Falsafa tarixiy davrning o‘z-o‘zini idrok qilish sifatida . U yoki bu falsafiy tizimlarni ular shakllangan ijtimoiy-tarixiy sharoitga murojaat qilmay, ularning tarixiy asosini ko‘rib chiqmay turib, ularning o‘zidan, ya'ni falsafiy matndangina kelib chiqqan holda, to‘la to‘kis tushunish mumkin emas. Har qanday falsafa, ya'ni u xoh antik davr falsafasi, xoh o‘rta asr falsafasi yoki Uyg‘onish davri falsafasi bo‘lsin - o‘z davrining mahsulidir.
Masalan, Uyg‘onish davri yevropa falsafasining vujudga kelishi va rivojlanishi feodal jamiyatga qarshi turuvchi ilk burjuaziya jamiyati madaniyati asosida yuz bergan. Aynan shunday tarixiy asosda Uyg‘onish davri falsafasining insonparvarlik, klerikalistik (cherkoviy) va qotib qolgan aqidalarga bo‘lgan qarshiligi, qadimgi davr orzulariga bo‘lgan yo‘nalishi kabi xususiyatlari o‘z ifodasini topadi. Falsafiy yo‘nalishlar (maktablar) va falsafiy muammolar to‘g‘risida ham xuddi shunday deyish mumkin. Masalan, XIX asr ikkinchi yarmi XX asr birinchi yarmida G‘arbiy yevropa falsafasidagi irratsionalizmning avjga chiqishi Yangi davr sivilizatsiyasidagi bo‘hron, kapitalizm bo‘hroni yevropa bo‘ylab tarqalgan ijtimoiy inqiloblarda, birinchi jahon urushi va dunyoni ikki qutbga bo‘linib ketishi o‘z ifodasini topdi. Bundan tashqari, u mexanistik tabiatshunoslik bo‘hroni, Yangi davrning qadriyatlari yo‘nalishi va dunyoqarashi asoslarining natijasi bo‘lib: ssientizm, akademizm, gnoseologizm va «mutlaq tizimlar» tuzilishidagi bo‘hronlar natijasi hamdir.
Falsafaning muayyan-tarixiy tabiati nafaqat davr o‘lchovida balki makon-sivilizatsiya o‘lchovida ham namoyon bo‘ladi. Falsafa o‘z davrininggina emas, balki muayyan sivilizatsiya, muayyan jamiyat, muayyan madaniyatning ham mahsulidir. Masalan, biz G‘arb va Sharqning falsafiy an'analari, islom, xristian va buddaviylik falsafasi, totalitar va demokratik jamiyatlar falsafalari to‘g‘risida gapirishimiz mumkin.
Falsafiy bilimlarning muayyan-tarixiy tabiatini va uning madaniy-ma'rifiy jihatdan bog‘liqligini G.V.F.Xegel, K.Marks, O.Shpengler, B.Rassel, K.Yung kabi yevropalik mutafakkirlar, islomiy mutafakkirlar (M.Iqbol, M.Sharif, S.Nasr), hindistonlik faylasuflar (S.Vivekananda, R.Tagor, R.Raju, S.Radxakrishnan), yaponiyalik faylasuf (D.Sudzuki), Lotin Amerikasidan (L.Sea), afrikalik faylasuflar (A.Kagame, L.Sengor) va boshqalar ko‘rsatib o‘tgan edilar.
Falsafa shunchaki tarixiy davr mahsuli emas. U mazkur davr mohiyati va asosiy yo‘nalish (tendensiya)larini nazariy, umumlashgan shaklda ifodalaydi. Xegel falsafani g‘oyalarda tushunilgan davr deb bejiz ta'riflamagan. Falsafa o‘zining muammolari va tushunchalar apparatida insoniyat to‘plagan amaliy hamda bilish tajribasini yig‘adi, tabiiy va bashariy borliqning turli tomonlarini anglash bo‘yicha qidiruvlarni uyg‘unlashtirib birlashtiradi va tizimlashtiradi, zamonning «keskin tomir urishi»ni qayd etadi. Boshqacha aytganda, falsafa o‘zining muammoviy va kategoriyaviy tuzilishida u yoki bu davr borlig‘i va ongining ichki, mohiyatiy jarayonlarini umumiy, nazariy shaklda ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |