Tilshunoslik va biologiya. Tilshunoslikning nevrologiya bilan munosabati. Neyrolingvistika.
Tilshunoslik biologiya fani bilan ham uzviy aloqadadir. Avvalo, tilshunoslikning o‘rganish obyekti bo‘lgan til tovushlar silsilasi yordamida moddiylashadi.Tovushlar esa nutq birligi sifatida muayyan nutq organlarining faoliyati natijasida yuzaga chiqadi. Nutq tovushlarini hosil qilishda ishtirok etadigan nutq organlari nutq apparati sanaladi.
Nutq apparati tarkibiga kiruvchi nutq organlari inson organizmining tarkibiy qismidir. Har qanday nutq organi ikki xil vazifa bajaradi: 1) birlamchi vazifasi insonning fiziologik a’zosi. Bunday a’zo sifatida ular inson organizmining normal yashashi uchun zarur tabiiy ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi; 2) ikkilamchi vazifasi nutq organi. Bu faqat homo sapiensga xos xususiyatlar bo‘lib, birlamchi vazifasi ustiga qo‘shimcha vazifa – ma’lum nutq tovushlarini talaffuz qilish vazifasi qo‘shiladi. Shunday qilib, bu organlar ham biologiyaning, ham tilshunoslikning tekshirish obyekti bo‘ladi.
Tilshunoslik tibbiyotning nevrologiya bo‘limi bilan ham uzviy aloqada. So‘nggi davrlarda psixologiya, nevrologiya va tilshunoslik fanlarining oralig‘ida neyrolingvistika nomi bilan yuritiluvchi yangi fan tarmog’i vujudga keldi. Bu fan nutqiy faoliyat bosh miyaning mahsuli ekani, miya kasallanishining nutqiy faoliyatga ta’siri masalalarini o‘rganadi. Sodda qilib aytganda, neyrolingvistikaning o‘rganish obyekti afaziyadir.
Bundan tashqari, tilshunoslikda valentlik atamasining keng tarqalishi, invariant – variant tushunchalarining paydo bo‘lishi kimyo fanining, yadro-preferiya munosabatlari fizika fanining, tilshunoslikda keng qo‘llanilayotgan statistik metodlar matematika fanining ta’siri orqali maydonga keldi.
3.Tilga berilgan ta’riflar. Nazariy tilshunoslikda tilning tafakkur, psixik faoliyat, ijtimoiy-sotsial institutlar, tabiat hodisalari va boshqa belgili tizimlar bilan yaqinlashtiruvchi konsepsiyalarning sezilarli ta’sirga egaligi.
Inson insoniy kamolotga erishuvi uchun so‘zlashga muhtojdir, har bir insonning tabiatida boshqa bir kishi yoki ko‘pchilik bilan fikrlashish, o‘zaro lisoniy aloqa qilish xususiyati bor. (Abu Nasr Forobiy).
Til so‘zlovchi istagini eshituvchiga yetkazuvchi tarjimondir. Shuning uchun til zamonning bir onidek, turg‘un qismi kabi cheklanib qoladi.(Abu Rayhon Beruniy)
Ko‘ngil mahzanining qulfi til va mahzanning kalitin so‘z bil. (A.Navoiy).
Til aloqa vositasi sifatida ijtimoiy hodisadir va u kollektivning yutug‘idir. Tildagi o‘zgarish alohida shaxsga bog‘lik emas. Til aloqa vazifasini bajaruvchi vosita sifatida murakkab ifoda vositasiga egadir. (A.Meye).
Tilning butun qudrati – uning xalq dilida va mehnat jarayonida yaratilib, boyib borishi bilan bog‘liqdir (P.Qodirov).
Jonli til – aloqa qurolidir. Aloqa esa hamisha so‘zlovchidan eshituvchining ehtiyojini hisobga olishni talab qiladi (P.Qodirov).
Til mohiyatan bitmas-tuganmas, cheksiz-chegarasiz ifoda imkoniyatlarining jamidir (N.Mahmudov).
Til fikr ifodalash, dunyoni bilish, bilim va tajribalarning to‘plash, saqlash va keyingi avlodlarga yetkazish, milliy-ruhiy munosabatlarni aks ettirish, go‘zallik kategoriyalarini voqelantirish kabi bir qancha vazifalarni bajaradi (N.Mahmudov).
Til milliy ma’naviyat, ma’rifat va madaniyatning eng xolis va xira tortmas ko‘zgusidir (N.Mahmudov).
Do'stlaringiz bilan baham: |