«Leksika»dan:
1-masala. Uzukning ko‘zi, derazaning ko‘zi, buloqning ko‘zi, taxtaning ko‘zi yoki o‘tkir til, o‘tkir so‘z, o‘tkir nigoh (qarash) birikmalarida ko‘zi va o‘tkir so‘zlarining ko‘chma ma’noda qo‘llanilganligini isbotlang.
2-masala. Gaplardagi antonimlarga e’tibor bering. Ular yakka holda kelganda qanday ma’noni va juft holda kelganda qanday ma’noni anglatadi?
1. To‘yga do‘st - dushman keladi. 2. Erta–yu kech fikrim shu. 3. Qishloqning butun katta - kichigi bu umumxalq hashariga qo‘shildi (S.Ahmad). Bu gapdagi antonimlarni boshqa so‘zlar bilan almashtirib ko‘ring-chi! Bundan qanday xulosa chiqardingiz? Namuna: To‘yga hamma keladi. Doim fikrim shu.
«Morfologiya»dan:
1-masala. Quyida berilgan ikki gapni taqqoslang. 1. Chol minbarga chiqib yigitchasiga gapirdi. 2. Tanishib olaylik, otingiz nima, yigitcha?
Yigitcha so‘zining ma’nosida farq bormi? Siz bundan qanday xulosa chiqardingiz?
2-masala. Quyidagi to‘rtlikni diqqat bilan o‘qing. Nega shoir shu olmoshini uch misrada takror qo‘llagan?
Ukam, yovuzlarning topganlari shu,
O‘z o‘g‘lin it bo‘lib qopganlari shu.
O‘z qalbin nafratlab yopganlari shu,
Mo‘min Mirzo, ukam, seni o‘ldirdilar. (A.Oripov)
O‘qituvchi o‘quv masalalarini o‘zi tuzishi yoki darslikda berilgan ijodiy xarakterdagi o‘quv topshiriqlaridan foydalanishi mumkin. Agar topshiriq shartida o‘z fikr - mulohazalarini dalillar bilan asoslash so‘ralmagan bo‘lsa, unga muayyan o‘zgartirishlar kiritish mumkin.
Shunday qilib, masala tipidagi o‘quv topshiriqlari muammoli vaziyat yaratishning muhim usulidir. Chunki masala o‘quvchini harakatga keltiradi, uni izlanishga undaydi, qiziqtiradi.
Muammoli vaziyat yaratishda o‘rganiladigan til hodisalarining murakkablik darajasi ham hisobga olinadi. Chunki o‘qituvchi til hodisalarining murakkablik darajasidan kelib chiqib, muammoli vaziyat yaratishning usulini tanlaydi. Oldindan o‘quvchilarga ma’lum darajada tanish bo‘lgan til hodisalarini o‘rgatishda ko‘proq kuzatish, taqqoslash kabi usullardan foydalanilsa, o‘quvchilarga tamoman notanish bo‘lgan mavzularni o‘rgatishda muammoli savol qo‘yib, darslikdan javob izlash usulidan foydalaniladi.
Muammoli vaziyat yaratishda sinf o‘quvchilarining o‘zlashtirish darajasi, til hodisalarini tushunishi va aqliy faoliyat usullaridan foydalanishi kabilar ham hisobga olinadi. Agar sinf o‘quvchilarining o‘zlashtirish darajasi past bo‘lsa, osonroq ijodiy-amaliy topshiriqlardan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
Muammoning mohiyatini anglash muammoli ta’limning birinchi bosqichidir. Кeyingi bosqichlar: muammoni yechish, natijani hisobga olish kabilar birinchi bosqichning to‘g‘ri uyushtirilganligiga bog‘liq. Ayniqsa, birinchi bosqichda o‘zlashtirishi bo‘sh o‘quvchilarni muammoli vaziyatga olib kirish o‘qituvchiga ancha murakkablik tug‘diradi. Buning uchun o‘qituvchi tabaqalashtirilgan ta’lim imkoniyatlaridan unumli foydalanishi lozim.
Shunday qilib, qo‘yilgan muammoni to‘g‘ri yechishni ta’minlash uchun:
a) muammoning maqsad va mohiyatini o‘quvchilarga to‘g‘ri anglatish;
b) o‘rganilgan mavzular yuzasidan puxta va izchil bilimlarning mavjudligiga erishish;
v) har bir o‘quvchida mustaqil ravishda ijodiy ishlash malakalarini tarkib toptirish;
g) o‘quvchilarni maqsadga yo‘naltira bilish;
d) muammoni yechishning eng samarali va qulay yo‘lini belgilash juda katta ahamiyatga ega.
Ona tili darslarida o‘quvchilarning mustaqil bilim olishini quyidagi metodlarga ajratish mumkin:
1) qayta xotiralashga asoslangan metodlar;
2) qisman izlanuvchanlik metodlari;
2) izlanishga asoslangan metodlar.
Bu metodlarning har biri ona tili mashg‘ulotlarida o‘quvchilarni faollashtirishga turlicha ta’sir ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |