Narkomaniya (narcomania; yun narke — karaxtlik va maniya) — k. Giyohvandlik.[1] Giyohvandlik



Download 32,21 Kb.
Sana30.12.2021
Hajmi32,21 Kb.
#86697
Bog'liq
GIYOHVANDLIK


Narkomaniya (narcomania; yun. narke — karaxtlik va maniya) — k,. Giyohvandlik.[1]

Giyohvandlik, narkomaniya, bangilik —narkotik moddalarga oʻrganib qolish, ruju qilish, aniqrogʻi tabiiy yoki sintetik zaharli moddalar (ayrim dori moddalari)ni vaqtincha yoki surunkasiga isteʼmol qilish natijasida kelib chiqadigan kasallik holati. G. organizm somatik va ruhiy holatining chuqur oʻzgarishiga sabab boʻladi va giyohvandni tanazzulga olib boradi. G.da oʻzini toʻxtatib boʻlmaydigan darajada giyohvand moddalarni isteʼmol qilish mayli paydo boʻladi, giyohvand moddaning miqdoriga nisbatan ehtiyoj, ruhiy va jismoniy bogʻliqlik ortib boradi. G. asta-sekin boshlanib, surunkali davom etadi. Giyohvand moddalar dastlab xushnudlik, dimogʻchogʻlik (qarang Eyforiya), xotirjamlik hissini uygʻotib, kayf qildiradi, keyin bora-bora bu kasallikka aylanadi. G. 2 zaylda avj olishi mumkin. Birinchi holda vrach buyurgan va bemorning ruhi hamda kayfiyatini oshirish xususiyatiga ega boʻlgan dorilarni uzoq vaqt va notoʻgʻri qabul qilish; ogʻriq, uyqusizlik va boshqa dardlardan qutilish maqsadida dori miqdori (dozasi)ni oshirib borish; darddan tuzalib doriga unchalik ehtiyoj boʻlmasa ham, uni qabul qilaverish natijasida dorining narkotik taʼsiri va miqdori orta borib, pirovardida giyohvand moddaga moyillik kuchayib, u humor qiladigan boʻlib qoladi. Ikkinchi hol ongli ravishda kayf qilish maqsadida giyohvand moddalarga oʻrganishdir.

G.ka, odatda, irodasi kuchsiz, oʻzini tiya olmaydigan, oʻtkir sezgilarni oʻzida sinab koʻrishga qiziquvchan, ruhan zaif va oʻta xudbin kishilar beriluvchan boʻladi. Yoshlar tarbiyasidagi nuqson va kamchiliklar, giyohvand moddalarni isteʼmol qilib yuruvchi katta yoshdagilarga taklid va havas, oiladagi noxush sharoit (ota-onaning ichkilikboz yoki giyohvand boʻlishi) hamda giyohvand moddalarning oson topilishi yoki qoʻl ostida boʻlishi ham G.ka sabab boʻlishi mumkin. G.ka mubtalo boʻlganlarda xastalik borgan sari kuchaya borib, odatda, kutilmagan yomon oqibatlarga olib keladi. G. eyforiyasida, yaʼni kayfi chogʻlikda 2 bosqich kuzatiladi: qisqa muddatli —1-5 daqiqa davom etadigan oʻtkir hissiyotli bosqich (haqiqiy eyforiya) va uzoq (1—3 soat) choʻziladigan boʻshashish, tinchlanish davri. Bu bosqichlarning qisqa yoki uzoq boʻlishi qanday giyohvand modda qabul qilinganiga va miqdoriga bogʻliq. G.ning hamma turi ham oʻz rivojida giyohvand moddalarga oʻrganib qolish yoʻli bilan G. sindromining shakllanishiga olib keladi. Bu sindromning rivojlanishida ham 3 bosqich farqlanadi: 1) giyohvand moddaga nisbatan organizm reaktivligining oʻzgarishi va ruhiy bogʻlanishning paydo boʻlishi; 2) xumor (abstinent) sindromi koʻrinishida jismoniy bogʻlanishning yuzaga kelishi; 3) organizm barcha sistemalarining zaiflashishi (tolerantlikning pasayishi, yaʼni giyohvand moddalarning avvalgi miqdorini koʻtara olmaslik, xumorning surunkali davom etishi va ayrim hollarda polinarkomaniya ning vujudga kelishi). G.ka mubtalo boʻlgan kishi giyohvand moddalarni qayta-qayta va koʻproq miqdorda isteʼmol kila boshlaydi. Keyinchalik esa giyohvand moddalarsiz turolmaydigan boʻlib qoladi. Bunday ahvoldan qutilish va oʻzini bir oz yengil his qilish uchun yana giyohvand moddaga ruju qiladi va oxir-oqibat giyohvand moddalarga hirs qoʻyish kelib chiqadi. Organizmning dastlabki himoya reflekslari (koʻngil aynishi, qusish) yoʻqoladi. Bu davrda organizmda giyohvand moddalarga nisbatan moyillik shu darajada kuchayib ketadiki, goʻyo bu moddalar avvalgi taʼsir kuchini yoʻqotgandek boʻlib qoladi, endi avvalgidek eyforiya (kayf) holatini his qilish, xumorni tarqatish uchun oʻsha moddadan koʻproq miqdorda qabul qilgisi keladi. Oldiniga giyohvand modda birmuncha yoqimsiz taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, keyinchalik goʻyoki uning holatini "normallashtirganga" oʻxshaydi, bemor oʻzini birmuncha yaxshi his qiladi, ish qobiliyati, ruhi goʻyo tetiklashadi, pirovardida u haqiqiy giyohvand boʻlib qoladi. Giyohvandlarda avval ruhiy oʻzgarishlar (tajanglik, kayfiyat buzuqligi, xotira pasayishi) paydo boʻlgan boʻlsa, keyinchalik jismoniy oʻzgarishlar —jismoniy bogʻlanib qolish sindromi (terlash, yurak urishi, ogʻiz qurishi, ozib ketish, qoʻl-oyoqning titrashi va boshqalar) roʻy beradi. Agar giyohvand oʻz vaqtida narkotik moddani qabul qilmasa, organizmda kuchli ruhiy va jismoniy oʻzgarishlar, yaʼni giyohvandlikka xos ogʻir holat — xumorlik (qarang Abstinensiya) sindromi paydo boʻladi. G. opiomaniya (afyun qabul qilish), morfinizm, geroinizm koʻrinishida boʻladi. G.ning nashavandlik, kokainizm, nikotinizm (tamakiga ruju qilish), teizm (achchiq choy ichish) va boshqa turlari ham uchraydi. Ikki yoki undan ortiq xil giyohvand moddani surunkali qabul qilish —pol i narkomaniya deyiladi. G.ning hamma turida ham organizm zaharlanadi va u juda ogʻir kechadi.

Yer yuzining turli mintaqalarida G.ning ayrim turlari kuzatiladi. G.ning geroinizm turi keyingi vaqtda juda keng va fojiali tarzda tarkalib bormoqda. G. avj olishining oldini olish uchun ayrim mamlakatlarda tegishli tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan OʻzRda G.ka qarshi kurash qoʻmitasi tashkil qilinib, davlat dasturi ishlab chiqilgan. Respublikada narkologiya markazi tashkil qilingan va bu markazda narkologiya boʻyicha olim va mutaxassislar tomonidan malakali kadrlar tayyorlanib, ular mamlakat mintaqalarida G.ka karshi keskin kurash olib boradi. G.ka mubtalo boʻlgan bemorlar asosan shifoxona (statsionar) sharoitida 2—4 oygacha davolanib, 4—5 yilgacha ambulatoriya kuzatuvi va hisobida boʻladilar.

Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlarini ko‘rishda qonunlar to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash, mazkur toifa ishlar bo‘yicha odil sudlov sifatini oshirish maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:

1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyatlar aholi sog‘lig‘iga, jamiyatning iqtisodiy va ma’naviy negiziga jiddiy tahdid soladi, oilaviy munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, boshqa ijtimoiy muammolar keltirib chiqaradi.

2. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyat ishlarni ko‘rishda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining (keyingi matnda — JK) 270 — 276-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi 1999-yil 19-avgustdagi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzda o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2015-yil 12-noyabrdagi 330-sonli Qarori, Psixotrop moddalar to‘g‘risidagi Konvensiya (1971-yil 21-fevral, Vena), Giyohvandlik vositalari to‘g‘risidagi Yagona konvensiya (1961-yil, Vena), Birlashgan Millatlar Tashkilotining narkotik vositalar va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Konvensiyasi (1988-yil 20-dekabr, Vena), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining mazkur sohaga oid xalqaro kelishuvlariga rioya etilishi lozim.

3. Tushuntirilsinki, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish deganda, ularni O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan shart va tartibni buzgan holda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (olib chiqish), tranzit tarzida o‘tkazish, saqlash, berish, realizatsiya qilish, taqsimlash, olish, tashish, jo‘natish, ishlab chiqish, ishlab chiqarish, tayyorlash, ulardan foydalanish va ularni yo‘q qilish, shuningdek tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish tushuniladi.

4. Qonunga ko‘ra, ma’muriy va jinoiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-sonli qarori bilan tasdiqlangan quyidagi ro‘yxatlarga kiritilgan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilganda kelib chiqadi:

O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati (I ro‘yxat);

O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati (II ro‘yxat);

O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalarning ro‘yxati (III ro‘yxat);

O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan prekursorlarning ro‘yxati (IV ro‘yxat).

Bunda shuni nazarda tutish lozimki, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay oz miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun aybdorlar barcha hollarda ma’muriy javobgarlikka tortiladilar (O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 56-moddasi). Agar mazkur harakatlar o‘tkazish maqsadini ko‘zlab sodir etilsa, qilmish JK 273-moddasining birinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

5. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzda o‘tkazish deganda, ularni O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan qonunda belgilangan tartibni buzgan holda olib o‘tish tushuniladi.

6. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash deganda, shaxsning bunday vosita va moddalarga qonunga zid ravishda egalik qilishi (shu jumladan shaxsan iste’moli) bilan bog‘liq qasddan sodir etilgan harakatlari (yonida, binoda, maxfiy yer va boshqa joylarda saqlashi) tushunilishi lozim. Bunda shaxs qancha vaqt davomida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda saqlaganligi ahamiyat kasb etmaydi.

7. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda berish, realizatsiya qilish, taqsimlash deganda, bunday faoliyat turi uchun litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixona yoki davolash-profilaktika muassasasi xodimining bunday vosita yoki moddalarni belgilangan tartibni buzgan holda jismoniy yoki yuridik shaxsga berishda ifodalangan qasddan sodir etilgan harakatlari tushuniladi.

8. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olish deganda, ularni har qanday usulda, jumladan, sotib olish, hadya yoki bajarilgan ish, ko‘rsatilgan xizmat yoinki qarzni uzish evaziga o‘zaro hisob-kitob, shuningdek, boshqa tovar va ashyolar bilan almashtirish sifatida qabul qilish, topib olganda o‘zlashtirish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan yovvoyi o‘simliklar yoki ularning qismlarini terish, tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan ekinlar yig‘ishtirilgandan so‘ng qo‘riqlanmay qolgan maydonlardan ularning qoldiqlarini terish hisoblanishi lozim.

9. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tashish deganda, ularni har qanday transport turidan yoki tashish vositasi sifatida qo‘llanilgan qandaydir obyektdan foydalangan holda bir joydan boshqa joyga, shu jumladan, bir aholi punkti doirasida ko‘chirish, shuningdek, qayd etilgan vosita va moddalarni bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanishga litsenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarning mas’ul shaxslari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan holda tashish tushunilishi lozim.

10. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda jo‘natish deganda, shaxsning pochta aloqasi, havo yoki boshqa transport turidan foydalanib, ularni pochta jo‘natmalari, posilkalar yoki yuk (bagaj) sifatida, shuningdek, o‘zi bevosita ishtirok etmagan holda boshqa shaxs orqali qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan holda ko‘chirishga qasddan qaratilgan harakatlari tushunilishi lozim..

11. Qonunga xilof ravishda ishlab chiqish deganda, yangi giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan, ya’ni bunga davlat buyurtmasi va mazkur faoliyat turi uchun litsenziyasi bo‘lmagan holda ishlab chiqishga qasddan qaratilgan harakatlar tushunilishi lozim.

12. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish deganda, bunday vosita yoki moddalarni qonunchilikni buzgan holda o‘simliklar, kimyoviy va boshqa moddalardan seriyalab olishga qasddan qaratilgan harakatlar (masalan, maxsus kimyoviy yoki boshqa uskunalardan foydalangan holda, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni shu maqsadlarga moslashtirilgan binolarda ishlab chiqarish, ularni guruhlab, qadoqlab ishlab chiqarish) tushunilishi lozim.

13. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash deganda, qonunchilikni buzgan holda tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklardan, dorivor, kimyoviy va boshqa moddalardan foydalanish yoki iste’mol qilishga tayyor bir yoki bir necha giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar olinishi tushunilishi lozim.

Tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni maydalash, quritish, uvalash (kukun qilish), giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qo‘shimcha ishlov (bug‘lash, tozalash, haydash va sh.k.) bermay suvda eritish natijasida moddaning kimyoviy tuzilmasi o‘zgarmasligi sababli, bular giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini tayyorlash deb qaralishi mumkin emas.

14. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalardan qonunga xilof ravishda foydalanish deganda, qonunchilikda bunday vosita yoki moddalar bilan qonunga muvofiq muomala qilish uchun belgilangan qoida va tartibni buzgan holda sodir etilgan harakatlar tushunilishi lozim.

15. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda yo‘q qilish deganda, bunday vosita yoki moddalarni qonunchilikda belgilangan qoida va tartibni buzgan holda yo‘q qilishga qasddan qaratilgan harakatlar tushunilishi lozim.

Jinoyat qonunida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda yo‘q qilish uchun maxsus norma mavjud emasligi sababli, bunday hollarda aybdorning harakatlari JK mansabdorlik jinoyatlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.

16. Tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni qonunga xilof ravishda yetishtirish deganda, qonunchilikni buzgan holda bunday o‘simliklarni ekish va yetishtirish uchun maxsus sharoit yaratish, shuningdek, ularni ekish va yetishtirish, yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish, yangi navlarini yaratish, hosildorligini va mavjud iqlim sharoitiga chidamliligini oshirish faoliyatini tushunish lozim.

17. Vosita va moddalar turini (giyohvandlik, psixotrop), ularning miqdori, nomlanishi va xususiyatlari, kelib chiqishi, ishlab chiqish, ishlab chiqarish uslubini, shuningdek, o‘simlikning giyohvandlik moddasi tarkibida mavjud ekinga taalluqliligini aniqlash uchun maxsus bilim talab etilishini inobatga olib, har bir ish bo‘yicha ekspert yoki mutaxassislarning tegishli xulosalari olinishi shart.

O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi 2010-yil 1-iyundagi O‘RQ-249-sonli Qonunining 12-moddasiga muvofiq giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalardan foydalaniladigan har qanday ekspertiza davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.

18. Giyohvandlik vositasi, psixotrop moddani muayyan miqdorga mansubligi masalasini hal etish surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudning vakolatiga tegishli bo‘lib, ular bunda Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining “Qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2016-yil 22-martdagi 13/16-sonli qaroriga ilovada ko‘rsatilgan miqdorlarga amal qilishlari zarur.

Giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda boshqa biron-bir neytral modda (to‘ldiruvchi) bilan aralashmada bo‘lgan hollarda giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda miqdori aralashmada mavjud neytral modda (to‘ldiruvchi) miqdorini hisobga olmagan holda aniqlanishi kerak.

19. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni qonunga xilof ravishda yetishtirish uchun JK 270-moddasi bilan jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.

Etishtirilishi taqiqlangan ekin ekish deganda, bunday ekinlar urug‘ini tegishli ruxsatsiz har qanday yer maydoniga, shu jumladan, bo‘sh yotgan yerlarga yoki moslashtirilgan idishlarga urug‘ini sepish yoki ko‘chatini o‘tqazish tushunilishi lozim. Ushbu jinoyat o‘simlik unib chiqqan-chiqmaganligi yoki o‘sgan-o‘smaganligidan qat’i nazar, ekin ekilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. Aybdorning harakatlari ekin maydoni o‘lchamidan kelib chiqqan holda JK 270-moddasining tegishli qismlari bilan kvalifikatsiya qilinadi, bunda qilmishni ushbu moddaning birinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun ekin maydonining o‘lchami 250 kvadrat metrdan kam bo‘lishi kerak.

Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish deganda, unib chiqqan yoki o‘tqazilgan ko‘chatlarni ularning pishish bosqichigacha bo‘lgan davr ichida parvarish qilishni tushunish kerak. Agar shaxs yetishtirilishi taqiqlangan ekinni turli maydonlarda o‘stirayotgan bo‘lsa, qilmishni kvalifikatsiya qilishda amalda ekilgan umumiy maydonlar o‘lchamidan kelib chiqish lozim.

Agar yetishtirilishi taqiqlangan ekinlarni ekish yoki yetishtirish kelgusida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab yoki ko‘zlamay tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, shuningdek, o‘tkazish (sotish) bilan bog‘liq bo‘lsa, bunday harakatlar JK 270-moddasi va JK tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.

20. JK 271-moddasiga muvofiq, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni egallash uchun javobgarlik ular korxona, tashkilot va muassasalardan qonunga xilof ravishda olinganda, tarkibida narkotik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni belgilangan tartibda yetishtirayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga tegishli yerlardan, shuningdek, ularga qonuniy va qonunsiz ravishda egalik qilib turgan fuqarolardan qonunga xilof ravishda olinganda yuzaga keladi.

Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni bosqinchilik, talonchilik, tovlamachilik, firibgarlik, o‘g‘irlik, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish yo‘li bilan egallash JK 271-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim bo‘lib, JK o‘zgalar mulkini talon-toroj qilishni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi.

Dastlabki tergov organlari va sudlar har bir ish bo‘yicha giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallashdan ko‘zlangan maqsadni aniqlashlari zarur. Bunday vosita yoki moddalarni egallash ularni kelgusida o‘tkazish (sotish) uchun sodir etilganligi aniqlangan taqdirda, aybdorning harakatlari qayd etilgan jinoyatlarga tayyorgarlik ko‘rish yoki suiqasd sifatida qo‘shimcha ravishda JK 25, 273-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.

21. JK 273-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish deganda, ularni turlicha usulda haq evaziga yoki tekinga (sotish, hadya etish, almashtirish, qarzi evaziga yoki qarz sifatida va h.k.) boshqa shaxsga berish tushunilishi lozim. Bunda vositalar, moddalar, o‘simliklar shaxs tomonidan bevosita yoki boshqa (masalan, ular saqlanadigan joy haqida xabar berish, shartlashilgan joyga qo‘yib ketish) usulda amalga oshirilishi mumkin.

Bir shaxs tomonidan boshqasiga giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni inyeksiya (ukol) qilish, agar mazkur vosita yoki modda iste’molchining o‘ziga tegishli bo‘lsa va inyeksiya uning iltimosiga ko‘ra qilingan bo‘lsa, qonunga xilof ravishda o‘tkazish deb baholanishi mumkin emas.

Shaxsning giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish uchun JK 273-moddasining tegishli qismi bilan javobgarlik ularning miqdori bilan bog‘liq holda kelib chiqadi.

Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni sotish usulida ko‘p miqdorda o‘tkazish ularni o‘tkazishning eng ijtimoiy xavfli ko‘rinishi hisoblanishi tufayli, mazkur qilmish JK 273-moddasining beshinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Mazkur vosita yoki moddalarni ko‘p miqdorda boshqa barcha usullarda o‘tkazish JK 273-moddasining boshqa tegishli qismi bilan javobgarlik kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Aybdor tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarning faqat bir qismi sotilib, qolgan qismi keyinchalik surishtiruv yoki dastlabki tergov davomida aniqlansa, javobgarlik qonunga xilof ravishda o‘tkazish va qonunga xilof ravishda saqlash uchun alohida-alohida (agar mazkur vosita va moddalarni o‘tkazishga nisbatan qasd aniqlanmagan bo‘lsa), ularning miqdoriga bog‘liq ravishda kelib chiqadi.

22. Tushuntirilsinki, shaxsning giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ancha, ko‘p, juda ko‘p miqdordagi chet el valyutasi evaziga o‘tkazishga qaratilgan harakatlari JK 177-moddasining tegishli qismi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi, chunki mazkur modda valyuta qimmatliklarini to‘lov vositasi sifatida emas, balki ushbu qimmatliklarning o‘zini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun javobgarlikni nazarda tutadi.

23. Shaxsning g‘araz maqsadda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar niqobi ostida qandaydir boshqa vosita yoki moddalarni o‘tkazishda ifodalangan harakatlari firibgarlik sifatida, oluvchining harakatlari esa — giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olishga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.

24. Agar shaxs giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni oluvchiga, aslida mazkur vosita yoki moddalarning egasi bo‘lgan boshqa shaxsning iltimosi (topshirig‘i) bo‘yicha bersa, ularni berayotgan shaxsning harakatlari, basharti u berilayotgan narsaning xususiyati to‘g‘risida aniq bilish bo‘lsagina, mazkur vosita, moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazishda birgalikdagi bajaruvchi sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.

25. Aybdorda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazishga (JK 273-moddasi birinchi, ikkinchi, uchinchi, beshinchi qismlari) qasd mavjudligi to‘g‘risidagi masalani hal etishda, sudlar bunday vosita yoki moddalar haqiqatdan o‘tkazish maqsadida tayyorlab qo‘yilganligiga oid dalillar majmuidan kelib chiqishlari lozim. Bunday dalillarga, masalan, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar faqat iste’mol qilinishini istisno etadigan miqdorda topilganligi, bunday vosita yoki moddalar muayyan dozada (o‘lchamda) qadoqlanganligi, ular tashish yoki jo‘natishda maxsus maxfiy joyga yashirilganligi, ularni tayyorlash uchun asbob-uskunalar mavjudligi, ekspertizaning aybdor giyohvand emasligi to‘g‘risidagi xulosasi va h.k.lar kiradi. Ish bo‘yicha aniqlangan haqiqiy holatlardan kelib chiqib, aybdorning harakatlari JK 25-moddasining birinchi yoki ikkinchi qismi va JK 273-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.

26. Bangixonani tashkil qilish deganda, (JK 273-moddasining to‘rtinchi qismi), uni tuzishga qasddan qaratilgan harakatlar, masalan, turar-joy yoki noturar-joy qidirish, sotib olish yoki ijaraga olish, uni ta’mirlash, har xil uskunalar bilan jihozlash ishlarini moliyalash va keyinchalik bir necha shaxs tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni iste’mol qilish yoki tarqatish uchun foydalanish maqsadida sodir etilgan shunga o‘xshash harakatlar tushunilishi lozim. Bangixonani tashkil etish jinoyati uni tuzishga qaratilgan har qanday harakat sodir etilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.

Bangixona saqlash deganda, uning ishlab turishiga qaratilgan, ya’ni giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilish uchun ajratilgan va (yoki) moslashtirilgan joydan maqsadli foydalanish, binodan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash bo‘yicha qasddan sodir etilgan harakatlar (ijara haqini to‘lash, mijozlar qatnovini tartibga solish, qo‘riqlashni ta’minlash va h.k.) tushunilishi lozim. Qonun mazmuniga ko‘ra, bangixona saqlash jinoyati faqat bunday joydan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni iste’mol qilish yoki tarqatish uchun haqiqatda foydalanilgan bo‘lsagina, tugallangan hisoblanadi. Bunda aybdor g‘araz yoki boshqa maqsadni ko‘zlaganligi ahamiyat kasb etmaydi.

Agar bangixona tashkilotchisi yoki saqlovchisi ayni paytda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazgan yoki boshqa shaxslarni ularni iste’mol qilishga jalb qilgan bo‘lsa, uning harakatlari, bunga asoslar mavjud bo‘lganda, JK 273-moddasining tegishli qismi va JK 274-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.

27. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, shaxsning JK 270-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi, JK 271-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi, JK 273-moddasi uchinchi qismi “a” bandi, JK 274-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi, JK 276-moddasi ikkinchi qismi “b” bandi bilan jinoiy javobgarligi, u muqaddam JK XIX bobida nazarda tutilgan biron-bir sodir etgan jinoyati uchun sudlangan holdagina kelib chiqadi. Agar shaxs muqaddam sodir etgan jinoyati uchun jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan yoki sudlanganlik holati tugallangan yoinki qonunda belgilangan tartibda olib tashlangan bo‘lsa, qilmish mazkur belgi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas.

28. Qonunga muvofiq giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs, agar topshirilgan vosita yoki modda ozginadan ko‘proq miqdorni (JK 273-moddasining oltinchi qismi) yoki ko‘p miqdorni (JK 276-moddasining uchinchi qismi) tashkil etmasa, sud tomonidan jazodan ozod qilinadi.

29. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki aql-idrokiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishga jalb etish deganda, shaxsda ularni iste’mol qilish maylini uyg‘otishga qaratilgan har qanday qasddan qilingan harakatlar (ko‘ndirish, tavsiya qilish, maslahat berish va sh.o‘.), shuningdek, ta’sir o‘tkazilayotgan shaxs tomonidan bunday vosita yoki moddalar iste’mol qilinishi maqsadida aldash, tahdid qilish, jismoniy zo‘rlik ishlatish, ozodligini cheklash va hokazolar tushunilishi lozim. Jinoyatni tugallangan deb topish uchun jalb etilayotgan shaxs giyohvandlik vositasi, psixotrop yoki aql-idrokiga ta’sir etuvchi boshqa moddani haqiqatan ham iste’mol qilgan bo‘lishi talab etilmaydi. Bunday hollarda, aybdorning boshqa jinoyat tarkibini tashkil etuvchi harakatlari JK tegishli moddasi bilan alohida kvalifikatsiya qilinadi.

Aybdorning ikki va undan ortiq shaxsni bir vaqtning o‘zida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki aql-idrokiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishga jalb etishga qaratilgan harakatlari JK 274-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Agar giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki aql-idrokiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishga voyaga yetmagan shaxs jalb etilgan bo‘lsa, aybdorning harakatlari maxsus norma, ya’ni JK 127-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

30. JK 275-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti, faqat belgilangan tartibga (masalan, xizmat yo‘riqnomasi, yuqori turuvchi mansabdor shaxsning buyrug‘i yoki farmoyishi) ko‘ra vazifasiga mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etishda tegishli qoidalarga amal qilish yoki buning ustidan nazorat qilish kiradigan shaxs hisoblanadi.

Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar bilan muomala qilish qoidalarini buzish shaxs tomonidan ham qasddan, ham ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin. Bunda mazkur jinoyat tarkibi mavjudligini aniqlash uchun shaxs tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni, bunday vositalar yoki moddalarni ishlab chiqishda foydalaniladigan va alohida nazoratda turadigan uskuna va jihozlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, taqsimlash, tashish, jo‘natish, olish, foydalanish, olib kirish, olib chiqish yoki yo‘q qilish qoidalari buzilganligini aniqlash zarur.

31. Tushuntirilsinki, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoyatlarga oid ishlar bo‘yicha sud-kimyoviy ekspertiza o‘tkazish aybdorlikni isbotlashning muqim shartlaridan biri hisoblanadi.

Bunday turdagi ekspertiza oldiga hal etish uchun quyidagi savollarni qo‘yish maqsadga muvofiq:

olingan vosita yoki modda giyohvandlik, uning analogi, psixotrop hisoblanadimi, agar hisoblansa, uning turi, aktiv moddasining miqdori va sof og‘irligi qancha;

olingan obyektda giyohvandlik vositasi, uning analogi, psixotrop moddasi qoldiqlari (mikrozarralari) yoki izlari bormi;

muayyan yer maydonidan olingan o‘simlik qaysi turga mansub va u tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simlik hisoblanadimi;

olingan vositalar yoki moddalar bir xil hisoblanadimi, ular tayyorlash usuli (texnologiyasi), saqlash sharoiti, foydalanilgan boshlang‘ich xomashyosi, ko‘karib turgan joyi bo‘yicha kelib chiqishi jihatidan umumiy manbaga egami.

olingan vosita yoki modda giyohvandlik, psixotrop hisoblanadimi, agar hisoblansa, uning turi, aktiv moddasining miqdori va sof og‘irligi qancha;

olingan obyektda giyohvandlik vositasi, psixotrop moddasi qoldiqlari (mikrozarralari) yoki izlari bormi;

muayyan yer maydonidan olingan o‘simlik qaysi turga mansub va u tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simlik hisoblanadimi;

olingan vositalar yoki moddalar bir xil hisoblanadimi, ular tayyorlash usuli (texnologiyasi), saqlash sharoiti, foydalanilgan boshlang‘ich xomashyosi, ko‘karib turgan joyi bo‘yicha kelib chiqishi jihatidan umumiy manbaga egami.

32. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoyatlarga oid ishlar bo‘yicha aybdor giyohvandlik yoki zaharvandlikka yo‘liqqan-yo‘liqmaganligini aniqlash va uni majburiy davolanishga yuborish masalasini hap etish uchun zarur hollarda narkologik ekspertiza o‘tkazilishi lozim.

JK 96-moddasiga muvofiq giyohvandlik yoki zaharvandlikdan majburiy davolash nafaqat ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlarga nisbatan, balki ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan hollarda ham tayinlanishi mumkin.

33. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga muvofiq, bunday faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari tomonidan nazorat ostida olish, ya’ni giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni iste’mol qilish yoki sotish maqsadini ko‘zlamasdan olishdan iborat bo‘lgan maxsus tadbir amalga oshirilishi mumkin bo‘lib, u jinoyat-protsessual qonunining tegishli talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazilishi lozim.

34. Sudlar mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha jazo tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi 1-sonli qarorda berilgan tushuntirishlarga amal qilishlari lozim.

Jinoyatning tashkilotchilari va faol ishtirokchilari, shu jumladan, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni sotuvchilar, o‘tkazuvchilar, bunday vosita yoki moddalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki uning hududi orqali tranzit tarzda o‘tkazgan, shu kabi jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan, voyaga yetmaganlarni bunday jinoyatlarga jalb qilgan shaxslar og‘irroq javobgarlikka tortilishlari lozim.

Shu bilan birga, sudlar giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlagan, olgan, saqlagan shaxslarga nisbatan, shuningdek, ularni yetishtirgan ayollarga, 60 yoshdan oshgan erkaklarga, voyaga yetmaganlarga va jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlash masalasini muhokama qilishlari shart.

35. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoyatlarga oid ishlar bo‘yicha ashyoviy dalillar to‘g‘risidagi masalani sudlar ularni saqlash, davlatga topshirish va yo‘q qilishning o‘rnatilgan tartibiga qat’iy amal qilgan holda hukmda hal etishlari lozim.

Sudlarning e’tibori hukmlarning bunday turdagi ashyoviy dalillarni yo‘q qilishga oid qismi ijrosi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishlari zarurligiga qaratilsin.



36. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudlari hamda O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoyatlarga oid ishlar sudlar tomonidan bexato ko‘rilishi ustidan nazoratni ta’minlasinlar va sudlov xatolarini o‘z vaqtida tuzatish yuzasidan zarur choralar ko‘rsinlar.

37. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1995-yil 27-oktabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 21-sonli qarori hamda 1997-yil 22-avgustdagi “Sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1995-yil 27-oktabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarorining bajarilishi to‘g‘risida”gi 13-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Download 32,21 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish