5-fasl. «Sovet davri» o’zbek ziyolilari tomonidan yaratilgan ma’naviy
merosga munosabat.
50-yillar ikkinchi yarmi, 60-yillar boshlarida Stalin shaxsi fosh qilinishi
munosabati bilan yana biroz «teshik-tuynuklar» ochilib, ziyo ahliga ozgina bo’lsa
ham erkinroq nafas olish imkoni tug’ildi. Albatta, «sovet sotsialistik g’oyalari»
www.ziyouz.com kutubxonasi
179
chegarasida, ammo nisbatan halolroq, samimiyroq so’zlovchi iqtidorli yoshlar
adabiyot sohasiga kirib keldilar, o’tmish merosimizni o’rganishga ham e’tibor
kuchaydi. 40 - 50-yillarda Sharq fakultetini bitirgan kichik, ammo iqtidorli guruh,
eski ta’limdan bahramand bo’lgan va tasodifiy sabablarga ko’ra 30-yillar qatag’on
mashinasi changalidan tirik qutulib qolgan sanoqli ikkinchi qatlam ziyo egalariga
tayanib, e’tiborga sazovor ishlarni imkon doirasida amalga oshira boshladilar.
Ba’zi rahbarlik lavozimidagi kishilar, Habib Muhamedov kabi fidoiylar «sovet
sotsialistik mafkurasi»ga samimiy ishongan holda millat manfaati uchun qayg’urib,
milliy ma’naviyat unsurlarini imkon doirasida yosh avlod ongiga etkazishga
urindilar, buning uchun harakat qilayotgan haqiqiy ilm egalari, ziyolilarga faoliyat
maydonini erkin qo’yib berdilar. «Xamsa»ning to’liq matni, «Xazoyin ul -
maoniy», «Boburnoma», «Qutadg’u bilig» matnlari shunday sharoitda nashr etildi,
Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi shunday imkoniyat doirasida tashkil
topdi. Ammo baribir, tez-tez ko’rib ko’rmaslikka solishga, bilib bilmaslikka
olishga, Navoiyni, Jomiyni, Ulug’bekni, Nodirani yaxshi deyish uchun tarixiy
voqelikka xilof ravishda Attorni, Xo’ja Ahrorni, Amir Temurni, Umarxonni
yomonotliq qilib qoralashga majbur bo’lindi. Amiriy devonini, «Zafarnoma»
matnini e’lon qilishga jur’at etgan olimlar do’q-po’pisa eshitdilar. Eng yomoni
ajdodlarimiz merosi asli holicha emas, «kesilgan», «qirqilgan», hokim mafkura
ruhiga moslab talqin qilingan holda yosh avlodga etkazildi. Shu sababli asl matnni
o’qiy olmaydigan, e’tibor qilishga vaqt topmagan, o’sha allomalar yashab ijod
etgan ma’naviy muhitni to’g’ri idrok etish imkoniga ega bo’lmagan avlod ko’plab
tarixiy haqiqatga zid «fikr» va «xulosalar»ni hanuz chippa-chin qabul qilib, shu
asosda mulohaza yuritmokda, hatto bu gumrohlik zaminida ilmiy tadqiqotlar olib
borishga urinishlar mavjud.
Qisqasi, inson erkin bo’lishi uchun, uning ma’naviyati mustaqil va erkin
shakllanishi uchun birinchi shart millat va mamlakat mustaqilligidir.
Biz bu mustaqillikka 1991 yil 1 sentyabrdan erishdik.
Ajab hodisaki, mustaqillik yomon odamni ham yaxshilik sari undar ekan.
Sababi, inson bolasi tabiiy sharoitda tabiiylik sari intiladi, tabiiylik esa hamisha
yaxshilik, ezgulikdir. Yomonlikni notabiiy sharoit paydo qiladi, milliy qaramlik
vaziyati shunday notabiiy sharoitni vujudga keltirgan edi. Shu asosdan kelib
chiqib, biz bugun hech kimni kechagi ayblari uchun gunohkor etmaganimiz
ma’qul, faqat niyatlar farq qiladi, turli insonlarning imkoniyatlari bir-biridan
o’zgacha ekanligi tabiiy holdir.
Biz yaqin o’tmishimiz, anig’i, «sovet davri»da yuzaga keltirilgan ma’naviy
merosdan aslo voz kechishimiz, unga mensimay qarashimiz mumkin emas. Hamza
va Sadriddin Ayniy, Hamid Olimjon va G’ofur G’ulom, Oybek va Abdulla Qahhor
adabiy merosi o’zbek xalqining ma’naviyat xazinasidan munosib joy olgandir.
Albatta, ular ijodida zamonasozlik ham, badiiy meyorga etmagan ba’zi asarlar ham
bo’lishi mumkin. Ammo ularning badiiy salohiyati, o’zbek xalqi va Vatanga
mehri, xalq ma’naviy kamoloti uchun qo’shgan hissasi benazir ekanini faxr bilan
tan olsak arziydi. «Sovet davri» deb atalgan 70 yillik murakkab tarixiy jarayon
davomida milliy ziyolilarimiz har biri tashqi imkon va ichki salohiyat darajasida
xalq ko’nglini o’stirib, ma’naviy olamini boyitib keldilar, biz buni e’tirof etishimiz
www.ziyouz.com kutubxonasi
180
va minnatdorchilik bilan ular izzatini joyiga qo’yib, asarlarini yangicha nuqtai-
nazar bilan yangidan ko’rib chiqishimiz lozim. Umuman, bolьsheviklar odatini
takrorlab, bu - mutaraqqiy, narigi - mutaassib yoki reaktsion deb tamg’a bosish
insofdan ham emas, ilmga ham muvofiq emas. Har to’kisda bir ayb. Biz fazilatni
ko’ra bilaylik.
Mustaqillik ma’naviyati xalqimizning necha ming yillik mustaqil ma’naviy
kamolot yo’liga tayanadi, milliy ma’naviyatimiz takomil bosqichlarini eng
umumiy sathda bir qur ko’zdan kechirib chiqishni lozim topganligimizning boisi
ham ana shunda.
Do'stlaringiz bilan baham: |