Hikoyalar to‘plamlari Said Ahmadning birinchi hikoyalar toʻplami – "Tortiq" (1940). "Er yurak" (1942), "Fargʻona hikoyalari" (1948), "Choʻl burguti" (1960), "Choʻl oqshomlari", "Odam va boʻron" toʻplamlariga kirgan hikoyalarida zamondoshlarining murakkab taqdiri, ruhiy kechinmalari ehtiros bilan aks ettirilgan. Said Ahmad oʻz hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, Gʻafur Gʻulomning yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi lakonizmdan oʻrganishga intilgan va ular ijodi Said Ahmadning yozuvchi boʻlib yetishishida "darslik" vazifasini oʻtagan. Ayni paytda u hajvchi, yumorist sifatida tanilgan. Ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat. Romanlarida ham yumoristik yoʻnalish muhim oʻrin tutadi. Uning yumoristik mahorati "Kelinlar qoʻzgʻoloni" (1976), "Kuyov" (1986) komediyalarida yorqin namoyon boʻlgan. "Kelinlar qoʻzgʻoloni"dagi xalqona yumor bilan yoʻgʻrilgan Farmon bibi millat mentalitetini, oʻzligini, kuchli va ojiz jihatlarini oʻzida mujassamlashtirgan betakror obraz darajasiga koʻtarilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |