G’arbda neoliberal yo’nalish tarafdorlari ichida Lyudvig Erxard (1897-1977)
alohida ajralib turadi. Uning bevosita ishtirokida 1950 yilga kelib G’arbiy
Germaniya krizis holatidan olib chiqildi va unda pul va iqtisodiy islohotlar
amalga
oshirildi. L.Erxard - iqtisodchi va yangi xo’jalik tartibi asoschisi hisoblanadi. 1945
yilning oxirida Bavariya iqtisodiyot vaziri etib tayinlangan L.Erxard Germaniya
iqtisodiyoti «jiddiy tuzilmaviy qayta qurishga muhtoj» deb ko’rsatib beradi va real
vaziyatdan kelib chiqqan holda to’g’ri ish yuritish zarurligini uqtirib o’tadi. Uning
takidlashicha, bozor iqtisodiyotidan rejali iqtisodiyotga o’tish asosiy muammo
hisoblanmaydi, chunki «balanslashuvga moyil iqtisodiyotdan qaytish oson», ammo
«rejali iqtisodiyotni erkin bozor xo’jaligiga aylantirish juda katta qiyinchiliklar
bilan bog’liq», chunki tabiiy muvozanatdan chetga chiqqan iqtisodiyotga birdan,
o’tish davrisiz, erkin bozor imkoniyatlarini yaratib berish qiyin. Urushdan keyingi
Germaniya iqtisodiyoti juda qiyin ahvolga tushib qolgan. Ishlab chiqarish
quvvatining uchdan ikkisi ishlamasdi. Narxlar
muttasil oshib borgan, mamlakatda
«qora bozor» hukmronlik qilgan. Aholining qo’lidagi pul vositalari milliy
mahsulot miqdoridan deyarli o’n barobar ortiq bo’lgan. Birinchi chora-tadbir 1948
yili iyunda o’tkazilgan pul islohoti bo’ldi va u bir butun Germaniya iqtisodiyotini
isloh qilishda katta rol o’ynadi. Yangi nemis markalarini eski, muomaladan
chiqarilayotganlari bilan almashtirish birga (yangi marka) o’n (eski marka)
nisbatda amalga oshirildi. Ish haqi, pensiya, kvartira haqi to’lash birga bir nisbatida
amalga oshirildi. Har bir kishi qirq markadan oldi. Almashtirishdan keyin qolgan
pulning bir qismi maxsus schyotlarda muzlatib qo’yildi. Bank tizimi isloh qilindi.
Qo’shimcha ko’rilgan chora-tadbirlar yangi inflyatsiya
kelib chiqishning oldini
oldi: dastlab eski valyutani yangi valyutaga almashtirish kursi amalda bir yangi
marka o’n besh eski markani tashkil etdi. Pirovard natijada pul massasi (naqd
mablag’lar va bank depozitlari) 14 martadan ko’proq kamaydi. Islohot puxta
tayyorlangan bo’lib, u keskin va izchillik bilan o’tkazildi. Islohotni tayyorlash va
o’tkazish ikki yilga yaqin davom etdi. Narx-navoning oshishi taxminan olti oy
ichida to’xtatildi. 1950 yil boshiga kelib ishlab chiqarish urushdan oldingi
darajadan oshib ketdi. Iqtisodiy islohotning muvaffaqiyatli chiqishiga sabab nima?
Uning asosiy sababi saqlanib qolingan moddiy bazaning mavjudligi, nisbatan
arzon ishchi kuchi, aholining qondirilmagan talabining ishlab chiqarishga faol
ta’sir ko’rsatishi bo’ldi. Moliya va pul-kredit tizimining barqarorlashuvi
muvaffaqiyatga erishishning zarur shart-sharoiti hisoblandi. Keyin AQSh va
G’arbdagi boshqa rivojlangan mamlakatlarning moliyaviy va moddiy jihatdan
qo’llab-quvvatlashi islohotning muvaffaqiyatli chiqishiga turtki bo’ldi. Iqtisodiy
yordam Marshall rejasi bo’yicha amalga oshirildi, shuningdek, oziq-ovqat, yoqilg’i,
urug’lik, o’g’it boshqa yo’llar bilan ham etkazib turildi. Germaniya
iqtisodiyotiga
Amerika transporti va Amerika armiyasining boshqa anjomlari keltirib berildi.
Imtiyozli shartlar bilan Evropa qayta tiklash dasturi Fondidan kreditlar ajratildi.
Hukumatning boshqaruv tizimini o’z qo’lida ushlab turishi, o’z
vaqtida iqtisodiy
kursni o’zgartira bilishi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Garchi o’zining iqtisodiy
liberalizmga moyilligini yashirmagan bo’lsa ham, L.Erxard «sof» liberal bo’lgan
emas. U tanlab olingan yo’ldan og’ib ketmaslik uchun davlat dastaklaridan keng
foydalandi. Davlat qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan tarmoqlarni, ayniqsa,
toshko’mir sanoatini, metallurgiya, elektroenergetikani qo’llab-quvvatladi.
Investorlarga va tadbirkorlarga soliq imtiyozlari yaratilib berildi. L.Erxard va
uning hamkasblari tomonidan olib borilgan islohot, Germaniya iqtisodiy
taraqqiyoti uchun shart-sharoit yaratib berdi. U iqtisodiy qo’llanmalarga kiritildi va
qarorlarni realizatsiya qilish, qayta tashkil etish vositalaridan va metodlaridan
samarali foydalanish uchun qulay paytni topish namunasi sifatida qaraladi. Shu
bilan birga, hech bir namuna
real shart-sharoitlarni, maxsus xususiyatlarni hisobga
olmagan holda universal echim yoki tayyor sxema vazifasini o’tashi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: