridan bu to‘g‘ri ham. Ammo qanchalik farqlanmasin, ular nutqdagi vazifasiga ko‘ra bir-birlariga yaqin hodisalardir, bir narsa va hodisaning turli sabablar bilan paydo bo‘lib qolgan tildagi ikki xil nomlanishidir.
Bir-biriga mos keladigan lingvistika-tilshunoslik, stilistika-uslubshunoslik, orfografiya-to‘g‘ri yozish, orfoepiya-to‘g‘ri talaffuz qilish kabi holatlarni olaylik. Ularning birinchi qismi boshqa til elementi ekanligi ko‘rinib turibdi. Bu birliklarning qo‘llanishidagi bab-baravarlik faqat ma’lum muddatgina davom etishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan ularga bo‘lgan munosabat o‘zgaradi. Bu munosabat hech bo‘lmaganda ularning qo‘llanish chastotasiga ta’sir qiladi.
Leksik nuqtai nazardan variantlar va dubletlarning mavjud bo‘lishi ijobiy hodisa sanalmasa ham uslubiy jihatdan ularga tildagi ortiqcha unsur sifatida qaralmaydi. Fikrni nozik ottenkalarda ifodalashga xizmat qilmagan taqdirda ham, hech bo‘lmaganda, ular so‘zlovchi va yozuvchini takrordan qutqaradi. Shuning o‘ziyoq nutqiy jarayon uchun kam ahamiyatli emas. Shuning uchun ularni ham tilimizdagi uslubiy resurslar deb qarashga to‘la asoslar bor.
Fonetik va grammatik shakllarda namoyon bo‘ladigan lingvistik variantlarni garchi uslubiy imkoniyatlari nihoyatda keng va rang-barang bo‘lgan sinonimlarga tenglashtirib bo‘lmasa ham ayrim matnlardagi uslubiy bo‘yoqdorligini hisobga olib,
ularni bir guruhda qarash mumkin.
«Normadagi variantdorlik adabiy normaning turg‘unligiga qarama-qarshi tushunchadir – deydi A.Boboyeva. – Barqarorlik adabiy norma uchun adabiy tilning o‘ziga xos funksiyasini o‘tashi uchun imkon beruvchi obyektiv zarur, ijobiy hodisa bo‘lmasada, ikkinchi tomondan, barqarorlik tilni bir qolipga soluvchi, uning vositalar imkoniyatini cheklovchi va kambag‘allashtiruvchi, nutqni zerikarli qiluvchi, uslubiy xilma-xillikdan mahrum etuvchi salbiy omil bo‘lishi ham mumkin. Agarda mutlaq turg‘un bo‘lganida til vositalari ma’no ifodalash shakl va funksiyalariga ko‘ra qotib qolgan, qoliplangan hodisalar bo‘lar edi. Natijada, bir so‘z tilning butun tarixiy rivoji davomida faqat bir ma’no va shaklda qo‘llanib, tilda bir ma’no faqat bir usulda ifodalanar, barcha kishilar mutlaq bir xil gapirib, bir xil yozar edilar.
Variantdoriik nutqda erkin va maqsadga muvofiq tanlash imkoniyati bo‘lmasa adabiy til o‘zining muhim badiiy estetik funksiyasini, ta’sirchanlik, ifodalilik tomonlarini ta’minlay olmas edi. Inson nutqi hissiz, o‘lik qoliplar, qaytariqlardan iborat bo‘lib qolar edi». (Adabiy norma va nutq madaniyati – Т., «Fan», 1983, 63-65-betlar).
Variantdorlikni faqatgina leksik variantlar va dubletlar doirasida cheklash to‘g‘ri bo‘lmaydi. U tilning barcha qatlamlaridagi sinonimik birliklarga ham daxldor. Faqat shunday qamrovdagina yuqoridagi mulohazalarni atroflicha tushunishimiz mumkin bo‘ladi.
Uslubiyat haqida gap ketar ekan, uning o‘ta muhim unsuri hisoblanadigan sinonimlar va variantlarning o‘zaro umumiy va farqli tomonlarini ajratish ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ular o‘rtasidagi farqlarni L. G. Barlas quyidagicha izohlaydi: variantlilik bir xil, sinonimiya har xil til birliklariga xos xususiyat. Variantlar deyilganda, shakliy jihatdan bir oz farq qiladigan bir til birligining turli ko‘rinishlari tushuniladi. Ular bir so‘z, bir so‘z shakli yoki qurilishini tashkil etgani uchun ham leksik va grammatik ma’nolarda farqlar bo‘lmasligi kerak. Sinonimlar esa ma’nolari bir-birlariga yaqin bo‘lgan turli so‘zlar, so‘z shakllari, qurilmalardir.
Sinonimlar tasnifi ham uning tadqiqotchilari diqqat-e’tiborida bo‘lib kelgan. Sh.Rahmatullayev bu hodisaning til qatlamlarida mavjudligidan kelib chiqib, ularni dastlab lug‘aviy va grammatik sinonimiyaga ajratadi. Yana o‘z navbatida lug‘aviy sinonimiyani leksik, frazeologik va leksik-frazeologik turlarga bo‘ladi. Ma’no qirralarining farqlanishiga ko‘ra esa ularning ma’no sinonimlari (ideografik sinonimlar), uslubiy sinonimlar va nutqiy sinonimlar singari turlarini sanab o‘tadi.
Sinonimlarni o‘rganish va tushunishni osonlashtiradigan bu kabi tasniflar orasida I. B. Golub tasnifi e’tiborga loyiq. Uning fikricha, ma’no ottenkalari bilan farqlanuvchi sinonimlar semantik sinonimlar, bir xil ma’noga ega bo‘lib, uslubiy bo‘yoqdorligi bilan ajralib turuvchi sinonimlar uslubiy sinonimlar deyiladi. Uslubiy sinonimlarga turli vazifaviy uslublarga taalluqli bo‘lgan hamda bir vazifaviy uslubga tegishli bo‘lib, turli emotsional-ekspressiv ottenkalari bilan farqlanadigan sinonimlar kiradi. Ham ma’nolari, ham uslubiy bo‘yog‘i bilan farqlanadigan sinonimlar esa semantik-uslubiy sinonimlar hisoblanadi.
Sinonimlar tasnifi haqida Z. I. Xovanskaya quyidagilarni yozadi: «lug‘aviy sinonimlar – bir so‘z turkumiga tegishli bo‘lgan, o‘z ma’nosida jins va tur alomatlarini saqlaydigan, mavhumlikning bir xil sathiga aloqador bo‘lgan va denotativ
yoki ma’noning uslubiy komponentlari bilan farq qiladigan til birligidir.
Uslubiy tadqiqot uchun shu narsa favqulodda muhimki, sinonimik munosabatlar faqatgina til tizimida mavjud bo‘lmasdan, balki u ham til birliklarining uslubiy tarmoqlanishida ishtirok etadigan, ham muomala jarayonida uslubiy vazifalarni bajaradigan barcha til sathlari birliklari hisobiga yaratiladigan matnda ham paydo bo‘ladi. Bu xildagi sinonimlar matniy sinonimlar deyiladi».
Savol va topshiriqlar
1.Sinonimiya muammolari bilan shugullanishda o`zbek olimlari qanday tadqiqotlar olib borgan?
2.Sinonimlar tasnifi haqida nimalarni bilasiz?
3.Lug`aviy sinonimlarga tavsif bering.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |