Estetik munosabatdan boshqa barcha munosabat turlari inson «aqlini taniganidan» so’ng, ya’ni go’daklik davridan o’tgandan keyin voqe bo’ladi. Masalan, go’dak hali uyat hissini bilmaydi, unda axloqiy munosabat hattoki ibtidoiy darajada ham shakllanmagan, xohlagan vaqtida, to’g’ri kelgan joyda tabiiy ehtiyojni qondiradi. Lekin u beshikda yotar ekan, tushib turgan ola-chalpoq quyosh nuridan quvonadi, uni kuzatadi, u bilan o’ynagisi keladi yoki beshikka osig’liq rangli o’yinchoqdan zavqlanadi, g’adir-budir, shaklan qo’pol materialni emas, mayin duxobani yoki shunga o’xshash yumshoq, silliq narsalarni xush ko’radi, ularni siypalab zavqlanadi, alla eshitib orom oladi. Bularning bari estetik munosabatning insoniy mohiyatda namoyon bo’luvchi hodisa sifatida ibtidodan mavjud ekanini ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |