Grozniy neft institutining yig‘ish tizimi. Bu tizim o‘z ichiga jamlangan to‘rtta yirik tizimlarni biriktirgan bo‘lib, Baronyan-Vezirov yig‘ish tizimidan zamonaviyligi, qulayligi va mahsulot yo‘qotilishini minimumgacha kamaytirilganligi bilan farq qiladi (2.2-rasm).
Jamlangan to‘rtta yirik tizimga guruxiy o‘lchov qurilmasi, birinchi bosqich gazsizlantirish qurilmasi, markaziy gazsizlantirish qurilmalari va neftni mukammal tayyorlash qurilmalari kiradi.
Bu yig‘ish tizimida yuqori bosimda favvora usuli bilan ishlayotgan quduqlar (1) boshida 6-7 MPa bosim saqlanib turiladi, buning natijasida neft guruxiy o‘lchov qurilmasi (2) gacha va undan keyin birinchi bosqich gazsizlantirish qurilmasi (3) ga, hamda neftni tayyorlash tizimlarigacha o‘z bosimi bilan yetib borishi ta’minlanadi. Quduqlar boshida 6-7 MPa bosimning saqlanib turilishi neftni tayyorlash tizimini 100 km masofagacha uzoqlikda o‘rnatish imkoniyatini beradi.
Guruxiy o‘lchov qurilmasida 14 tagacha quduqning mahsulot miqdori o‘lchanishi mumkin. Agar erigan gaz miqdori juda katta bo‘lsa, guruxiy o‘lchov qurilmasidan neft birinchi bosqich gazsizlantirish qurilmasiga yo‘naltiriladi. Bu yerda dastlabki ajratib olingan gaz to‘g‘ri GQIZ (4) ga yoki boshqa bir iste’molchiga yuboriladi. Neft birinchi bosqich gazsizlantirish qurilmasidan o‘tgandan so‘ng markaziy gazsizlantirish qurilmalari (5) ga yo‘naltiriladi. Bu yerda neft uch bosqichli gazsizlantirish jarayonidan o‘tadi. Ajratib olingan gazning o‘zi ham kondensat va neft tomchilaridan tozalanadi, quritiladi va gazni qayta ishlash zavodiga yoki iste’molchiga yuboriladi. Gazsizlantirilgan neft esa neftni tayyorlash qurilmalari (6) ga yetib keladi. Bu yerda neft suv va qum zarrachalaridan tozalanib tayyor mahsulot holiga keltiriladi va neftni qayta ishlash zavodlariga yoki temir yo‘l va neft quyish estakadalariga quvur orqali jo‘natiladi.
Grozniy neft institutining yig‘ish tizimida quduqdan chiqayotgan neft, gaz va suvli suyuqlik bitta katta quvur orqali uzoq masofaga (100km gacha) uzatilib, unda quvurdagi oqimning uzluksizligiga, oqimni haydash tarziga katta ahamiyat beriladi.
Grozniy neft institutining yig‘ish tizimidagi neft yig‘ish, uzatish va tayyorlash Shimoliy Kavkaz va Ukraina konlarida ko‘proq qo‘llaniladi.
Bu tizimning yana bir afzalligi 100 km radiusda joylashgan bir necha konlar uchun tayyorlash tizimlarini bir joyda jamlangan holda qurishning mumkinligidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |