Boshqaruv faoliyatida zarur bo’ladigan muhim sifatlarni aniqlash.
Rahbarning professional muhim sifatlari masalasi oxirgi yillarda mutaxassislar va amaliyotchilarni ko’proq qiziqtirmoqda. Bir guruh olimlar amerikalik hamda yaponiyalik rahbarlar faoliyatini o’rganib, ularga xos bo’lgan eng muhim sifatlarning bloklarini ajratganlar. 1500 nafar amerikalik menejer va 41 nafar yaponiyalik yirik firma rahbarlarining sifatlari quyidagicha tabaqalandi:
1.Konseptual qobiliyat va xulq-atvor standartlari: a) dunyoqarashning kengligi va global yondashuv;
b) uzoqni ko’ra bilish va egiluvchanlik;
c) tashabbuskorlik, dadillik va tavakkalchilikka moyillik;
d) muntazam o’z ustida ishlash va uzluksiz ta’lim.
2.Shaxsiy sifatlar: a) maqsad va yo’nalishlarni aniq belgilash xususiyati;
b) o’zgalar fikrini tinglay olish qobiliyati;
c) xolislik, samimiyat va bag’rikenglik;
d)adolatli qarorlar chiqarish orqali xodimlarni joy-joyiga qo’yish hamda ular imkoniyatlaridan to’la foydalanish;
e) shaxsiy yoqimtoylik;
f) jamoani tashkil etish va unda uyg’un psixologik muhitni ushlab tura olish qobiliyati.
3.Salomatlik. Lekin barcha o’tkazilgan tadqiqotlar natijasida shu narsa ayon bo’ldiki, amerikalik rahbarlar ko’proq xodimlarning shaxsiy-individual tashabbuslarko’rsatishlariga imkon beruvchi muhitning bo’lishi tarafdorlari bo’lsalar, yaponiyaliklar – xodimlarning hamkorlikdagi faoliyatlari samarasini oshiruvchi sharoitlarni yaratishga e’tibor beradilar.
Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, rahbarda tug’ma qobiliyat bo’ladi, deb ham, ikkinchi tomondan, rahbar vaziyatga qarab, stixiyali tarzda tarbiyalanib ketaveradi, deb ham aytib bo’lmaydi. Minglab shaxs sifatlari ichida ko’plari rahbarlik uchun qulay va ma’quldir. A.Petrovskiy ana shunday ijobiy sifatlardan bir yarim mingini sanab chiqqan. Lekin ularning barchasini umumlashtiradigan, albatta, bo’lishi lozim bo’lgan ayrim sifat qobiliyatlar borki, o’shalar haqida qisqacha to’xtalib, o’tmoq lozim.3 Avvalo, har qanday rahbarda intellekt – aql-zakovat (IQ)ning ma’lum darajadagi normasi bo’lishi kerak. Bu norma yaxshi rahbar uchun o’rtadan yuqori bo’lmog’i maqsadga muvofiqdir, chunki geniy darajasidagi intellektga ega bo’lgan rahbar bilan ishlash xodimlar uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqarishini, bunday aql-zakovat qolganlarning ijobiy rivojlanishiga psixologik to’siq bo’lishini amaliyot va hayotiy tajriba ko’rsatadi. Rahbardagi o’rtadan yuqori intellektni qoplab ketadigan boshqa yana muhim sifatlar ham borki, ular boshqarish ishining samarasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.