91
aqidaviy ixtiloflar to‘rtinchi xulafoi roshidin Alining qo‘shnidan ajrab chiqqan, aqida
masalasida bir necha shubhali savollarni o‘rtaga tashlagan xorijiylar tufayli boshlandi.
Ular Hazrati Ali va Abdulloh ibn Abbos (r.a.) bilan aqida masalasida ixtilofga borishdi.
Sahobiylar davri tugaganidan keyin tobeiylar davriga kelib vaziyat yanada keskin
tus oldi. Chunki bu davrda din ilmlarini, ayniqsa, aqidani biluvchi kishilar oldingiga
nisbatan ancha kamayib, sof aqidaviy qarashlarga qarshi turli botil g‘oyalarni ilgari
surgan firqa va toifalarning tarqalishi avj oldi. Ular o‘zlarining islomga yot bo‘lgan fikr
va qarashlari, e’tiqodlarini ommaga tarqatib, to‘g‘ri aqidani noto‘g‘ri talqin qilish
yo‘lidan bordilar. Shuningdek, yangi egallangan yurtlardagi xalqlarning islomdan
oldingi diniy qarashlari va falsafalari, o‘z tushunchalari va tafakkur yo‘llari mavjud
bo‘lgan. Shu sababdan ularning islom ta’limotini tushunib olishlari juda qiyin
kechganiga tarixiy dalillar guvohlik beradi. Binobarin, Qur’on oyatlari va hadislarni
ba’zi vaqtlarda o‘zlarining islomdan oldingi ta’limotlari andozasiga solish holatlari
uchraydi. Islom diniga yot bo‘lgan turli guruh va jamoalarning uni buzib talqin qilish
natijasida ularga raddiya sifatida olimlar kalom, ya’ni aqida ilmiga asos soldilar. Shu
tariqa bu ilm turi musulmonlar uchun zarur sohaga aylandi. Zero, har bir musulmon
to‘g‘ri aqidani bilishi shart deb hisoblanadigan bo‘ldi. Mashhur mutakallim olim
Sa’duddin Taftazoniy «Maqosid at-tolibin» asarida: «Kalom ilmi diniy aqoid usullarini
ishonchli dalillar asosida anglashni o‘rgatadigan ilmdir. Shu ilm tufayli shar’iy, nazariy,
aqidaviy masalalar hal qilinadi. Uning natijasi imonga komil ishonch bilan ziynat
berish, foydasi esa bu dunyoda tartibli hayot kechirish va oxiratda azob-uqubatdan xalos
bo‘lishdir. Shunday ekan, kalom ilmi eng sharafli ilmdir», deb keltiradi. Hujjatul islom
Abu Homid G‘azzoliy o‘zining «Ihyo ulum ad-din» nomli asarida: «...Chuqur bilimga
ega bo‘lmagan oddiy musulmonlarning diniy e’tiqodlarini turli bid’at va noto‘g‘ri
g‘oyalardan saqlash uchun kalom ilmini o‘rganish vojibdir», deb keltiradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, aqoid yoki kalom ilmining
vazifasi: a) diniy e’tiqodlarni qat’iy dalillar bilan isbotlash va ular haqidagi Shubha
hamda gumonlarni rad qilish; b) insonni aqidada oddiy taqlidchi bo‘lishdan har bir
e’tiqodga hujjat keltira olish darajasiga ko‘tarish; v) islomning sof e’tiqodlarini
adashgan zalolat ahlining Shubha va gumonlaridan himoya qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: