San’atda aks etgan tabiat o’zining g’oyaviy-badiiyligi, abadiylikning o’chmas lahzasi takrorlanmas go‘zallik yoki ulug‘vorlik, ba’zan esa fojeaviylik sifatida bizni doimiy rom etishi bilan ajralib turadi. Nosan’at estetik obyekt sifatida esa tabiat faqat go‘zallik va ulug‘vorlikni ifodalaydi, g‘oyaviy-badiiy urg‘uga ega emas, hissiyotlarimizga san’atdagidek kuchli ta’sir ko‘rsatolmaydi, ammo san’atda landshaftning butun go‘zalligini aks ettirish imkoni yo‘q. San’atga aylangan estetik obyekt sifatida tabiat deyarli barcha san’at turlarida va janrlarida o‘z aksini topadi. Boshqacharoq aytganda, tabiatni “o‘rganish”, “tushunish” barcha san’at turlariga xos. Masalan, badiiy adabiyotda hikoyadan – romangacha, she’rdan – dostongacha tabiat manzarasi tasvirlanmaydigan biror janrni topish mumkin emas. O’rik daraxtining to’rt fasldagi holati, ko’klamdagi gullagan, yozda barg yozib, meva qilgan, kuzdagi oltin rangiga kirgan, qishda yalang’och, shoxlari nayzaga o‘xshagan ko’rinishlari badiiy adabiyotda ham, rassomlikda ham o’z ifodasini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |