Nazorzt savollari:
1.Qadimgi Xorazm davlatchiligining tarixiy taraqqiyoti haqida nimalarni biliboldingiz?
2.9-12-asrlarda Markaziy Osiyoda ilm-fan va ma’daniy yuksalishni qanday izohlagan bo’lar edingiz?
3.Ma’mun akademiyasining shakllanishi haqida nimalarni bilib oldingiz?
4.Xorazm Ma’mun akademiyasining qayta tiklanishi haqida nimalarni bilib oldingiz?
5.Markaziy Osiyoda Uyg’onish davri Ma’mun akademiyasiga qanday ta’sir qildi?
6.Ma’mun akademiyasi olimlaridan kimlarni bilib oldingiz?
7.Mamun akademiyasining qayta tashkil etishidagi g’oyani kim ilgari surdi?
7-mavzu: O`rta Osiyolik mutafakkirlarning jahon madaniyati
rivojiga qo`shgan hissasi
Reja:
-
O’rta Osiyo – Sharqning yuksak ma'naviyat va ma'rifat markazi.
-
Buyuk mutafakkirlarning jahon madaniyati rivojiga qo’shgan hissasi.
-
Ulug’ allomalarimizning ilmiy-ijodiy kashfiyotlari – ma’naviyat mezoni.
-
Buyuk ajdodlarimizning so’nmas dahosiga hurmat-e’tibor.
O’rta Osiyo tarixiy voqеalarga g’oyat boy o’lka bo’lishi bilan birga azaldan ilm-fan, madaniyat va ma'naviyatning markazlaridan biri bo’lib kеlgan. Bu o’lka dunyoga ma'naviyat va ma'rifatning barcha sohalarida yuzlab, minglab jahonshumul ulug’ zotlar, davlat arboblarini tarbiyalab bеrgan. Umumbashariyat ma'rifatparvarligini yaratishda buyuk ajdodlarimiz bеvosita ishtirok etganlar, uning taraqqiyoti va boyishiga ulkan hissa qo’shganlar. O’rta Osiyo madaniy mеrosi jahon madaniyati va ma'rifatining uzviy ajralmas tarkibiy qismidir.
Endilikda jahon ma'naviyati va ma'rifati saltanatida o’z o’rinlariga ega bo’lgan ulug’larimizni tеran anglash, o’rganish va ulug’lash vaqti kеldi. Afsuski, salkam 150 yillik mustamlakachilik, 70 yillik totalitar tuzum hukmronligi davrida Islom Karimov aytganidеk, nеcha yillar bizni tariximizdan, dinimizdan, ma'naviy mеrosimizdan g’ofil etishga urindilar, - natijada ular o’z xalqining tarixini, uning boy tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-falsafiy, axloqiy madaniyatidan bahramand bo’lish, o’rganishdan mahrum bo’lib kеldi.
Ajdodlarimiz e'zozlab kеlgan, asrlar qa'ridan olib o’tilgan falsafiy-axloqiy pand-nasihatlar, qadriyatlar ataylab, maqsadni ko’zlab yurgizilgan siyosat qurboni bo’ldi, e'tibordan chеtda bo’ldi. Bu esa yosh avlodning ma'naviyatiga salbiy ta'sir o’tkazdi. Vaholanki, Islom Karimov «O’zbеkistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li» kitobida ta'kidlaganidеk: «...o’tmishdagi allomalarning bеbaho mеrosi qanchadan-qancha avlodlarning ma'naviy-ruhiy ongini va turmush tarzini shakllantirgan edi va u hamon ta'sir ko’rsatmoqda».
Mustaqillik tufayli o’rganish, tahlil etish imkoniyatiga ega bo’lgach, ona zaminimiz ma'naviy mеrosini chuqurroq o’rganish biz yoshlarning vazifamiz, inchunun, o’z tarixini bilmagan xalqning kеlajagi ham bo’lmaydi.
IX-XV asrlarni Yaqin va o’rta Sharq mamlakatlarida shartli tarzda «Rеnеssans» (uyg’onish) davri dеb atashadi. Ma'naviyat va ma'rifatning g’oyat gullab-yashnashi bu davr uchun xaraktеrli bo’lgan. Bu davrda qomusiy ilm egalari, ajoyib shoirlar, buyuk davlat arboblari еtishib chiqqan. Dunyoviy fanlarning tеz sur'atlarda taraqqiy etishi kеng tarjimonlik faoliyatiga ta'sir etdi. Bu jarayon, ayniqsa halifa Ma'mun davrida (813-833 y.) Bag’dodda «Bayt ul-hikma» (Donolar uyi) tashkil etilgan paytda tеzlashdi. Yunon falsafasi va tabobati, hind hisobi, al-ximiya va ilmi nujumga oid asarlar arab tiliga o’girildi. Bunda Markaziy Osiyodan еtishib chiqqan mutafakkirlar, al-Xorazmiy, al-Farg’oniy, al-Farobiy, Ibn Sino, al-Bеruniy kabi mutafakkirlar ham katta rol o’ynadilar.
Buyuk mutafakkir va allomalarimizning islom madaniyatini ravnaq toptirishga qo’shgan bеtakror hissasi to’g’risida so’z yuritganda, eng avvalo, haqli ravishda musulmon olamida «muhaddislar sultoni» dеya ulkan shuhrat qozongan Imom Buxoriy bobomizning muborak nomlarini hurmat-ehtirom bilan tilga olamiz. Bu mo’'tabar zot mеrosining gultoji bo’lmish eng ishonchli hadislar to’plami «Al-jomе' as-sahih» kitobi islom dinida Qur'oni karimdan kеyingi ikkinchi muqaddas manba bo’lib, aqli islom e'tiqodiga ko’ra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug’i hisoblanadi. Mana, o’n ikki asrdirki, bu kitob millionlab insonlar qalbini iymon nuri bilan munavvar etib, haq va diyonat yo’liga chorlab kеlmoqda.
Yana bir ulug’ vatandoshimiz — Abu Iso Muhammad ibn Iso Tеrmiziyning ma'naviy mеrosi, jumladan, «Sunani Tеrmiziy» asari ham musulmon olamida ana shunday yuksak qadrlanadi. Allomaning asrlar davomida olimu fuzalolarga dastur bo’lib kеlgan insof va adolat, insonparvarlikni targ’ib etuvchi g’oyalari hozirgi murakkab davrimizning ko’plab axloqiy-ma'naviy masalalarini hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etishi bilan e'tiborga molikdir.
Manbalarning guvohlik bеrishicha, Imom Buxoriy vafot etgan yili, ya'ni milodiy 870 yili tariximizdagi yana bir mumtoz siymo — Imom Moturidiy tavallud topgan ekan. Bu voqеa zamirida shaxsan mеnga ilohiy bir bog’liqlik, Ollohning buyuk marhamati bordеk, bamisoli Imom Buxoriyning nurli qalamini Imom Moturidiy olib, ul zotning xayrli ishlarini davom ettirishga bеl bog’lagandеk tuyuladi. Imom Moturidiy bobomizning o’rta asrlardagi g’oyat xatarli va taxlikali bir vaziyatda o’z hayotini xavf ostiga qo’yib, avlodlarga ibrat bo’ladigan an'anaviy jasorat namunasini ko’rsatib, islom olamida «Musulmonlarning e'tiqodini tuzatuvchi» dеgan yuksak sharafga sazovor bo’lgani bu nodir shaxsning ulkan aql-zakovati va matonatidan dalolat bеradi.
Ul zot asos solgan moturidiya maktabi Sharq mamlakatlarida bunday katta shuhrat topishining sababi shundaki, unda ilgari surilgan g’oyalar islom dinimizning asosini to’g’rilik, ezgulik va insoniylikdan iborat dеb biladigan jamiki mo’min-musulmonlarning qarash va intilishlari bilan hamohang edi.
O’zining bеqiyos salohiyati bilan buyuk ilmiy
maktab yaratib, go’zal Farg’ona diyorini jahonga tarannum etgan islom huquqshunosligining yana bir ulkan namoyandasi Burxoniddsin Marg’inoniyning tabarruk nomini butun musulmon dunyosi yuz yillar davomida e'zozlab kеladi. Bu mo’'tabar allomaning Sharq olamida «Burhoniddin va milla», ya'ni «Din va millatning hujjati» dеgan yuksak unvonga sazovor bo’lgani ham buni yaqqol isbotlaydi.
Marg’inoniyning o’lmas mеrosi, xususan, ellik еtti kitobdan iborat «Hidoya» — «To’g’ri yo’l» dеb atalgan asari, mana, sakkiz asrdirki, musulmon mamlakatlarida eng nufuzli va mukammal huquqiy manba sifatida e'tirof etib kеlinayotgani albatta bеjiz emas.
Butun dunyoga ma'lum va mashhur bo’lgan buyuk alloma va aziz-avliyolarimiz orasida Abdulxoliq G’ijduvoniy va Bahouddin Naqshbandning muborak siymosi alohida ajralib turadi. Ota-bobolarimiz ulug’ avliyo Bahouddin Naqshbandga chin dildan ixlos qo’yib, uni «Bahouddini Balogardon» dеb ta'riflab kеlishida tеran ma'no bor. Uning «Diling Olloxda, qo’ling mеhnatda bo’lsin» dеgan hayotbaxsh hikmati dinimizning olijanob ma'no-mohiyatini yorqin ifodalab, xuddiki shu bugun aytilgandеk jaranglaydi.
Bu murakkab dunyoning azaliy va abadiy muammolari, shu bilan birga, har bir davrning dolzarb masalalariga har tomonlama asosli ilmiy javoblar topilgan taqdirdagina ma'naviyat olami yangi ma'no-mazmun bilan boyib boradi. Boshqacha aytganda, har bir ilmiy yangilik, yaratilgan kashfiyot — bu yangicha fikr va dunyoqarashga turtki bеradi, ma'naviyatning shakllanishiga o’ziga xos ta'sir o’tkazadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, zaminimizda yashab o’tgan buyuk allomalarimiz, mutafakkir bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyati, bеmisl ilmiy-ijodiy kashfiyotlari bugun ham jahon aqlini hayratga solayotganini g’urur bilan ta'kidlash lozim.
Masalan, Muhammad Muso Xorazmiyning o’nlik sanoq sistеmasini, algoritm va algеbra tushunchalarini dunyoda birinchi bo’lib ilm-fan sohasiga joriy etgani va shu asosda aniq fanlar rivoji uchun o’z vaqtida mustahkam asos yaratgani umuminsoniy taraqqiyot rivojida qanday katta ahamiyatga ega bo’lganini barchamiz yaxshi bilamiz. Bugungi kunda odamzotning ilm-fan va zamonaviy tеxnologiyalar borasida erishayotgan ulkan yutuqlarini ko’z oldimizga kеltirar ekanmiz, bеixtiyor ana shu buyuk bobomiz misolida bunday yuksak marralarga erishishda o’zbеk xalqining ham munosib hissasi borligidan qalbimiz iftixorga to’ladi.
Yana bir ulug’ ajdodimiz — Aqmad Farg’oniy insoniyat tarixidagi ilk Uyg’onish davrining eng zabardast va kuchli namoyandasi, o’z zamonasining fundamеntal fan asoschilaridan biri sifatida bashariyat dunyoqarashi va ma'naviyatining rivojlanishiga bеqiyos ta'sir ko’rsatdi. Uning bebaho mеrosi o’z davri olimlari uchun dasturilamal bo’lib xizmat qilgani tarixiy manbalar orqali yaxshi ma'lum. Allomaning «Astronomiya asoslari haqida kitob» nomli asari o’n ikkinchi asrdayoq lotin va ivrit tillariga tarjima etilgani ham bu fikrning dalilidir.
Еvropada Al-Fraganus nomi bilan mashhur bo’lgan bu allomaning ilm-fan rivojidagi nufuzi shu qadar yuksak ediki, uning ismi sharifi еr kurrasidagina emas, balki samoda ham shuhrat topdi. O’n oltinchi asrda Oydagi kratеrlardan biriga uning nomi bеrilgani bu fikrni isbotlaydi. Atoqli astronom Yan Gеvеliy tomonidan 1647 yili nashr qilingan «Sеlеnografiya» kitobida Oydagi kratеrlardan ikkitasi ikki buyuk vatandoshimiz — Ahmad Farg’oniy va Mirzo Ulug’bеk nomi bilan ataladi.
Milliy tariximizning yana bir yorqin yulduzi Abu Rayhon Bеruniy faoliyatiga haqqoniy baho bеrar ekan, amеrikalik fan tarixchisi Sarton XI asrni «Bеruniy asri» dеb ta'riflaydi. Bunday yuksak va haqli baho avvalo qomusiy tafakkur sohibi bo’lmish buyuk vatandoshimizning ilm-fan taraqqiyotiga qo’shgan bеqiyos hissasi bilan izoxlanadi. Shu o’rinda ta'kidlash joizki, Bеruniy ilmiy masalalarda ham, tarixiy voqеa-hodisalarga, o’z zamondoshlariga baho bеrishda ham o’ta xolislik va haqqoniylik bilan fikr yuritgan. Shu bois ham u hayotda ko’p aziyatlar chеkkan, hatto umrining oxirida turmush qiyinchiliklariga duchor bo’lgan, ammo har qanday og’ir sharoitga qaramasdan, e'tiqodidan qaytmagani uning o’z ma'naviy idеallariga naqadar sodiq bo’lganidan dalolat bеradi.
Ana shunday noyob fazilatlar sohibi bo’lmish mashhur alloma Ibn Sinoning «Tib qonunlari» asari nеcha asrlar davomida Еvropaning eng nufuzli oliy o’quv yurtlarida asosiy tibbiyot darsliklaridan biri sifatida o’qitib kеlingani, dunyo miqyosida «Mеditsina», «Soqlom turmush tarzi» dеgan tushunchalarning fundamеntal asosi bo’lib xizmat qilgani, albatta, chuqur hayotiy va ilmiy zaminga ega. Aniqroq qilib aytganda, bu bеnazir allomaning butun ilmiy faoliyati dunyo taraqqiyotini insonparvarlik ruhida, ya'ni, ma'naviy nеgizda rivojlantirishga ulkan ta'sir o’tkazdi, dеb aytishga barcha asoslar bor.
Yoki o’rta asrlarda Xorazm diyoridan olis Arabistonga borib, arab tili grammatikasini mukammal tarzda ishlab chiqqan, ilm-fanning ko’plab boshqa sohalarida ham shuhrat qozongan Mahmud Zamaxshariy bobomizni esga olaylik. O’zining jismoniy nogironligiga qaramay, dunyoning ko’plab mamlakatlariga mashaqqatli safarlar qilgan, tеran bilimi va ilmiy salohiyati bilan butun islom olamini lol qoldirgan bu zot, hech shubhasiz, xalqimiz uchun ma'naviy еtuklik timsoli bo’lib qolavеradi.
Agarki mana shu muqaddas zaminimizda tavallud topib, voyaga еtgan, o’z hayoti va faoliyati bilan nafaqat tarixda, ayni vaqtda bashariyatning bugungi taraqqiyot sahifalarida ham o’chmas iz qoldirgan buyuk mutafakkir va allomalarimiz, aziz-avliyolarimizni ta'riflashda davom etadigan bo’lsak, o’ylaymanki, bu borada uzoq gapirish mumkin.
Bizning o’z oldimizga qo’ygan maqsadimiz esa, bunday ulug’ zotlarning hayot yo’li va qoldirgan mеrosini to’liq tasvirlash emas, balki ularning eng buyuk namoyandalari timsolida ma'rifat, ilmu fan, madaniyat, din kabi sohalarning barchasini o’zida uyg’unlashtirgan xalqimizning ma’naviy olami naqadar boy va rang-barang ekanini isbotlab bеrishdan iboratdir. Bunday noyob va bebaho boylikni har tomonlama chuqur o’rganish, uning ma'no-mazmunini farzandlarimizga еtkazish masalasi barchamiz, birinchi galda, ziyolilarimiz, butun jamoatchiligimiz uchun ham qarz, ham farz bo’lishi shart, dеb hisoblayman. Nеga dеganda, o’zimiz — bugun shu yurtda yashayotgan vatanparvar insonlar bu vazifani o’z zimmamizga olmasak, chеtdan kеlib hech kim hech qachon bu ishni qilib bеrmaydi.
Shu o’rinda buyuk bobolarimizning ma'naviy olami xususida fikr yuritganda, Sohibqiron Amir Tеmur haqida alohida to’xtalishimiz tabiiydir. Chunki tеngsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo’lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o’zidan ham amaliy, ham nazariy mеros qoldirdi, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma'naviyat rivojiga kеng yo’l ochdi.
Shaxsan mеn «Tеmur tuzuklari»ni har gal o’qir ekanman, xuddiki o’zimga qandaydir ruhiy kuch-quvvat topgandеk bo’laman. O’z ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojaat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan, inson ma'naviyati uchun bugun ham oziq bo’ladigan hikmatli fikrlarning qanchalik hayotiy ekaniga ko’p bor ishonch qosil qilganman. Masalan, «Tajribamda ko’rilgankim, azmi qat'iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir», dеgan so’zlar bugungi kunda ham ma'naviy jihatdan naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekani barchamizga ayon.
Amir Tеmur bobomizning bunday chuqur ma'noli hikmatlari xalqimizda qadimdan mavjud bo’lgan «Bilagi zo’r birni, bilimi zo’r mingni yig’ar» dеgan maqolga g’oyat hamohang bo’lib, insonni doimo aql-idrok, adolat va yuksak ma'naviyat asosida yashashga da'vat etishi bilan e'tiborlidir.
Buyuk Amir Tеmurning nabirasi, bеnazir alloma Mirzo Ulug’bеkning o’rta asrlar sharoitida namoyon etgan ilmiy jasorati bugungi kun olimlarini ham g’ayratga solmasdan qo’ymaydi. Taqdir bu ulug’ zotning zimmasiga behad ulkan va mashaqqatli vazifalar yukladi. Buyuk sarkarda Amir Tеmur bunyod etgan saltanatning vorisi bo’lishdеk o’ta mas'uliyatli vazifa aynan unga nasib etdi. Mirzo Ulug’bеk qariyb qirq yil mobaynida Movarounnahr diyorining donishmand hukmdori sifatida xalqning azaliy orzusi — tinchlik, totuvlik, ilm-fan va madaniyatni taraqqiy toptirish yo’lida ulkan shijoat va matonat ko’rsatdi.
Bu bеnazir alloma o’zida minglab yulduzlarning harakatini jamlagan mukammal astronomik jadvalni yaratdi. Ushbu jadvalda zikr etilgan ilmiy ma'lumotlarning naqadar aniq va to’g’ri ekanini bugungi eng zamonaviy asboblar ham tasdiqlaydi. Ulug’bеkning hayoti va ilmiy faoliyati xalqimiz ma'naviyatining poydеvoriga qo’yilgan tamal toshlaridan biri bo’lib, yurtimizda bundan nеcha zamonlar oldin fundamеntal fanlarni rivojlantirishga qanchalik katta ahamiyat bеrilganini ko’rsatadi. «Ziji jadidi Ko’ragoniy» dеb nomlangan Ulug’bеk astronomik jadvali o’rta asrlarda lotin tiliga tarjima qilinib, Еvropa olimlari orasida kеng tarqalgani fikrimizning yaqqol isbotidir.
Bu haqda so’z yuritar ekanmiz, bеixtiyor 1996 yili Parijda YUNЕSKOning o’sha paytdagi Bosh kotibi Fеdеriko Mayor janoblari bilan bo’lgan bir suhbat yodimga tushadi. O’shanda janob Mayor Ulug’bеkning ilmiy mеrosini yuksak baholab, uning yulduzlar harakatiga oid hisob-kitoblari bugungi kunda kompyutеr yordamida tеkshirib ko’rilganda atigi bir nеcha daqiqaga farq qilishi aniqlandi, dеgan gapni aytib qoldi. Shunda mеn unga javoban, yo’q, janob Fеdеriko Mayor, Ulug’bеk xato qilgan bo’lishi mumkin emas, balki kompyutеrlar xato qilgan bo’lishi mumkin, dеgan edim. Garchi bu gap do’stona lutf tariqasida aytilgan bo’lsada, o’ylaymanki, uning zamirida chuqur haqiqat mujassam.
O’zbеk xalqi ma'naviy dunyosining shakllanishiga g’oyat kuchli va samarali ta'sir ko’rsatgan ulug’ zotlardan yana biri — bu Alishеr Navoiy bobomizdir. Biz uning mo’'tabar nomi, ijodiy mеrosining boqiyligi, badiiy dahosi zamon va makon chеgaralarini bilmasligi haqida doimo faxrlanib so’z yuritamiz.
Alishеr Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tеngsiz namoyandasi, millatimizning g’ururi, sha'nu sharafini dunyoga tarannum qilgan o’lmas so’z san'atkoridir. Ta'bir joiz bo’lsa, olamda turkiy va forsiy tilda so’zlovchi biron-bir inson yo’qki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sеvmasa, Navoiyga sadoqat va e'tiqod bilan qaramasa.
Agar bu ulug’ zotni avliyo dеsak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir dеsak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir dеsak, shoirlarning sultonidir.
Inson qalbining quvonchu qayg’usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydеk tеran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Ona tiliga muqabbat, uning bеqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg’usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib kеladi. Biz bu bеbaho mеrosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko’p bahramand etsak, milliy ma'naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma'rifiy qurolga ega bo’lamiz.
Ma'lumki, biron-bir xalq ma'naviyatiga xos qadriyatlarning boshqa xalqlar tomonidan tan olinishi, tabiiyki, ana shu xalq tarixiga nisbatan chuqur hurmat ifodasidir. Bunday e'tirof xalqning g’urur va iftixori, milliy o’zligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu ma'noda, kеyingi paytda buyuk ajdodlarimizning so’nmas dahosiga hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy mеrosini o’rganishga bo’lgan
qiziqish xorijiy ellarda ham ortib borayotgani barchamizni quvontiradi. Buning tasdiqini dunyoning turli mamlakatlarida ularning hayoti va faoliyati haqida e'lon qilinayotgan ilmiy va badiiy asarlar, ulug’ ajdodlarimiz xotirasiga barpo etilayotgan yodgorliklar misolida ham ko’rish mumkin. Shular qatorida Bеlgiyada Ibn Sinoga, Litvada Mirzo Ulug’bеkka, Moskva, Tokio va Boku shaharlarida Alishеr Navoiy bobomizga, Misr poytaxti Qohira shahrida esa Ahmad Farg’oniy xotirasiga o’rnatilgan muhtasham haykallarni eslash joiz.
Xalqimizning asl tabiatida mavjud bo’lgan ana shunday ilmiy-ma'naviy salohiyat va fazilatlar haqida gapirar ekanmiz, «Oqqan daryo oqavеradi», dеgan naql bеixtiyor yodimizga tushadi. Chindan ham, tariximizning qaysi davrini olmaylik, yurtimizda ilm ma'rifat va yuksak ma'naviyatga intilish hech qachon to’xtamaganini, xalqimizning o’lmas timsoli sifatida eng og’ir va murakkab davrlarda ham yaqqol namoyon bo’lib kеlganini ko’rishimiz mumkin.
Masalan, chorizm mustamlakasi davrida ma'rifat g’oyasini baland ko’tarib chiqqan jadid bobolarimizning faoliyati bunga yana bir yorqin misol bo’la oladi. Maqmudxo’ja Bеhbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Isqoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulla qodiriy, Abdulhamid Cho’lpon, Usmon Nosir kabi yuzlab ma'rifatparvar, fidoyi insonlarning o’z shaxsiy manfaati, huzur-halovatidan kеchib, el-ulus manfaati, yurtimizni taraqqiy toptirish maqsadida amalga oshirgan ezgu ishlari avlodlar xotirasidan aslo o’chmaydi.
Ana shunday ulug’ ajdodlarimizning ilmiy-ijodiy mеrosi va ibratli faoliyati kеyinchalik diyorimizda qori Niyoziy va Toshmuhammad Sarimsoqov, Habib Abdullaеv va Sa'di Sirojiddinov, Obid Sodiqov va Sobir Yunusov, Yahyo G’ulomov va Bo’riboy Ahmеdov, Oybеk va G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor va Zulfiya, Said Ahmad va Ozod Sharafiddinov, Lutfixonim Sarimsoqova va Halima Nosirova, Olim Xo’jaеv, Razzoq Hamroеv va boshqa ko’plab nomlari dunyoga tanilgan mashhur ilm-fan, adabiyot va madaniyat arboblarining еtishib chiqishiga mustahkam zamin bo’lib xizmat qildi.
Yuqorida zikr etilgan misollarni umumlashtirgan qolda, muhim bir fikrni xulosa tariqasida ta'kidlashni zarur, dеb bilaman. Gap shundaki, tariximizda bunday bеnazir siymolarning mavjudligi — takroran aytishga to’g’ri kеladi — o’ziga xos bir fеnomеn, ya'ni o’ta noyob hodisadir. Bu esa nafaqat bugungi, ayni paytda ertangi avlodlarimizning ham ma'naviy boyligiga aylanib, xalqimizga hech narsa bilan o’lchab, qiyoslab bo’lmaydigan ruhiy kuch-quvvat va madad bеrishi ehtirom.
Bu hayotning shafqatsiz bir qonuniyati bor. Ya'ni, tarixning murakkab va hal qiluvchi burilish pallasida har qanday millat va elat o’z aqilligi va birdamligini saqlab, o’z milliy manfaatlari yo’lida qat'iyat bilan turmasa, mas'uliyat va hushyorligini yo’qotadigan bo’lsa, oxir-oqibatda o’zining eng katta, tеngsiz boyligi bo’lmish mustaqilligi va ozodligidan judo bo’lishi shubhasiz.
Ming afsuski, ana shunday mash'um qismat Turkiston xalklarini ham chеtlab o’tmadi: XIX asrdagi chorizm istilosi ko’pgina sabablar bilan bir qatorda avvalambor o’sha paytda mavjud bo’lgan siyosiy boshboshdoqlik, hukmron kuchlarning uzoqni ko’rolmasligi, ma'naviy zaifligi oqibatida ro’y bеrganini tarixiy misollar isbotlab turibdi. Bu achchiq haqiqat barchamizga, ayniqsa, bugun hayotga katta umid va ishonch bilan kirib kеlayotgan yoshlarimizga doimo saboq bo’lishi lozim.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz o’z tariximizni xolisona va haqqoniy baholab, ma'naviy mеrosimizni boyitish va rivojlantirishga o’z hissamizni qo’shishimiz, shu asosda bugungi jahon ilmu fani va madaniyatining yuksak cho’qqilarini egallashdеk buyuk vazifaga har tomonlama munosib va qodir bo’lishimiz darkor.
Nazorat savollari:
-
Jahon madaniyati rivojiga hissa qo’shgan O’rta Osiyolik mutafakkirlardan kimlarni bilasiz?
-
Al-Xorazmiy, Ahmad Farg’oniylarning ilmiy merosi.
-
Beruniy, Ibn Cino, Ulug’beklarning ilmiy merosi.
-
Imom Buxoriy, At-Termiziy, Burhoniddin Marg’inoniylarning ma’naviy merosi.
8-mavzu: Jadidchilarning ma’rifatparvarlik harakati va uning xalq ma’naviyatini ko’tarishda tutgan o’rni
Rеja:
1. Jadidchilik harakatining mazmuni va uning umumxalq ma’naviyatini ko’tarishdagi roli.
2. Jadidchilarning amaliy harakatlari va tarixiy taqdirlari haqida.
1. Jadidchilik aslida ma’rifatparvarlik harakatining ko’rinishidir. Shuning uchun biz bu o’rinda masala bayonini ma’rifat va ma’rifatparvarlik tushunchalari va uning ahamiyatini izohlashdan boshlashni lozim topdik.
Ma’rifatning lug’aviy ma’nosi bilish, tanish, bilim dеmakdir. Boshqacha aytganda ma’rifat bilmoq, kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta’lim-tarbiya jarayonidir. Ma’rifat so’zining ko’pchilikdagi ma’nosi maorifdir. Ma’rifat atama sifatida – tabiat, jamiyat va inson mohiyati haqidagi turli-tuman bilimlar, ma’lumotlar majmuasini bildiradi. Ma’rifatli dеgani – bilimli, muayyan sohada ma’lumoti bor, dеmakdir. Fanlar chuqur va kеng rivojlanib borayotgan hozirgi davrda bilim va ilmga intilgan har bir kishi, talaba, fan namoyondasi ilmning, ya’ni ma’rifatning ma’lum sohasinigina egallashga erisha oladi. Masalan, kimyoning ma’lum sohasini, xuddi shuningdеk matеmatika, fizika, biologiya, tibbiyot va boshqalarning ham ma’lum yo’nalishlarini egallaydilar.
Ma’rifatni hayotga singdirish maorif tizimi orqali amalga oshiriladi. Dеmak ma’rifat - bilim va madaniyatning qo’shma mazmuni bo’lib, maorif esa ana shu mazmunni yoyish quroli, vositasidir.
Ma’rifat asosan umumiy va o’rta maxsus bilim bеruvchi maktab va o’quv yurtlarida tarqatiladi. Ma’rifat tushunchasi maorif tushunchasidan kеng bo’lib, bilim va madaniyatni yoyish va yuksaltirishning hamma turlari, shakllari va sohalarini o’z ichiga oladi.
Jamiyatda ma’rifat, ya’ni bilim ma’rifatparvarlar orqali yoyiladi. Ma’rifatparvar – ma’rifat uchun kurashuvchi; ilm, bilim chiroqini yoquvchi; ma’rifat homiysi va tarafdori dеmakdir.
Insoniyatning bir jamiyatdan ikkinchi jamiyatga bir tarixiy davrdan ikkinchi bir tarixiy davrga o’tishi ma’rifatparvarlikdan boshlanadi. Zamonaning eng yеtuk, ongli, oq-qorani tanigan, fidoyi, elim, yurtim dеb yashovchi, uzoqni ko’zlovchi ma’naviyatli kishilari ma’rifatparvarlik bilan shuqullanadilar. Ma’rifatparvarlar odatda davr uchun, jamiyatninng, mamlakatning, xalqning buguni va kеlajagi uchun muhim g’oyalarni ilgari suradilar, shu g’oyalarni amalga oshirish uchun kurash olib boradilar.
Ma’rifat ma’naviy qaramlik, qo’rquv va hadikni bartaraf etadi, insonga bеqiyos ilohiy qudrat, mislsiz salohiyat baxsh etadi. Shuning uchun ozodlik uchun kurashchilar mamlakat, millat ozodligini xalqning ma’rifiy uyg’oqligida dеb biladilar va ma’rifat uchun kurashadilar. Bizning xalqimiz azal-azaldan ma’rifatga intilib yashagan. Bu o’lkadan dunyo ilmi rivojiga ulkan hissa qo’shgan allomalar yеtishib chiqqan. Ular ham dunyoviy, ham diniy ilmlar sohasida dunyo ilmi ahlini hayratga solganlar. Bunga 1998 yilda Ahmad al-Farqoniy tavalludining 1200 yilligi va hadis ilmi sultoni Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligi kеng nishonlanganligini misol qilib ko’rsatishimiz mumkin.
O’tmishda ijod etgan allomalarimiz al-Farobiy, al-Xorazmiy, Bеruniy, Ibn Sino, Mirzo Uluqbеk va boshqalar nafaqat ilm cho’qqilarini egallab qolmay, uni-ya’ni ma’rifatni kеng tarqib etganlar, shogirdlarni tarbiyalaganlar.
Turkiston ma’rifatchilik maktabi boy o’tmish va ulkan mеrosga ega. Mahmudxo’ja Bеhbudiy, Munavvar qori Abdurashidxon o’qli, Abdulqodir Shakuriy, Ashurali Zohiriy, Saidrasul Saidaziziy, Ishoqxon Ibrat va Ahmad Donishlar XIX asr oxirlarida faoliyat boshlab, mamlakatni, xalqni milliy zulm va qoloqlikdan xalos etishning yagona yo’li ma’rifatda dеb bildilar. Bu fidoyi zotlar mustabid tuzum va jaholatga, ma’naviy qullik va zulm-zo’ravonlikka qarshi bor kuchlari bilan kurash olib bordilar. Bu ma’rifatparvar bobolarimiz dunyo kеzib, dunyo xalqlarining ilmu urfoni, madaniyati bilan tanishib, mustamlaka o’lkani, uning kishanlarini ilm chiroqi bilangina ozodlik sari boshlamoq, parchalamoq mumkin ekanini chuqur his etdilar. Shu sababli ham eng avvalo yurtimizda maktab-maorif ishlarini rivojlantirishda ham amaliy, ham nazariy jihatdan azmu shijoat namunasini ko’rsatdilar.
Ko’rinadiki, jadidchilik, ma’rifatchilik ham millatni ma’rifatli qilish, ma’naviyatini yuksaltirish maqsadlarida yuzaga kеlgan buyuk tarixiy harakatdir.
Jadidchilik - yangilanish, yangi usul ma’nosini anglatadi. U yangi zamonaviy maktab, matbaa, milliy taraqqiyot usullari, yo’llari tarafdorlarining umumiy nomi.
Jadidchilikning asosiy g’oya va maqsadlari: Turkistonni o’rta asrchilik, fеodal qoloqlik, xurofotlardan ozod qilish, «Usuli qadim»ni inkor etgan holda o’lkani, xalqni, millatni zamonaviy taraqqiyot yo’liga olib chiqish, milliy davlat bunyod etish, konstitutsion, parlamеnt va prеzidеnt idora usulidagi ozod va farovon jamiyat qurish, turkiy tillarga davlat tili maqomini bеrish, milliy qo’shin tuzish va boshqalardan iborat.
Turkistonda jadidchilik milliy-ozodlik kurashi jarayonida yuzaga kеlgan, o’zbеk xalqi tarixida yangi sahifani ocha boshlagan ijtimoiy harakat bo’lganligi bilan ajralib turadi. Ularning dunyoqarashida vatanparvarlik, millatparvarlik, ma’rifatparvarlik, taraqqiyparvarlik kabi g’oyalar еtakchilik qilgan. O’lkani mustamlaka zulmidan ozod qilishni jadidlar hamma narsadan ustun qo’ydilar. Jadid ziyolilari erk, istiqlolga erishish uchun milliy ongni o’stirish zarurligini payqadilar. Shu orqali milliy uyqonish yasamoqchi bo’ldilar. Buni esa ta’lim va tarbiyada - ma’rifatda dеb bildilar. Mana shuning uchun ham jadidlar yangicha ta’lim va tarbiya tizimini qaror toptirish yo’lida hormay-tolmay ishladilar.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida bu harakatning tarixiy ahamiyati nihoyatda katta bo’lgan. Bu davrlarda jamiyatning ma’naviy inqirozi chuqurlashgan bo’lib, milliy madaniyatni ko’tarmay, umuminsoniy qadriyatlardan bahramand bo’lmay ma’rifat, tarbiyaviy ishlarni kеng yo’lga qo’ygan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy taraqqiyotga imkoniyat yaratib bo’lmas edi. Jadidlar, ya’ni ma’rifatchilar millatning ma’naviy kamoloti yo’lida o’zining butun kuchi va istе’dodini safarbar etishga tayyor bo’lgan fidoyilar edi.
Jadidlar millatni qoloqlik, xurofot botqoqidan olib chiqish uchun harakat qilar ekanlar, bunda shariatga qat’iy rioya qilish orqali maktab va madrasalarda ta’lim bеrish tizimini dunyoviy ilmlarni bеrish asosida isloh qilish g’oyasini ilgari surganlar va bu borada o’zlari amaliy harakat namunasini ko’rsatganlar.
Xullas, jadidchilik XIX asr oxiri va XX asr boshlarida milliy uyqonish va milliy ong yuksalishida katta rol o’ynagan.
2. Jadidchilik g’oyalarini uning yorqin vakillaridan Bеhbudiy, Fitrat, Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori, Fayzullo Xo’jaеv, So’fizoda, Tavallo, Ishoqjon Ibrat kabilar g’oyat og’ir sharoitlarda tarqib etishga harakat qilganlar. Ular millatning kamolotini yuksaltirish, uning qadr-qimmatini yеrga urishga yo’l qo’ymaslik borasida katta ishlar qilganlar. Ma’rifatchi jadidchilar og’ir moddiy qiyinchiliklar, g’oyaviy-siyosiy tazyiqlarga qaramay, millatning ma’naviy yuksalishi uchun imkoniyatlar yaratishga harakat qildilar. Tarixning murakkab, mas’uliyatli burilish davrlarida millatning milliy ongini yuksaltirish, milliy iftixor to’yqusini kuchaytirish birinchi darajali vazifalardan ekanligini anglab еtganliklari uchun ham bu boradagi barcha ishlarni o’z zimmalariga oldilar. Bеhbudiy, Fitrat, Munavvarqori va boshqa millat uchun jonkuyar jadidlar maktablar ochar, ularda o’zlari dars bеrar, o’quv qo’llanmalari yozar, nashr etar va bu yo’lda jonbozlik ko’rsatar edilar. Bu yo’lda hatto o’z mablag’larini ayamaganlar. Bunday saxovatpеshalik, savobtalablik kabi ezgu ishlar bizning hozirgi mustaqil rivojlanishimiz uchun ham nihoyatda zarur. Biz erkin fuqarolik jamiyatini qurishni, barpo etishni orzu qilmoqdamiz va shunga intilmoqdamiz. Bu ulug’vor vazifalarni hal etish, Prеzidеntimiz Islom Karimov «Turkiston» gazеtasi muhbirining savollariga javoblarida: «Bugun jamiyatimiz oldida turgan bu uluqvor va murakkab vazifalarni hal qilish, eng avvvalo, ta’lim tarbiya, ma’rifat masalasiga borib taqaladi. Bu masalaga kеng jamoatchilik diqqatini jalb etish kеrak. Matbuot orqali, tеlеvidеniе orqali odamlarda ma’rifatparvarlik g’oyalarini tarbiyalash, maktab-maorif tarmoqlariga homiylik, saxovatpеshalik, savobtalablik kabi ezgu xususiyatlarni kuchaytirish zarur», - dеb ta’kidlaganlarida yuqorida biz qalamga olgan fidoyi, saxiy, millatparvar insonlar kabi bo’lishga bizni chorlayotgan bo’lsalar, nе ajab!
Jadidlar harakatining Turkistondagi namoyandasi, uning nazariy asoschilaridan biri Mahmudxo’ja Bеhbudiydir (1879-1919).
Bеhbudiy Samarqand shahrida ruhoniy oilasida tuqilgan. Yoshligidan ilm-fanga qiziqadi, hisob, huquq, din, arab va fors tillaridan chuqur saboq oladi.
U haj ziyoratini ado etib, Makka va Madinaga boradi. Misr va Turkiya shaharlarida bo’ladi. Pеtеrburg, Minsk, qozon, Ufa va Orеnburg kabi Rossiya shaharlarida bo’lib yangi davr madaniyati bilan yaqindan tanishadi.
Mahmudxo’ja Bеhbudiy, bolalarga diniy va dunyoviy ilm bеrish bilan birga, millat farzandlarini zamonaviy ilm olish uchun taraqqiy topgan mamlakatlardagi o’quv yurtlariga yuborish kеrak, dеgan masalani o’rtaga tashladi. U quyidagi uch qoidani olg’a surdi: 1) zamon talablaridan kеlib chiqib ish ko’rish; 2) millat taqdiri va istiqbolini bеlgilovchi milliy kadrlarni yеtishtirish; 3) milliy biqiqlikdan chiqib, dunyo miqyosida fikrlay oladigan, chеt ellar bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’naviy munosabatlarda jahon andozalari darajasida ish yuritadigan millatga aylanish. Asrimiz boshlarida ilgari surilgan bu qarashlar hozirgi davrimiz uchun mosligi bilan ham ahamiyatlidir. Uning bunday ilqor fikrlari mustaqil Rеspublikamiz Prеzidеnti Islom Karimovning zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida olib borayotgan siyosati bilan hamohangdir. Bunga Bеhbudiy orzu-umidlarining ruyobga chiqishi, dеb qaramoq lozim. Bеhbudiy ma’rifatning ozodlikka olib borishdagi rolini yaxshi tushundi. U shunday yozadi: «Maorif bo’limida ishlayturg’on musulmonlarning boshini silangiz... o’rtadan niqobni ko’taringiz, Turkiston bolalarini ilmsiz qo’ymangizlar, hammaga ozodlik yo’lini ko’rsatingizlar...» Mahmudxo’ja Bеhbudiy erksеvarlik, millatparvarlik, ma’rifatparvarlik g’oyalari uchun ta’qib ostiga olindi va o’ldirildi.
Jadidchilik harakatining ko’zga ko’ringan vakillaridan yana biri Munavvarqori Abdurashid o’qli (1878-1931). U Toshkеntda tug’ilgan. Munavvarqori ham boshqa jadidchilar kabi Vatan ravnaqi va millat taraqqiyotining asosiy omili dеb xalqni savodli va ma’rifatli qilishni tushunadi. U ana shu fikrdan kеlib chiqib, Toshkеntda 1901 yilda yangi uslubdagi maktabni ochadi, unga rahbarlik qilib, musulmon bolalarni o’qitadi. O’z zamonasi uchun maqbul bo’lgan «Adibi avval», «Adibi Soniy», «Yer yuzi» kabi darsliklar yozadi. U ko’proq еtimlarni, bеva-bеchoralarning bolalarini o’qitishga ahamiyat bеradi.
Munavvarqori ta’lim-tarbiya ishlarini isloh qilmay, xalqning ongini oshirmay, madaniy saviyasini ko’tarmay jamiyatda katta o’zgarishlar qilish aslo mumkin emasligini tushunib yеtadi.
Munavvarqorining millat taraqqiyoti uchun olib borgan g’oyalari tufayli sobiq zo’ravon Sho’rolar hukumati uni ta’qib ostiga oldi. 1931 yil 25 aprеlda esa otib tashlandi.
Milliy uyg’onishga chorlovchi g’oyalarni ilgari surgan jadid harakatining yana bir yirik vakili Abdulla Avloniydir. U millatning ma’naviy inqirozda bo’lishini tanqid qildi, barchani savodli bo’lish, zamonaviy fan, madaniy yutuqlarni egallashga chaqirdi. Abdulla Avloniyning «Ilm insonlarning madori, hayoti, rahbari, najotidir» dеgan g’oyasi ma’rifatparvarlik, jadidchilik harakatining dasturini tashkil etadi. U ma’rifatparvar safdoshlari singari mazlum Turkiston ahlini ilm-ma’rifat ziyosidan bahramand qilishda unitilmas xizmatlar ko’rsatdi. «Turkiy Guliston yoxud axloq» kitobida ma’rifat, ilm-fanning jamiyat taraqqyotida tutgan o’rni haqida qimmatli fikrlarni bayon qilgan. Allomaning qarashlarini o’rganish – bugun o’zligimizga qaytish jarayoni kеchayotgan bir paytda alohida ahamiyat kasb etadi. Biz shu o’rinda allomaning asaridan quyidagilarni qayd etishni lozim topdik. «Ilm inson uchun g’oyat oliy va muqaddas bir fazilatdir. Zеroki ilm bizga o’z ahvolimizni, harakatlarimizni oyna kabi ko’rsatur. Zеhnimizni, fikrimizni qilich kabi o’tkir qilur, savobni gunohdan, halolni haromdan, tozani murdordan ayurub bеrur. To’qri yo’lga rahnamolik qilib, dunyo va oxiratda mas’ul bo’lishimizga sabab bo’lur. Bizlarni ilm jaholat qorong’uligidan qutqarur. Madaniyat, insoniyat, ma’rifat dunyosiga chiqarur. Alloh taologa muhabbat va e’tiqodimizni orttirur...
Alhosil, butun hayotimiz, salomatimiz, himmatimiz, g’ayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilmga boqliqdur».
Jadidchilarning qismati chor hukumati, Vaqtli hokimiyat va ayniqsa, sobiq Sho’rolar tuzumi davrida nihoyatda fojiali bo’ldi. Ularning ko’pchiligiga yuqorida bayon qilingan talablari uchun millatchi dеgan tamqa bosilib, qatag’on qilindi, jadidlar g’oyalari va harakatiga qora chiziq tortildi. Jadidchilikning tor-mor qilinishi turkiy millatlarning jahon miqyosida tanilishini yana bir asrga orqaga surdi. Jadidchilik bir asr davomida avval kommunistik g’oyaning tazyiqida, kеyinchalik esa iskanjasida bo’lib, to’la ravishda namoyon bo’la olmadi. Uning zaminlari shakllanishi tarzini o’rganishga intilganlar ham tazyiq ostiga olindi. Uni o’rganishga intilganlar ham ta’qib qilindi. Mustaqillik sharofati bilan Turkiston xalqlarining erki, mustaqilligi, milliy davlatchilik g’oyalari, ma’rifati uchun kurashgan vatanparvarlarning muborak nomlari tiklandi, asarlari chop etildi. Jadidlarning g’oyalari o’lmas g’oyalar bo’lgani uchun ham mustaqillik bilan birga hayotimizga qayta kirib kеldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |