Xizr, Luqmon kabi avliyolar va Azroil,Jabroil, Isrofil, Mekoil, Munkar, Nakir singari farishtalarning nomlari ham teonimlar qatoriga kiradi85. SHuningdek, Azozil, Molik, Uzzo, Uzoyo, Xorut, Morut kabi antroponimlar ham farishtalarning ismlari bo‘lib, ular ham teonimlar sanaladi.
Toponimlar, antroponimlar va boshqa onomastik birliklarning transkripsiyasi, imlosi, ularni bir yozuvdan ikkinchi `o‘tkazish (transliteratsiya qilish) kabi masalalar onomastikaning ilmiy-amaliy muammolaridir. Bu sohada ham o‘zbek onomastikasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Masalan, E.Begmatov “Kishi nomlari imlosi” (1970), “O‘zbek ismlari imlosi” (ruscha yozilishi masalalari, 1972) nomli kitoblar e’lon qilgan. Adabiyotshunos olim A.Abdug‘afurov “Bobir emas, Bobur” nomli maqolasi bilan shu taxallusning yozilishi bilan bog‘liq har xillikka munosabat bildirgan edi86. X.Nabiev matbuotda “Asl isming nima edi, Kulchaxon” sarlavhali maqola bilan chiqish qildi edi. H.Rahimov “Genrixmi – Xenrixmi?” nomli maqolasida nemis tilidagi atoqli otlarni o‘zbek tiliga transkripsiya qilish bilan bog‘liq masalalar haqida fikr-mulohazalar, takliflarni bildirgan edi. O‘zbek adabiyotshunosligida “Atoiy - Otoiy”, “Navoiy - Navoyi” kabi tahalluslarning imlosi haqidagi munozara ko‘p yillardan buyon davom etmoqda.
Umuman, taxalluslar, ularning ma’nosi, qo‘llanilishi, imlosi kabi masalalar o‘zbek filologiyasida ko‘p yillardan buyon o‘rganilmoqda. Masalan, YO.Ishoqovning Jomiy va Navoiy taxallusli shoirlar, bu taxalluslarning imlosi haqidagi bir necha maqolalari e’lon qilingan. SHoir Oltoy (Bois Qoriev) tomonidan o‘z vaqtida “Adabiy taxalluslar haqida” nomli maqola yozilgan edi. Bu maqolada XX asr boshlarida o‘zbek adabiyotida va vaqtli matbuotida qo‘llangan ikki yuzdan ortiq taxalluslar doimiy, o‘tkinchi va qisqartirilgan taxalluslarga ajratilgan holda alifbo tartibida keltirilgan. Keyinchalik XX asrning 70-yillarida adabiy taxalluslar haqida ikkita kitob maydonga keldi. Bu asarlarda adabiy taxalluslarning imlosi haqida ham muhim fikr-mulohazalar bildirilgan.
Geograf va kartograf olimlar toponimik kartalarda, atlaslarda atoqli otlar, terminlar va qisqartmalarning yozilishiga oid amaliy yo‘riqnomalar ishlab chiqmoqdalar87. Navoiy shahrida o‘tkazilgan “Joy nomlari – xalq tili va ma’naviyatining nodir merosi” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanidagi tinglangan ma’ruzalarning bir qismi SHahidmozor // SHohidmozor, Tor-tor mahalla // Totor mahalla, Ko‘tarma ariq // Ko‘tarmaariq, Qayirma ariq // Qayirmaariq, Dehnov // Denov, Navkat // Navqat, Navai // Navoi, Kыzыltepa // Kыzыl-Tepo // Kiziltepo // Kizil tepe, Germaniya // Olmoniya, Rossiya // Rusiya, Evropa // Ovrupo, Sartepo // Sattepo // Saratepa, Zerafshan // Zarafshan // Zarafshon, Konimex // Kenimex // Kanimex kabi joy nomlari, gidronimlarning imlosi, transkripsiyasi, transliteratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan edi88.
Ma’lumki, onomastik material har qanday rivojlangan til lug‘at boyligining katta qismini tashkil etadi. SHunga ko‘ra onomastik materialni xuddi tarix, geografiya, astronomiya kabi fanlar singari maxsus o‘rganish talab qilinadi. Bunday o‘rganish o‘rta umumta’lim maktablaridan boshlanishi hamda tizimli ravishda akademik litseylarda, kollejlarda va oliy o‘quv yurtlarida izchil ravishda davom ettirilishi lozim. Onomastik material bo‘yicha dars o‘tish o‘qituvchidan katta tayyorgarlikni, tilning lug‘at tizimida onomastik birliklarning tutgan o‘rnini aniq tasavvur etishni talab qiladi. SHuni inobatga olish lozimki, ona tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, geografiya, tarix, astronomiya, biologiya, fizika kabi fanlar mazmun-mundarijasi onomastik materialga boyligi bilan ajralib turadi. Onomastik birliklarni maktab, litsey, kollejlarda, oliy o‘quv yurtlarida alohida mavzuiy guruhlar, onomastik ko‘lam va ko‘lamchalar sifatida o‘qitish muammolari ham o‘zbek onomastikasida maxsus o‘rganilishi lozim. Jumladan, akademik litseylar uchun e’lon qilingan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligida “Nomshunoslik” mavzusini o‘rganish ko‘zda tutilgan89. Bu sohada hozircha ayrim maqolalar, ba’zi uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan90, xolos.
Do'stlaringiz bilan baham: |