6. 2. L.S.Vigotskiy modeli
L.S.Vigotskiy nutq yaratilishi jarayonining mohiyatini aniqlash uchun “fikrdan ma’noga, ma’nodan so‘zga” degan ta’limotni ilgari surdi. L.S.Vigotskiyga ko‘ra, “Markaziy g‘oya umumiy formulada ifodalanishi mumkin: fikrning so‘zga nisbatan munosabati, avvalo, narsa emas, jarayondir. Bu munosabat fikrdan so‘zga va aksincha, so‘zdan fikrga bo‘lgan harakatdir... Fikrning ushbu yo‘nalishi ichki harakat sifatida qator rejalar orqali amalga oshadi...”.
L.S.Vigotskiyning “ichki so‘z” haqidagi g‘oyasi ichki nutq to‘g‘risidagi fikrlarning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, ichki nutq “fikr va so‘z o‘rtasidagi dinamik munosabatlar oralig‘i bo‘lgan botiniy nutqning alohida ichki rejasidir”. Olim ichki nutqning quyidagi xususiyatlarini qayd qiladi:
u fonasiyadan, ya’ni tovushlarning talaffuz qilinishidan xoli;
u predikativ (ega tushiriladi va unda har doim kesim mavjud) bo‘ladi;
u qisqartirilgan nutq (so‘zsiz nutq)dir.
Oxirgi xususiyatni o‘rganish jarayonida L.S.Vigotskiy ichki nutq semantikasining shunday o‘ziga xosliklarini ta’kidlaydi: ma’noning so‘zdan ustunligi; so‘z ma’nolarining qo‘shilib ketishi; ichki nutq semantikasining so‘z semantikasi bilan mos kelmasligi.
“Har qanday fikr, - deb yozadi L.S.Vigotskiy, nimanidir nima bilan bog‘lashga intiladi va harakatga ega bo‘ladi. Fikrning mazkur oqimi va harakati yoyiq nutq bilan bevosita va bilvosita mos kelmaydi. Chunonchi, fikr birligi va nutq birligi nomutanosibdir”. Olimning qarashicha, “ichki nutqni tashqi nutqqa o‘tishi predikativ va idiomatik nutqning boshqalar uchun tushunarli, sintaktik bo‘lakli nutqqa aylanadigan murakkab dinamik transformatsiyadir”.
L.S.Vigotskiyning fikricha, fikr nutqqa aylanguncha bir necha bosqichlarni o‘tishi lozim. 60-70-yillarda rus psixolingvistikasi tomonidan ishlab chiqilgan nutq yaratilishining barcha psixolingvistik modellarida L.S.Vigotskiy tomonidan taklif qilingan ta’limotning rivojlantirilganligi va aniqlashtirilganligini ko‘rish mumkin. Binobarin, nutq yaratilishining birinchi bosqichi uning motivatsiyasidir. Nutq yaratilishining ikkinchi bosqichi fikr bo‘lib, u nutqiy maqsad (niyat) tushunchasiga mos keladi. Uchinchi bosqich fikrning ichki so‘z vositasida ifodalanishi bildirib, u zamonaviy psixolingvistikada nutqiy ifodaning ichki dasturlanishiga muqobil bo‘ladi. To‘rtinchi bosqich fikrning tashqi so‘zlarning ma’nolari orqali ifodalanishi yoki ichki dasturning amalga oshishidir. Vanihoyat, oxirgi beshinchi bosqich fikrning so‘zlar vositasida ifodalanishi yoki nutqning akustik-artikulyatsion amalga oshishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |