Jarayonlarda Senatning ishtiroki
Senat Kengashi qarori asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash yuzasidan doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi idoralararo ishchi guruh ham tuzildi.
Ushbu tuzilma Prezidentimizning 2020-yil 11-noyabrdagi qarorida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini olib boradi.
Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi tomonidan bevosita joylarga chiqib tahliliy oʻrganishlar oʻtkazib kelinayotganligini ham aytish zarur.
Shu jarayonda Prezident qarorining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, investitsiya loyihalarining ijro holati, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar bilan ishlash, yuzaga kelgan masalalarni joyida hal etish, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Parlament yuqori palatasi tomonidan nafaqat ushbu loyihalar ijrosi tahlil etilmoqda, balki qator ijtimoiy muassasalarga hamda tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordamlar koʻrsatib kelinyapti. Masalan, markazlashgan ichimlik suvi tarmogʻidan olis hududlar aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida Taxtakoʻpir tumani tibbiyot birlashmasiga soatiga 5 kub metr suvni tozalaydigan va chuchuklashtiradigan inshoot oʻrnatib berildi.
Yaqinda Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining terapiya yoʻnalishidagi bosh mutaxassislaridan iborat guruh “temir daftar” va “ayollar daftari”ga kiritilgan hamda yotib qolgan bemorlarni xonadonbay tizim asosida tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi.
Bu jarayonda Nukus shahri, Qoʻngʻirot, Chimboy va Beruniy tumanlarida istiqomat qiluvchi 226 nafar bemor tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Bemorlarning 11 nafari Qoraqalpogʻiston Respublikasi koʻp tarmoqli tibbiyot markazida, 4 nafari Toshkentdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida davolanishga, 3 nafari buyrak transplantatsiyasiga hamda 1 nafari yurak jarrohlik operatsiyasiga tavsiya qilindi.
Qoʻmita tomonidan hududning ekoturizm salohiyatini roʻyobga chiqarish, jozibadorligini taʼminlash, qoraqalpoq elining madaniy qadriyatlari va anʼanalarini avaylab-asrash maqsadida qoraqalpoq oʻtovini YUNESKO nomoddiy madaniy boyliklari roʻyxatiga kiritish saʼy-harakatlari boshlab yuborilganligini ham mamnuniyat bilan aytmoqchimiz.
Shu paytga qadar tuzilma tomonidan hududning tarixi, urf-odatlari, madaniy yodgorliklari, taniqli shaxslar hayoti hamda ijodiga bagʻishlangan uchta videorolik, bitta badiiy film tayyorlanib, Tashqi ishlar vazirligi, Milliy teleradiokompaniya va Kinematografiya agentligiga taqdim etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |