Epidemiologiyasi. Infeksiya manbai kasal uy hayvonlaridir. Mikrob ular organizmidan tashqariga chiqib, turli yo‘l bilan odam organizmiga tushishi mumkin. Kasal hayvon go‘shtidan tayyorlangan ovqat vositasida ham kasallik yuqadi. Hayvonlar terisini oshlashda va mo‘yna orqali ham kuydirgi yuqib qoladi. Shu boisdan kasallik ko‘proq chorva mollari bilan bog‘liq odamlarda uchraydi.
Keyingi yillarda, Rossiya, Moldava, Ukraina, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston respublikalarida kuydirgi kasalligi sporodik holda uchrab turadi.
Klinikasi. Kasallikning inkubatsion davri o‘rta hisobda 2-3 kun. Uning teri, ichak, o‘pka va septik shakllari mavjud. Teri shakli eng ko‘p uchraydi. Mikrob tushgan joy terisida dastlab dog‘, toshma, so‘ngra vezikula, pustula va yara hosil bo‘ladi. Yara yuzasi qoramtir parda bilan qoplanadi. U strup deb ataladi. Strup ostida infiltrat hosil bo‘lib, atrofida mayda yangi pufakchalar shakllanadi. Yara va uning atrofi og‘rimaydi. Bemor darmonsizlik, lohaslik, bosh og‘rishidan shikoyat qiladi. Isitmasi 39-40 ga yetadi va 5-6 kun shu holda saqlanadi. 2-4 haftadan keyin yara bitadi. Kasallikning boshqa formalari juda og‘ir o‘tadi va ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.
Diagnostikasi. Laboratoriya tekshiruvi uchun teridagi elementlardan, boshqa formalarida qon, siydik, balg‘am, najas, qusuq massasidan namuna olib, ehtiyotlab jo‘natiladi. Materialdan mazok tayyorlash, Askoli pretsipitatsiya reaksiyasini qo‘yish mumkin. Teri ostiga 0,1 ml antraksin yuborib allergik reaksiya ham qo‘yiladi.
Davolash. Bemor alohida palataga yotqiziladi. Antibiotiklardan penitsillin yaxshi natija beradi. U 300000-500000 TB dan kuniga 6-8 marta 7-12 kun yuboriladi. Tetratsiklin, levomitsetin, streptomitsindan ham foydalanish mumkin. Spetsifik kuydirgi gamma-globulin 25-30 ml miqdorda mushaklar orasiga yuboriladi. Kuydirgiga qarshi zardob ham ishlatiladi. Bemorning idish-tovog‘i alohida bo‘ladi va foydalangandan so‘ng uzoq qaynatiladi. Bog‘lov materiallari yoqib yuboriladi. Bemor bilan aloqada bo‘lganlar 8 kun tibbiy nazoratda bo‘ladi.
Profilaktikasi. Profilaktika chora-tadbirlari shifokorlar va veterinariya xodimlari hamkorligida amalga oshiriladi. Kasal hayvon aniqlanganida karantin joriy etiladi, go‘shtini sotishga ruxsat etilmaydi. O‘lgan hayvon jasadi maxsus joyda chuqur o‘ra kavlanib, tubiga va ustiga xlorli ohak sepib ko‘miladi. Shaxsiy profilaktika maqsadida veterenariya xodimlari STI vaksinasi bilan emlanadi.
Adabiyotlar:
1.L.A. Isayeva “Detskiye bolezni” Moskva Tibbiyot-87
2.R.A. Ramazonova “Tibbiyot hamshiralari o’quv qo’llanmasi”T-85.
3.N.A. Paleev “Tibbiyot hamshiralari sravochnigi” T-83.
4.”Salomatlik enseklopediyasi” T-1985.
5.R.A. Ramazonova “Favqulotda vaziyatlar uchun, tibbiy hamshiralar tayyorlash” Toshkent 2006.
Do'stlaringiz bilan baham: |