Bog'liq NORMATIV HUQUQIY HUJJATLAR TUSHUNCHASI VA TURLARI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING “NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLAR TO‘G‘RISIDA”gi QONUNI.8 Ushbu Qonunda belgilangan shaklda qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida Qonun hujjatlari normalarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat normativ-huquqiy hujjat deb hisoblanadi.
3-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi Qonun hujjatlari
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi Qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa Qonun hujjatlaridan iboratdir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining turlari va ularga qo‘yiladigan asosiy talablar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonun hujjatlari bilan ham belgilanadi.
4-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi organlar yoki mansabdor shaxslar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi organlar yoki mansabdor shaxslar (bundan buyon matnda organlar deb yuritiladi) hisoblanadilar.
II. NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNING TURLARI VA O‘ZARO NISBATI
5-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari
Quyidagilar normativ-huquqiy hujjatlar hisoblanadi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;
b) O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari;
v) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari;
d) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
e) vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining hujjatlari;
j) mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari
Normativ-huquqiy hujjatlar Qonun hujjatlari hisoblanadi va ular O‘zbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari majmuini tashkil qiladi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari Qonunlar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari Qonun osti hujjatlari hisoblanadi.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Qonunlarining ustunligi
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi. O‘zbekiston Respublikasida Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda uning normalari va prinsiplariga zid kelishi mumkin emas.
8-modda. O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari
O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan yoki referendum o‘tkazish orqali qabul qilinadi.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun farmonlar shaklida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq qarorlar shaklida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
12-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari o‘z vakolatlari doirasida buyruqlar va qarorlar shaklida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Nizomlar, qoidalar va yo‘riqnomalar tarzida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar buyruq hamda qarorlar bilan tasdiqlanadi Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qabul qilinadi. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari bir necha vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari bilan birgalikda yoki ularning bittasi tomonidan boshqalari bilan kelishilgan holda qabul qilinishi mumkin. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining tarmoq bo‘linmalari va hududiy organlari normativ-huquqiy tusdagi hujjatlar qabul qilishga haqli emas, Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
13-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida qarorlar shaklida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, shuningdek, yuqori turuvchi mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari asosida va ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.
14-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro nisbati
Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi bo‘yicha o‘zaro nisbati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning vakolatiga va maqomiga, shuningdek, hujjatlarning turlariga muvofiq belgilanadi. Normativ-huquqiy hujjat o‘ziga qaraganda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi shart. Normativ-huquqiy hujjatlar bir-biriga to‘g‘ri kelmagan hollarda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi. Teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar bir-biriga to‘g‘ri kelmagan hollarda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi. Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idorasining ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini tartibga solish uchun maxsus vakolati bo‘lsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil darajadagi boshqa vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idorasining normativ-huquqiy hujjatiga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘ladi.