XI-BOB: HUQUQIY TARBIYA.
Huquqiy tarbiya haqida tushuncha
Bugungi kunda ijtimoiy adolatni o‘rnatish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatimizning eng muhim vazifalaridan hisoblanadi. Har bir davlat o‘z fuqarosini har tomonlama o‘qimishli, ongli, tarbiyali bo‘lishini istaydi. Bunda yosh avlodda huquqiy tarbiya, huquqiy ong, huquqiy madaniyatni shakllantirish masalalariga katta e’tibor qaratadi.
Huquqiy tarbiya – umum tabiyaning ajralmas qismi bo‘lib, barcha fuqarolarda huquqiy bilimlar asosida, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish va rivojlantirish borasida tashkil etiladigan tarbiyaviy jarayondir. Shu zaylda qonunchilikni mustahkamlash, huquqiy me’yorlarni hurmat qilishga erishiladi.
Huquqiy tarbiya – muntazam olib boriladigan, aniq maqsadni ko‘zlagan va shaxs (guruh) da huquqiy ong, huquqiy bilim va qoidalarga rioya etish jihatlarini namoyon etishga undaydigan pedagogik yo‘ldir. Huquqiy tarbiya haqida fikr yuritilar ekan, avvalambor huquq so‘zining ma’nosi nima? va u nimani anglatishini bilishimiz lozim.
Huquq – jamiyat a’zolari rivojlanishini, jamiyatda tartib o‘rnatishni tashkil etish, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish vositasidir.
Huquq – ijtimoiy va yuridik mazmunga ega shaxsning xulq-atvori, axloq, urf-odatlar, an’analar nuqtai nazaridan asoslangan hollarda umumijtimoiy ma’nodagi huquq tushiniladi. Bunga millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi ham kiradi.
Huquq to‘g‘risida yuridik hodisa sifatida fikr yuritilganda davlat hokimiyatining qonunlari, hujjatlari, shaxsning erkinligi, xulq-atvor majburiyatlari majmuasini nazarda tutamiz.
Huquqning vujudga kelishi to‘g‘risida turli xil nazariya va qarashlar mavjud. Insoniyat vujudga kelishi bilan jamiyatda o‘zini tutish qoidalari vujudga kela boshlagan. Davlatgacha bo‘lgan davrda bu urf-odat, diniy me’yorlar shaklida bo‘lib, jamiyat a’zolari bularga rioya qilgan. Jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarning shakllanishini amalga oshirish yo‘lini ko‘rsatib beruvchi qoidalar, me’yorlar – huquq deb atala boshlandi.
Huquqiy tarbiya – tarbiyalanuvchilarning xulq-atvoriga ta’sir ko‘rsatuvchi, ularga ma’lum qoidalar doirasida ish tutish uchun asos bo‘ladigan bilim berishdir. Pedagog-tarbiyachi huquqiy bilimlar beribgina qolmasdan, tarbiyalanuvchilarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata olishi lozim.
Demak, huquqiy tarbiyaning asosiy maqsadi shaxsda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish, huquqiy me’yorlarga nisbatan hurmat, ularga ongli va mustaqil ravishda rioya qilishni tarbiyalashdir.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni huquqiy tarbiyasini o‘stirish maqsadida biz bu tarbiyaning ta’limiy va tarbiyaviy jihatlarini ko‘rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |