Ishlab chiqarish korxonasi mehnat tartibi
Bozor munosabatlari sharoitida inson huquqlarini ta’minlash, mehnat qilish va o‘z mehnati bilan munosib turmush kechirishni kafolatlash, aholini ijtimoiy jihatdan himoyalash O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik faoliyatining asosiy jihatlaridan sanaladi. Mehnat huquqi fani va mehnat qonunchiligining asosiy xususiyatlari ham ushbu vazifalarni bajarilishi bilan bevosita bog‘liqdir.
Zero Prezidentimiz Sh.Mirziyoev ta’kidlaganidek “Samarali mehnat uchun zarur sharoitlar, munosib ish haqi, zamonaviy uy-joylar, sifatli ta’lim va tibbiy yordam, dam olish va hordiq chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratish – bularning barchasi iqtisodiy sohadagi islohotlarimiz mohiyati va mazmunini belgilab beradigan muhim omillardir[1].”
Mehnatga oid ijtimoiy munosabatlar huquq normalari tufayli huquqiy munosabat tusini oladi va ishlab chiqarish munosabatlarining o‘ziga xos turini vujudga keltiradi.
Ijtimoiy – mehnat munosabatlari irodaviy munosabatlar sifatida huquqiy mexanizmlar yordamida tartibga solinadi.
Mehnat huquqining predmeti odamlarning moddiy-turmush sharoitlari, intilishlari, ehtiyojlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar tizimi sifatida tasavvur qilinishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida e’lon qilingan “Har bir shaxsning mehnat qilish, erkin kasb tanlash huquqiga ega” ekanligi to‘g‘risidagi norma fuqarolarning turli shakllardagi mehnat qilishga bo‘lgan huquqlarini o‘zida ifodalaydi va bu huquq:
Ishga yollanish va mehnat shartnomasi tuzish;
Davlat xizmatiga kirish (mudofaa va huquqni muhofaza qilish organlariga kontrakt asosida harbiy xizmatchi maqomida);
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish (yuridik shaxs ta’sis etgan holda yoki yakka tadbirkor);
Erkin kasb bilan shug‘ullanish (ijodiy ishlar, notijorat tashkilotlari faoliyatida beg‘araz mehnat qilish);
O‘zini-o‘zi ish bilan ta’minlash (tomorqasida dehqon xo‘jaligi tuzgan yoki tuzmagan holda);
Qonun hujjatlariga zid kelmaydigan boshqa shakllarda amalga oshirilishi mumkin
Boshqa huquq sohalaridan farqli ravishda lokal me’yoriy hujjatlar – ish beruvchilar va xodimlar vakillik organlari tomonidan ishlab chiqilgan va bevosita korxona, muassasa, tashkilotlarda joriy qilingan turli normativ hujjatlar (jamoa shartnoma va kelishuvlari, Ichki mehnat tartibi qoidalari, turli-tuman nizom hamda ustavlar va boshqalar) ham mehnat huquqining manbalari qatoriga kiradi.
Mehnat huquqi manba sanaluvchi normativ huquqiy hujjatlar o‘zining ierarxiyasi bo‘yicha turli yuridik kuchga ega bo‘lgan va har hil ko‘rinishdagi normalar tizimini tashkil qiladi.
Lokal me’yoriy hujjatlar universal tusda (korxona jamoa shartnomasi¸ tarmoq jamoa kelishuvi, korxonaning ichki mehnat tartibi qoidalari) yoki tor maqsadga qaratilgan bo‘lishi (Masalan, mukofotlash haqidagi nizom, mansab (xizmat) yo‘riqnomalari va boshqalar) mumkin.
Lokal me’yoriy hujjatlar ish beruvchi, xodimlarning vakillik organi yoki xodimlar vakillik organi va ish beruvchi tomonidan birgalikda qabul qilingan bo‘lishi mumkin.
Lokal me’yoriy hujjatlar normativ hujjatlarga qo‘yiladigan umumiy talablarga javob berishi kerak.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalari, shuningdek mansabdor shaxslar va xodimlarning majburiyatlarini belgilovchi normativ hujjatda ushbu majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutiladi.
Mehnat shartnomasi tuzilishi vositasida xodim va ish beruvchining o‘zaro munosabatlari individuallashtiriladi hamda huquqiy tartibga solinadi. Faqat mehnat shartnomasi tuzilishi yo‘li bilangina fuqaro xodim maqomini oladi, mehnat jamoasiga qo‘shiladi, korxona lokal me’yoriy hujjatlari, ichki mehnat tartibi qoidalari, mehnat qonunlari to‘la hajmda unga tatbiq etila boshlanadi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida «ish vaqtini hisobga olish» atamasi ikki hil ma’noda ishlatiladi.
Ulardan birinchisi ish vaqti rejimining kunbay hisobiga asoslangan, ikkinchisi esa, ish vaqti jamlab hisobga olinadigan turlarini birlashtiradi
Mehnat kodeksi 125-moddasining ikkinchi qismiga binoan har bir xodimning haqiqatda ishlagan ish vaqtini, shu jumladan ish vaqtidan tashqari ishlagan vaqtini ish beruvchi o‘z vaqtida aniq hisobga olib borishi shart.
Ish vaqti kunbay hisobga olinadigan ishlarda ish rejimi har bir ish kuni va har bir ish haftasi muddati tegishli toifadagi xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan ish muddati normasi chegarasidan ortib ketmagan holda taqsimlanadi. Ish kunining aniq, muddati umumiy qoidaga ko‘ra ichki mehnat tartibi qoidalari yoki ish smenasi jadvallari bilan belgilanadi va boshqa turlarini nazarda tutishi mumkin.
Masalan, olti kunlik ish haftasida xodimlarning haftada besh kun 7 soatdan, dam olish kuni arafasidagi kunda 5 soat yoki to‘rt kun 7 soatdan va ikki kun 6 soatdan yoxud ikki kun 7 soatdan va to‘rt kun 6,5 soatdan ishlashini nazarda tutish mumkin.
Besh kunlik ish haftasida ish vaqtining qirq soatlik muddati sakkiz soatlik ish kunini belgilash yo‘li bilan ta’minlanadi.
Ish vaqtini jamlab hisobga olishning mohiyati shundaki, hisobga olinadigan davrdagi ish vaqtining muddati ish soatlarining normal miqdoridan oshib ketmaydigan shart bilan korxonada ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy qilinishi mumkin. (Masalan, oy, yil choragi, mavsum, yil va shu kabi muxlatlarda). Ish vaqtini jamlab hisobga olishni qo‘llanish tartibi, shuningdek hisobga olinadigan davr mobaynida xodimlarga har oyda to‘lanadigan ish haqi miqdorini tenglashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Adabiyotlar:
Dyesebaeyeva K. D. Ekonomiko-geograficheskoe polojenie Respubliki Kazaxstan – factor integrasiyonnogo i regionalnogo razvitiya // Xalqaro ilmiyamaliy konferensiya materiallari. – T., 2006., 201-203b.
Gasanov M.Yu. Trudovoe pravo Respublika Uzbekistan. Obщaya chastь. Uchebnoe posobie. -T.: “LESSON PRESS”, 2016 y. 320 c.
Internet havolalari
https://sciencebox.uz/index.php/jars/article/view/875/815
https://fayllar.org/mavzu-favqulodda-vaziyatlar-ularning-turlari-va-xususiyatlari.html
https://lex.uz/docs/-820617
https://www.lex.uz/uz/docs/-5774840
http://www.hozir.org/n-k-jamalov-mehnat-huquqi.html
Do'stlaringiz bilan baham: |