Islom dini va talimoti Reja : 1. Islom ta’limoti 2. Naqshbandiya tariqati. 3. Yasaviya tariqati. 4. Kubraviya tariqati
Islom ta’limoti. Islom so’zi arabcha – Allohga o’zni topshirish, itoat etish, taslim bo’lish, bo’ysunish ma’nolarini beradi. Islom dini ta’limoti bo’yicha, Muhammad payg’ambar avvalgi payg’ambarlar (O’rta Yer havzasi sivilizatsiyasi ichida ma’lum bo’lgan) ishini davom ettirgan, ular dinini qayta tiklagan, qiyomat oldidan yuborilgan oxirgi payg’ambar (Xotam al-anbiyo’) – nabiy va rasul deb tan olinadi.
Islom dini ichidagi uch asosiy oqimlardan biri bo’lgan sunniylikda IX asrga kelib besh arkon (rukn – arabcha «ustun» ma’nosini anglatadi) haqidagi ta’limot shakllanadi. Ko’pchilik ulamolar fikricha, ular quyidagilar:
imon;
namoz (arabcha – salot);
zakot;
ro’za (arabcha – savm);
hajj;
Imon. Imon masalasida islomda (ahl as-sunna, shi‘alar, xavorijlar ichida) avvalgi davrda turli maktablar vujudga kelib, ular shu kungacha rivojlanib kelmoqdalar. Ba’zi ta’limotlar (masalan, mu’tazila, murji’a) yo’qolib, yangi teologik maktablar paydo bo’lgan. Shuningdek, ko’p hollarda alohida olingan mashhur mutafakkir-ulamoning shaxsiy yo’li (mazhabi) ancha xususiyatlarga ega bo’ladi. Ahl as-sunna va-l-jamoa ichida klassik davrda ikki asosiy maktab – moturidiylar va ash’ariylar kuchli mavqega ega bo’ldilar. Masalan, moturidiylar nazdida aqida masalalarida quyidagicha fikr mavjud:
«Imon» so’zining lug’aviy ma’nosi ishonmoq, tasdiqlamoq bo’lib, istilohda esa Lo iloha illa-lloh, Muhammadun rasululloh («Allohdan o’zga ilohiyat yo’q va Muhammad – Allohning payg’ambari») kalimasini til bilan aytib (al-iqror bi-l-lison), dil bilan tasdiqlash (at-tasdiq bi-l-qalb) demakdir. Mazkur ta’limot boshqalaridan imon masalasida amalni alohidalashi bilan farqlanadi. Imonning yetti sharti bor. Ular:
– Allohning borligi va birligiga imon keltirish, ya’ni Allohning Qur’oni karimda va Muhammad payg’ambar hadislarida bayon qilingan barcha ismlari va sifatlariga imon keltirish. Ibodat qilish va sig’inishga undan o’zga loyiq zot yo’q deb bilish, uning barcha buyruqlarini qabul qilish va barcha qaytargan narsalaridan qaytish. Qur’onning «al-Ixlos» (112-) surasida Alloh taoloning yagonaligini shunday ta’riflanadi: «Aytgin (Ey, Muhammad payg’ambar): Alloh yagonadir, beniyozdir (hech kim va hech narsaga muhtoj emas, balki barcha unga muhtojdir), tug’magan, tug’ilmagan va uning tengi yo’qdir» (Qur’on, 112:1-4);
– farishtalarning borligiga imon keltirish. Farishtalar (malo’ika) Allohning nurdan yaratgan, uning buyruqlarini so’zsiz bajaruvchi, uning amridan tashqari chiqmaydigan xos bandalaridir. Ulardan Jabro’il (Jibril), Miko’il (Mikol) kabi buyuk farishtalarning nomlari Qur’onda zikr etilgan. Jabro’il farishtaning vazifalaridan biri payg’ambarlarga Allohning vahylarini yetkazish bo’lgan. Farishtalardan ba’zilari odamlar bilan doim birga bo’lib, ularning yaxshi va yomon ishlarini yozib boradilar. Qur’onda ular «Kirom kotibun» (mukarram kotiblar) deb zikr etilgan (Qur’on, 82: 10-12). Bundan tashqari, tafsir kitoblarida Isrofil, Azro’il nomli farishtalarning ismlari qayd etilgan. Qur’on va hadislarda farishtalar haqida juda ko’p yerda so’z yuritilgan. Ularga ishonish imonning shartlaridandir;
– ilohiy kitoblarga imon keltirish. Alloh Muhammad payg’ambarga Qur’onni nozil qilganidek, boshqa payg’ambarlarga ham kitoblar tushirgan. Ulardan bizga ma’lum bo’lganlari: Ibrohim payg’ambarga «Sahifalar», Muso payg’ambarga «Tavrot», Dovud payg’ambarga «Zabur» va Iso payg’ambarga berilgan «Injil» kitoblaridir. Ulardan boshqa payg’ambarlarga yuborilgan kitoblar haqida Qur’on va hadislarda xabar berilmagan. Yuqorida nomlari zikr etilgan kitoblarning barchasi Qur’onda Alloh tomonidan nozil qilingan deb ta’kidlanganligi sababli ularga shunday deb ishonish imonning shartlaridan hisoblanadi. Islom ta’limotiga ko’ra, oldingi ilohiy kitoblar buzilib ketganligi sababidan Qur’on ularning ta’limotini tiklab kelgan;
– payg’ambarlarning haqligiga imon keltirish. Alloh insonlarga to’g’ri yo’lni ko’rsatish uchun payg’ambarlar yuborgan. Barcha payg’ambarlar bir zanjirning bo’g’inlari kabidirlar. Qur’onda 25 payg’ambarning nomlari zikr etilgan. Hadislarda payg’ambarlarning umumiy soni 124 ming ekanligi bayon qilingan. Musulmonlar uchun ulardan Qur’onda nomi zikr qilingan va zikr qilinmaganlarning barchasiga barobar imon keltirish shart;
– Oxirat kuniga ishonish. Dunyoning ibtidosi bo’lgani kabi uning intihosi ham bor. Islom ta’limotiga ko’ra, bu dunyo bir sinov maydonidir. Bu dunyoda qilingan savob ishlar uchun mukofot, gunoh ishlar uchun jazo beriladigan oxirat hayoti mavjud. Qiyomat kuniga va oxirat hayotiga ishonish islomning asosiy g’oyalaridan biridir;
– taqdirga – inson boshiga tushgan yaxshiligu yomonlik Allohdan ekaniga – e’tiqod qilish. Yuqorida aytib o’tilganidek, islomning ma’nosi «taslim bo’lmoq», «o’zini topshirmoq»dir. Shunga binoan, inson hayotda ro’baro’ bo’ladigan barcha yaxshi-yomon ishlarni o’zi uchun Alloh tomonidan belgilangan sinov va imtihon deb bilishi lozim. Yaxshiliklarga shukr qilmog’i, qiyinchilik va mashaqqatlarga sabr qilmog’i imonning shartlaridan biridir;
– o’limdan keyin qayta tirilish. Islom ta’limotiga ko’ra, qiyomat kuni bo’lganda barcha insonlar qabrlaridan turadilar va mahshargoh maydoniga yig’iladilar. U yerda barcha odamlar dunyodagi amallariga qarab mukofot (jannat) yoki jazo (do’zax)ga mahkum etiladilar.
Namoz. Namoz – islomda imondan keyin musulmonlar ustiga farz qilingan ikkinchi amal hisoblanadi. Namoz arkonlari Qur’oni karimda to’liq bayon etilmagan bo’lsa ham, ammo u haqda ba’zi ko’rsatma va tartiblar berilgan. Namozning vaqti, miqdori hamda ado etish tartiblari hadislar bilan joriy etilgan. Bu masalada musulmonlar orasida har xilliklar mavjud bo’lib, ular negizida turli mazhab ta’limotlari shakllandi. Har kuni besh vaqt: bomdod – (tong otishidan kun chiqquniga qadar), peshin – (quyosh tikkadan oqqanidan to biron narsaning soyasi o’z bo’yiga ikki barobar kelguniga qadar), asr – (peshin vaqti chiqishi bilan to quyosh to’liq botgunga qadar), shom – (quyosh to’liq botganidan ufqdagi qizillik yo’qolguniga qadar), xufton – (shom vaqti chiqqanidan tong otguniga qadar) ado etiladi.
Zakot. Zakot – «poklash» ma’nosini bildiradi, ya’ni ehtiyojdan tashqari bo’lgan boylikning qirqdan bir qismini (1/40) sadaqa qilish. Zakot moli zakot miqdoriga yetgan badavlat kishilar uchun farz etilgan. Zakot yetim-yesir, beva-bechoralar, musofirlar, qarzdorlar, Alloh yo’lida yurganlar, zakot yig’uvchilarga beriladi. Zakot hijriy hisob bilan bir yil davomida ishlatilmay turgan yoki shaxsiy ehtiyojdan tashqari, xususiy mulk sifatida foydalanilayotgan mablag’dan beriladi. Zakot vositasida jamiyat kishilari orasida o’zaro hurmat-e’tibor ortib, bir muncha tenglik yuzaga keladi. Bu jamiyat taraqqiyoti, tinch va osudaligi yo’lida o’ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Ro’za. Ro’za – yilda bir oy: hijriy qamariy kalendarning ramazon oyi davomida kunduz kunlari yeyish-ichish va jinsiy aloqada bo’lishdan tiyilish. Ro’za Hijratning ikkinchi yili farz bo’lgan. Bu ibodat kasal yo safarda bo’lgan kishilardan boshqa kunlarda tutib berish sharti bilan soqit qilinadi. Sababsiz ro’zani buzgan kishi boshqa kunda tutib berish bilan birgalikda, uning jazosi sifatida ikki oy paydar-pay ro’za tutishi lozim bo’ladi. Shuningdek, ro’za ramazondan tashqari oylarda ham tutilishi mumkin. Masalan, nafl ro’za yoki qasamni buzishdagi kafforat uchun ham ro’za tutiladi.
Haj – qodir bo’lgan kishi uchun umrida bir marta Makka shahridagi Ka’bani ziyorat qilish va ushbu ibodat o’z ichiga oladigan arkonlarni ado etishdan iborat. Haj farz amallardan hisoblansada, O’rta Osiyo Arabistondan uzoq masofada joylashganligi sababli yuqorida zikr etilga «qudrati yetganlik» sharti ulamolar tarafidan kiritilgan. Haj zulhijja oyining 8 kunidan boshlanadi. Haj qilishning uch turi mavjud: «ifrod» – faqat haj amallari bajariladi, «qiron» – haj va umra amallari oldinma-ketin bajariladi, «tamattu’» – avval umra qilinib, ehromdan chiqiladi va zulhijja oyining sakkizinchi kuni ehromga kirib, haj ruknlari ado qilinadi. Hajning farzi uchta: ehrom bog’lab niyat qilmoq, Arafotda turmoq, Ka’bani tavof qilmoq.
Islom dinida yuqorida birinchi rukn sifatida zikr qilingan imon va boshqa e’tiqod masalalari – ilm al-aqo’id (ilohiyot) ilmida o’rganilsa, keyingi 4 masala – ibodat masalalari boshqa ko’pgina savollar bilan ilm al-fiqh (diniy qonunshunoslik) doirasida bayon qilinadi va o’rganiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |