Po’stloq qismining faoliyati. Buyrak usti bezining po’stloq qavati hujayralari o’zining kelib chiqishi jihatidan epiteliy hujayralariga yaqin turadi. Ular uchta zonani tashkil qiladi. Koptokchali tashqi zona, tutamli orqa zona va to’rli ichki zona. Buyrak usti bezining
po’slog’idan 46 tadan ortiqroq gormonlar - kortiko steroidlar ajratib olingan, biroq ularning 8 tasigina faoldir. Buyrak usti bezlari po’stloq qavati steroidlari besh guruhga bo’linadi:
Glyukokortikoidlar; 2. Mineralokortikoidlar; 3. Indrogenlar; 4. Istrogenlar; 5. Gestogenlar.
Bularning ichida glyukortikoidlar va mineralokortikoidlar katta ahamiyatga egadir. Mineralokortikoidlar organizmda mineral moddalar almashinuvini, avvalo qondagi natriy va kaliyning miqdorini rostlab turadi. Mineralokortikoidlarga dezoksikortikosteron va aldesteron kiradi, aldesteron faolroq va asosiy mineralokortikoid gormon bo’lib hisoblanadi. Mineralokortikoidlar koptokchali zonada ishlanib chiqadi. Ular buyrak kanalchalarida natriy va xlor reabsorbsiyasini kuchaytirib, kaliy reabsorbsiyasini susaytiradi. Oqibatda, qon, limfa va to’qima oraliq suyuqliklarida osh tuzining miqdori ko’payib, kaliy kamayadi. Shu sababli osmotik bosim oshib, organizmda tegishlicha tuz ushlanib turadi, qon bosimi va boshqa xavfli muhim ko’rsatkichlar normal darajada saqlanadi. Mineralokortikoidlarning etishmasligi organizmdan ko’p miqdorda natriy chiqib ketishiga, natijada bir qator xavfli muhim ko’rsatkichlarning o’zgarib qolishiga sababchi bo’ladi. Shuning uchun ham buyrak usti, bezlarning po’stloq qavati olib tashlangan hayvon bir necha kundan keyin o’lib qoladi. Bunday hayvon organizmiga ko’p miqdorda natriy yoki mineralokortikoidlar yuborib turish yo’li bilan hayotini saqlab turish mumkin.
Glyukortikoidlarga kortizon, girokortizon va kortiko-steronlar kiradi. Qo’y va echkilar buyrak usti bezining po’stloq qavatida kortikosteron, yirik shoxli mollarda, cho’chqalarda, it va mushuklarda esa bularning har ikkalasi sezilarli miqdorda hosil bo’ladi.
Glyukortikoidlar tutamli zonada ishlanib chiqadi va oqsillarning uglevodlarga aylanishini tezlashtiradi. Bu vaqtda oqsillarning parchalanishi tezlashib, jigarda oksidlanish va dezaminlanish reaksiyalari kuchayadi. Oqibatda qonda qand, jigar va muskullarda glikogen miqdori ko’payadi. Bu gormonlar uglevodlarni yog’ga aylanishiga ham to’sqinlik qiladi. Ular ko’p miqdorda organizmga yuborilganda muskul va biriktiruvchi to’qima oqsillari kamayib ketadi. Erkaklik jinsiy gormonlari - androgenlar, urg’ochilik jinsiy gormonlari - istrogenlar va gestrogenlar, jumladan, progesteron to’rli zonada hosil bo’ladi. Steroid gormonlarning organizmda almashinuvi natijasida yuzaga kelib, qonda mavjud boladigan 17 kortikosteroidlarning miqdorini aniqlash yo’li bilan buyrak usti bezlari po’stloq qavatining funksional faolligi tog’risida fikr yuritiladi. Chunki qondagi eozinofillar va limfositlar miqdori ham bir nav ko’rsatkich bo’lib, xizmat qilishi mumkin, chunki glyukokortikoidlar bu hujayralar hosil bo’lishini tormozlaydi. Buyrak usti bezlarining po’stloq qavatining gormonlari turli kasalliklarga, har xil turdagi noqo’lay sharoitlarga (sovuq, issiq haroratga, gipoksiya va hokazolarga) organizm chidamini oshirishda katta rol o’ynaydi. Buyrak usti bezlarining po’stloq qismidan gormonlar ajralishini gipotalamus va gipofiz idora etib turadi. Gipofiz olinib tashlangan hayvonlarda bu bezlarning po’stloq qatlami (koptokchali zonasidan tashqari) atrofiyaga uchraydi. Gipofiz buyrak usti bezlarining faoliyatini o’zi ishlab chiqaradigan adrenokortikotrop gormon (AKTg) vositasi bilan idora qiladi. Gipofiz olib tashlangan hayvonlarga shu gormonlardan belgili miqdorda yuborib turish yo’li bilan buyrak usti bezlari po’stloq qavatining atrofiyaga uchrashiga yo’l qo’ymaslik mumkin. Bu gormon organizmga surunkali ravishda yuborib turilsa, bez po’stloq qavatida sintez jarayonlari kuchayib, gipertrofiyaga uchraydi. Bez to’qimasidagi xolesterin va askorbin kislota kamayadi, chunki bular kortikosteroidlarning sintezlanishi uchun sarflanadi. Demak, AKTgning organizmga takroriy yuborilishi qonda kortikosteroidlar miqdorining ko’payishiga sabab bo’ladi. Ammo shuni qayd qilish kerakki, AKTg koptokchali zonaning faoliyatini va undan ajraladigan aldosteron gormoni sekresiyasini boshqarishda bevosita ishtirok etmaydi. Keyingi vaqtda olingan ma’lumotlarga qaraganda, aldosteron sekresiyasini epifizning adrenoglomeronlotropin gormoni stimullab turadi. Bu gormonning organizmga yuborilishi koptokchali zonada tegishli o’zgarishlar yuz berishiga va ko’p miqdordagi aldosteronning qonga chiqarilishiga sabab bo’ladi. Ammo, epifiz olib tashlanganda aldosteron sekresiyasi qisqa vaqt ichida ko’payib kesa-da, keyinchalik o’z-o’zidan oldingi holatiga kelib qoladi. Bundan tashqari, qon, limfa va to’qima oraliq suyuqliklaridagi
kaliy va natriy miqdori aldosteron sekresiyasiga katta ta’sir ko’rsatadi. Agarda organizmning ichki muhitida kaliy natriydan ko’payib kesa, aldosteron ham qonga ko’proq chiqariladi. Organizmda kaliyning kamayishi aldosteronning kam ajralishiga sabab bo’ladi. Bu gormon sekresiyasi buyrak ham ishtirok etadi degan ma’lumotlar bor. Buyrakda ajraladigan renin qonga o’tib, unda tegishli oqsilni gipertenzinga aylantiradi. Bu modda o’z navbatida sezilarli miqdorda aldosteron ishlanib chiqishiga sabab bo’ladi. Buyrak usti bezi po’stloq qavati faoliyatining boshqarilishida miya po’stlog’i ham ishtirok etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |