Mavzu yuzasidan nazorat savollari:
Psixodiagnostika tushunchasi qanday mazmunda tushuniladi?
Psixodiagnostikaning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
Psixologik diagnoz qanday bosqichlardan tashkil topgan?
Psixodiagnostika, psixokorreksiya va psixologik maslahat o’rtasida qanday bog’liqlik mavjud?
MAVZU: PSIXODIAGNOSTIKA VA EKSPERIMENTAL PSIXOLOGIYA TARIXI
REJA:
Psixodiagnostikaning fan sifatida vujudga kelishi.
Individual farqlarni aniqlash testlarining tarixi.
Psixodiagnostik maqsadlarda proyektiv metodlardan foydalanish.
Psixodiagnostikaning rivojlanishi.
Mavzu yuzasidan tayanch tushunchalar
Test – shaxsning muayyan psixologik xususiyatlari rivojlanish darajasini aniqlash imkonini beradigan topshiriqlar tizimi.
Testlashtirish – standartlashtirilgan savol va topshiriqlardan iborat psixodiagnostik metod.
Proyektiv metod – eksperiment natijalarida proyeksiyani aniqlashga asoslangan shaxsni o’rganish metodlaridan biri.
Verbal – nutq ishtirokida bajariladigan topshiriqlar
Noverbal – nutqiy bo’lmagan, harakatlar, yasash, solishtirish va boshqa shakldagi topshiriqlar
Psixodiagnostika mustaqil fan sifatida XIX asr oxirlarida vujudga keldi. Bu fanning paydo bo’lishi F. Galton (1879), Dj. Kettell (1890), N. Ebbingauz (1891), A.Bine (1896) nomlari bilan uzviy bog’langan. Bu olimlar o’tkazgan tadqiqotlarda individual farqlarni o’rganishning yangi statistikaga asoslangan quroli - test ishlatila boshlangan.
Mashhur ingliz olimi F.Galton 1884-1885 yillar davomida bir necha bosqichlarda tajribalar o’tkazdi. Bunda 5 yoshdan 80 yoshgacha bo’lgan xoxlovchilar arzimagan haq evaziga laboratoriyada o’z kuchi, reaksiya tezligi, organizmining xislatlarini 17 ko’rsatkich bo’yicha tekshirtirishar edi. Bu ko’rsatkichlar qatoriga shuningdek, bo’yi, vazni, o’pkaning tiriklik sig’imi, kaft va musht kuchi, harflarni eslab qolish qobiliyati, ko’rish o’tkirligi, rangni farqlash kabi ko’rsatkichlar ham kiritildi. To’liq dastur bo’yicha hammasi bo’lib 9337 kishi tekshirib chiqildi. F. Galtonning fikriga ko’ra, testni o’tkazish eksperimentni talab etadi. Shunday qilib, eksperiment fanning haqiqiy asosi, poydevori deb qarala boshlandi. Bu haqida Dj. Kettell ham ta’kidlab o’tgan, qachonki asosini eksperiment va o’lchash, aniqlash tashkil qilar ekan, shundagina psixologiya haqiqiy va aniq fan bo’lishi mumkin. 1890 yilda nashr qilingan ilmiy ishida u 50 turdagi laboratoriya testlarining ro’yxatini keltiradi. Hozirgi kunda ularni testdan ko’ra ko’proq topshiriqlar deb atash to’g’riroq bo’ladi. Bu topshiriqlar testlarga qo’yiladigan talablardan faqat ikkitasigagina ega edi: ularning qo’llash ko’rsatmasi mavjud hamda tadqiqotning (laboratoriya) ilmiy xarakteri ta’kidlangan edi. Bu talablarga ko’ra laboratoriya yaxshi jihozlanishi; testni o’tkazish vaqtida begonalar bo’lmasligi; barcha tekshiruvchilarga bir xilda ko’rsatma berilishi, ya’ni ular nima qilishlari kerakligini yaxshi o’zlashtirib olishlari lozim edi.
F. Galton va Dj. Kettelllarning dastlabki asarlari nashr etilgach, test metodi g’oyasi turli mamlakat olimlarining diqqatini o’ziga tortdi. Shu tariqa uning tarafdorlari va qarshi bo’lgan olimlar paydo bo’la boshladi. Bu metodni qo’llash tarafdorlariga quyidagilarni kiritish mumkin: Germaniyada – G.Myunsterberg, S.Krepilin, V.Anri, Fransiyada – A.Bine, AQShda – Dj. Gilberd va boshqalar. Bu tadqiqotchilar yangi turdagi, ya’ni psixologiyani amaliyot extiyojlari bilan bog’lashga uringan olimlar edilar. Biroq amaliy tadqiqotlarga intilish psixologiyada fandan yiroqlashish deb baholangan. Dj. Kettellning ta’kidlashicha, u o’zining dastlabki testlarini laboratoriya tadqiqotlarida individual farqlarni aniqlash maqsadida 1885 yilda qo’llagan, ammo V. Vundtning qarshiligi tufayli ularni nashrdan chiqara olmadi.
O’tgan asrning 20-yillarida psixodiagnostika fan sifatida keng shakllana bordi. Bunga shveysariyalik psixolog va psixiatr G.Rorshaxning «Psixodiagnostika» asarining nashr etilishi asosiy turtki bo’ladi. Bu kitobning nashr etilishi (1921) bilan psixologik diagnostika taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Psixodiagnostika taraqqiyotining ushbu davri psixometriyadagi shaxsni o’rganishnnig yangi metodlari bo’lgan proyektiv metodlar bilan bog’liq edi. Proyektiv psixologiya bir butun shaxsni o’rganish mumkin emas deb talqin qiluvchi psixometrik nuqtai nazar va bixeviorizmga qarshi e’tiroz bildiruvchi fan sifatida rivojlana boshladi.
Psixodiagnostikada yangi metodlar yaratilishi bilan birga birlashtirilgan testlar qo’llanila boshlandi. Masalan, aqlni o’rganish metodlari orasida amerikalik psixolog D. Veksler (1939-1955) ning subtestlari keng tarqaldi. Yangi proyektiv metodlar ham yaratilib, keng qo’llanila boshlandi (amerikalik psixolog G. Myurre (1935-1943)ning tematik appersepsion testi (TAT), nemis psixologi S. Rozensveygning frustrasiyaga bo’lgan reaksiyani o’rganish testi va boshqalar).
Rus psixologiyasida diagnostik metodlaridan foydalanish o’z tarixiga ega. Bunda psixodiagnostika rivojlanishining ikki bosqichini ajratib ko’rsatish mumkin.
Birinchi bosqich 20-yillarning boshidan 30-yillarning o’rtasigacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Bu davrda pedagogika va psixotexnikada test metodlari keng tarqaldi. Bu davrda psixologik diagnostikaning rivojlanishida M.S.Bernshteyn, L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, S.G.Gellershteyn, N.D.Levitov, G.I.Rossalimo, P.I.Shpilreyn va boshqalar katta hissa qo’shdilar. Olimlar tomonidan ilgari surilgan qator ilg’or fikrlar keyinchalik rivojlantirilmadi, chunki 1936 yildan keyin bu sohadagi barcha tadqiqotlar to’xtatildi va psixodiagnostikaning keyingi rivojlanishiga jiddiy to’siq vujudga keldi.
Psixodiagnostika rivojlanishidagi ikki bosqich 50-60 yillarga to’g’ri keladi. Bu davrda aqliy taraqqiyotni o’rganishga katta e’tibor beriladi.
Rus psixologlari tomonidan ishlab chiqilgan aqliy taraqqiyotni sifatiy tahlil qilish tamoyili qator vazifalarni hal qilishda o’z mahsuldorligini namoyon qildi va ko’pgina tadqiqotlarda o’z aksini topdi.
Respublikamizda psixodiagnostikaning rivojlanishiga B.R.Qodirov, M.G.Davletshin, G’.B.Shoumarov, E.G’.G’oziyev, V.A.Tokareva, R.Z.Gaynutdinov kabi olimlar o’z hissalarini qo’shganlar.
Psixodiagnostikada eng keng qo’llaniladigan metodlardan biri testdir. Psixologiyada test deganda o’rganilayotgan xususiyatning rivojlanish darajasi haqida sifat va miqdoriy ko’rsatkichlar olish imkonini beruvchi standartlashtirilgan metodikalar tushuniladi. Metodikaning standartligi uning hamma joyda va har doim bir tarzda qo’llanilishi, o’tkazish sharoitidan tortib tadqiqot natijalarini tahlil va talqin qilishgacha bir xilligidir. Test sinovlari natijalari qayerda va kim tomonidan o’tkazilishidan qat’iy nazar taqqoslanishi mumkin. Psixodiagnostikaning boshqa metodlariga nisbatan testlarga validlik, ishonchlilik, aniqlik, bir xil mazmunga ega bo’lish kabi talablar kuchliroq qo’yiladi.
Psixodiagnostikada foydalaniladigan testlarni bir necha mezonlarga ko’ra tasniflash mumkin:
1. Test sinovi predmetiga ko’ra: intellektual (aqliy) testlar, shaxsni o’rganish testlari, shaxslararo munosabatlarni o’rganish testlariga bo’linadi. Aqliy testlar shaxs tafakkuri, idroki, diqqati, xotirasi, nutqi, xayoli va boshqa bilish jarayonlarining rivojlanish darajasini o’rganishga xizmat qiladi. Birinchi intellektual testlar 1905 yilda A.Bine va Simonlar tomonidan ishlab chiqilgan bo’lib, ular yordamida aqliy taraqqiyotdan orqada qolayotgan, maktab dasturini o’zlashtira olmayotgan bolalar aniqlangan. Shaxsni o’rganuvchi testlar asosan kishilarning individual-psixologik xususiyatlari temperamenti, xarakteri, qobiliyatlari, his-tuyg’ulari, xulq-atvor motivlari va boshqa sifatlari o’rganiladi. Masalan, MMPI, Kettel testi ana shunday testlar hisoblanadi. Shaxslararo testlar turli ijtimoiy guruhlardagi insoniy munosabatlarni o’rganishga xizmat qiladi. Masalan Dj.Moreno tomonidan ishlab chiqilgan sosiometriya metodi, guruhning jamoa sifatida o’z-o’zini attestasiya qilish testi shular jumlasidandir.
2. Testda foydalaniladigan topshiriqlar tipiga ko’ra: amaliy testlar, obrazli va mantiqiy (verbal) testlarga bo’linadi. Amaliy test topshiriqlari tekshiriluvchidan biror bir harakatlarni bajarishni, real predmetlar yoki ularning timsollari bilan ba’zi vazifalarni bajarilishini taqozo etadi. Obrazli testlar esa turli suratlar, chizmalar, tasavvurlarga asoslanadi. Verbal testlar so’zlarga asoslangan bo’lib, tushunchani ta’riflash, xulosa chiqarish, so’zlarni taqqoslash, turli mantiqiy bog’lanishlar hosil qilish shaklida tashkil etiladi. Ko’p hollarda test topshiriqlari kompleks tabiatga ega bo’lib, amaliy va nazariy, obrazli va verbal shaklda bo’lishi mumkin.
3. Test materiallarini tekshiriluvchiga taqdim etish shakliga ko’ra: varaqli va apparaturali testlar mavjud. Varaqli testlarda tekshiriluvchilar topshiriqlarni maxsus tayyorlangan varaqlarda rasmlar, chizmalar, jadvallar va so’rovnomalar shaklida oladilar. Apparaturali testlar audio- va videotexnika, elektron hisoblash mashinalari yordamida o’tkaziladi.
4. Test orqali baholanish obyektiga ko’ra: prosessual testlar, muvaffaqiyat testlari, holat va xususiyatlarni o’rganish testlariga bo’linadi. Prosessual testlar yordamida xulq-atvor yoki psixologik jarayonlar tadqiq etiladi. Muvaffaqiyat testlari esa inson faoliyati natijalari asosida psixologik xususiyatlarni o’rganishga xizmat qiladi. Holat va xususiyatlarni o’rganuvchi testlar shaxsning barqaror psixologik holat va xususiyatlarini baholash imkonini beradi.
5. Proyektiv testlar alohida guruhni tashkil etadi. Proyektiv metod tushunchasi 1939 yilda amerikalik psixolog L. Frank tomonidan psixologiya faniga kiritilgan. Psixodiagnostikaning boshqa metodlaridan farqli o’laroq, proyektiv testlarda tekshiriluvchiga javoblarni tanlashda erkinlik beriladi. Tekshiruvchi tomonidan baholash tabiatiga ega bo’lgan tashqi ko’rsatmalar bo’lmaydi. Shaxsning biror xususiyati o’lchanmay, balki ijtimoiy muhitdagi o’zaro munosabatlari va xususiyatlari umumlashtirib baholanadi. Psixodiagnostikada eng keng qo’llanilayotgan proyektiv metodlarga TAT (Tematik appersepsion test), AAT (auditoriya appersepsion testi), Zondi-testi, Rorshax testi, psixogeometrik test va boshqalarni misol keltirish mumkin.
Psixodiagnostikada qo’llaniladigan barcha metodlar kabi testlarga ham alohida talablar qo’yiladi. Ana shunday talablardan birinchisi – ijtimoiy-madaniy moslashtirilganlik hisoblanadi. Bir mamlakatda ishlab chiqilgan standart testlar boshqa bir jamiyatdagi tekshiriluvchilarga tadbiq etilishi uchun o’sha hududning, fukarolarning milliy xususiyatlarini, mentalitetini e’tiborga olgan holda moslashtirilgan bo’lishi kerak. Masalan, bir davlatda ishlab chiqilgan intellekt testlari asosida boshqa davlat fuqarolarining intellektini aniqlansa ko’rsatkichlar yoki ortib yoki kamayib ketishi mumkin. Ya’ni tadqiqot natijalari noadekvat bo’lib qoladi. Agar test sinovlari takroran boshqa sharoitlarda o’tkazib ko’riladigan bo’lsa ham ularni yangi sharoitga moslashtirilishi shart. So’rovnoma shaklida tuzilgan testlarni tarjima qilishda ham nihoyatda ehtiyotkorlik va e’tiborlilik talab etiladi, chunki ko’p hollarda so’zma-so’z tarjimalar muvaffaqiyatsiz bo’lib qoladi. Shuning uchun umumiy mazmunni saqlagan holda ixtiyoriy so’z birikmalaridan foydalanish mumkin.
Psixodiagnostik testlarga qo’yiladigan talablardan yana biri – test topshiriqlarining bir xil mazmunga egaligi va ifodalarning soddaligidir. Bu talabga ko’ra test topshiriqlari, rasmlar, so’zlar faqat bir xil tarzda idrok qilinadigan va tushuniladigan bo’lishi kerak.
Uchinchi talabga ko’ra test sinovlarini bajarish vaqti cheklangan bo’lishi kerak. Juda katta hajmdagi test topshiriqlarini bajarish vaqti 1,5-2 soatdan ortib ketmasligi lozim. Uzoq vaqt mobaynida ish qobiliyatlarini bir xil darajada tutib turish ham qiyinchilik tug’diradi.
Psixodiagnostik testlarga qo’yiladigan to’rtinchi talabga ko’ra, ularda norma belgilangan bo’lishi kerak. Test normalari juda katta ko’lamdagi tekshiriluvchilarda tadqiqot o’tkazilib aniqlangan o’rtacha ko’rsatkich bo’lib, alohida individda o’tkazilgan test natijalari ana shu ko’rsatkich bilan taqqoslanadi. odatda norma belgilashda ijtimoiy, yoshga va jinsga oid xususiyatlar e’tiborga olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |