Aim.Uz
Navoiyning do‘sti 3-sinf
Darsning maqsadlari:
ta’limiy: o‘quvchilarning ifodali o‘qish ko‘nikmasini rivojlantirish, Alisher Navoiyning hayoti, Pahlavon Muhammad bilan do‘stligi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirish;
tarbiyaviy: do‘stlikni qadrlash ruhida tarbiyalash;
rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning to‘g‘ri va ifodali o‘qish malakalarini rivojlantirish, lug‘at boyligini oshirish.
Dars turi: yangi bilim beruvchi.
Dars uslubi: suhbat, savol-javob va guruhlarda ishlash.
Dars jihozi: mavzuga oid rasmlar, tarqatma materiallar, slayd, kompyuter va videoproyektor.
Darsning borishi
Tashkiliy qism.
Salomlashish, davomatni aniqlash va navbatchi axborotini tinglash.
O‘tilgan mavzuni so‘rash.
«G‘azal mulkining sultoni» mavzusini topshiriqlar asosida so‘rash va mustahkamlash.
O‘quvchilarni rag‘batlantirish.
«Ulug‘lardan o‘rganmoq — oqillik» bo‘limi o‘tilgani uchun guruhlarga «Ibn Sino», «Alisher Navoiy», «Amir Temur» deb nom qo‘yiladi.
Yangi mavzu.
Yangi mavzuga oid «Navoiyning do‘sti» rivoyatini o‘qishdan oldin o‘qituvchi o‘quvchilardan Navoiy bobomiz haqida nimalarni bilishlarini so‘raydi.
Suhbat davomida o‘quvchilarga Prezidentimiz Islom Karimov «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asarida bobomiz Alisher Navoiy haqida «Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir», deya e’tirof etganiga to‘xtaladi va bu gapning ma’nosini tushuntirib beradi.
So‘ng yangi mavzu matni o‘qituvchi tomonidan ifodali o‘qib beriladi. Lug‘at ishi o‘tkazilib, «g‘azab otiga minish», «sazoyi qilish», «karam daryosi mavj olgani» singari so‘z va iboralarning ma’nosi tushuntiriladi. Rivoyat mazmuni birgalikda muhokama qilingach, o‘quvchilar uni mustaqil o‘qishadi.
Yangi mavzuni mustahkamlash.
1- topshiriq. Rivoyat qismlarga bo‘linib, «Ibn Sino» guruhiga birinchi xatboshini o‘qish, sarlavha tanlash va rasm chizish, «Alisher Navoiy» guruhiga ikkinchi xatboshini o‘qish, sarlavha tanlash va rasm chizish, «Amir Temur» guruhiga esa uchinchi xatboshini o‘qish, sarlavha tanlash va rasm chizish topshiriladi.
2- topshiriq. Uch guruhga shu o‘qilgan qismlarni qayta hikoyalash vazifasi beriladi.
3- topshiriq. Savollarga javob berish.
«Ibn Sino» guruhi «Nima uchun Husayn Boyqaro Pahlavonni jazolashga buyruq beribdi?», «Alisher Navoiy» guruhi «Nima sababdan Navoiy Pahlavon Muhammadni jazodan qutqarish harakatiga tushibdi?» savoliga, «Amir Temur» guruhi esa «Alisher Navoiy o‘ziga qanday jazo so‘radi?» degan savolga javob berishi kerak.
4- topshiriq. Guruhlarga do‘stlik haqida maqollar aytish topshiriladi.
5- topshiriq. Test bilan ishlash (barcha guruhlarga).
1. Ulug‘ shoir Alisher Navoiyning sirdosh do‘sti kim?
A) Pahlavon Mahmud
B) Pahlavon Muhammad
D) Mirzo Bobur
2. Husayn Boyqaro Pahlavon Muhammadga qanday jazo beribdi?
A) Zindonga tashlabdi
B) Jarima to‘latibdi
D) Sazoyi qilibdi
3. Bu yil Navoiy bobomizning necha yillik tavalludi nishonlandi?
A) 531 yilligi
B) 573 yilligi
D) 560 yilligi
Test javoblari juftlikda tekshirilib umumlashtiriladi.
Topshiriqlar mevali kartochkalar bilan rag‘batlantiriladi va uchta savatga solinadi.
Olma — 5 ball.
Nok — 4 ball.
Qulupnay — 3 ball.
Dars nihoyasida quyidagi umumlashtiruvchi savollar orqali o‘quvchilarning mavzu yuzasidan qanday bilimga ega bo‘lganligi tekshiriladi:
1) Aziz bolajonlar, bugungi darsimizda qaysi mutafakkir haqida gaplashdik?
2) Uning qaysi do‘sti haqida bilib oldingiz?
3) Navoiy bobomizning qaysi xislatlari sizga yoqdi? Nima uchun?
4) Chin do‘stlik deganda nimani tushunasiz?
5) Nima deb o‘ylaysiz, siz ham ana shunday do‘st bo‘la olasizmi? Nima uchun?
O‘qituvchi mazkur savollarga o‘quvchilardan javob olish asnosida ularning do‘stlik haqidagi mustaqil fikrlarini rivojlantirishga e’tibor qaratadi.
Dars so‘ngida siz ham bobolarimizning ishlarini davom ettirib, odobli, aqlli, dono, Vatanni sevadigan va do‘stlikni qadrlaydigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishingiz, buning uchun esa ko‘p kitob o‘qishingiz kerak, deya xulosa qiladi.
Darsni yakunlash.
Dars nihoyasida o‘quvchilar baholanadi va rag‘batlantiriladi.
Uyga vazifa qilib matnni og‘zaki gapirib berishga tayyorlanish va «Mening do‘stim» mavzusida kichik matn tuzib kelish topshirig‘i beriladi.
Azzatjon AZIMOVA,
Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi 40- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |