Name of presentation 11-sinf Ma’naviyat asoslari fani darsligi asosida 7-mavzu
Oila — muqaddas qo‘rg‘on
Oila - nikohga yoki tug‘ilganlikka asoslangan kichik guruh.
Uning a’zolari ro‘zg‘orning birligi, o‘zaro yordami va ma’naviy mas’uliyati bilan bir-biriga bog‘langan.
Oilaning eng muhim ijtimoiy vazifalari - inson zotini davom ettirish, bolalarni tarbiyalashdan, oila a’zolarining turmush sharoitini va bo‘sh vaqtini samarali uyushtirishdan iborat. Oila har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlovchi, milliy qadriyatlarning rivojini ta’minlovchi muqaddas maskan hamdir.
Oilada biz va avlodlarimiz tarbiya topib, ulg‘ayamiz, dunyoni anglaymiz hamda barchamiz turli fe’l-atvor kasb etib boramiz.
Oila jamiyatning poydevorini tashkil etadi.
Jamiyat va davlatning farovonligi, gullab-yashnashi bevosita shu jamiyatdagi oilalarning moddiy va ma’naviy jihatdan mustahkamligiga bog‘liq.
Oilaviy tarbiyada ota-ona va farzandlar munosabati alohida o‘rin tutadi. Oila a’zolarida muayyan turmush tarziga rioya qilib, tajriba orttirish, saranjomlik va tejamkorlik, qat’iylik va to‘g‘riso‘zlik singari odob-axloq me’yorlarini kamol toptirish azaldan oilaning asosiy vazifasi bo‘lib kelgan. O‘zbek oilalari totuvligi, bolajonligi, yaqin birodarlar va qarindosh-urug‘larga nisbatan o‘zaro hurmatda bo‘lish, mehr-oqibat rishtalarining mustahkamligi va boshqa oilaviy qadriyatlarning ustunligi bilan ham dunyodagi ko‘pgina millat, xalqlardan ajralib turadi. Agar oilada hamkorlik, hamjihatlik, o‘zaro hurmat, bir-biriga ishonch kuchli bo‘lsa, rostgo‘y, samimiy, mehribon, o‘z yaqinlariga, qarindosh-urug‘lariga, qo‘ni-qo‘shnilariga doimo yordam berishga tayyor bo‘lgan insonlar kamol topadi. O‘zida ushbu fazilatlarni mujassamlashtirgan insonlarning oilalarida doimo halovat va tinchlik hukm suradi.
Agar aksincha bo‘lsa-chi? Bunday oilani fayz-baraka, samimiyat, totuvlik, oqibatlilik va muhabbat tuyg‘ulari butunlay tark etadi.
Shu ma’noda oilaning har bir a’zosi nafaqat o‘zining shaxsiy farovonligi yo‘lida, balki oilasining manfaatlari uchun qayg‘ursa, o‘z yaqinlariga g‘amxo‘rlik qilishni maqsad qilib olsa, oilaning farovonligi yanada mustahkamlanadi.
Yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalashda oila instituti va mahalla fuqarolar yig‘inining ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish, mustahkamlash va samaradorligini oshirish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Oila kodeksining qabul qilinishi esa, hozirgi zamon talablaridan kelib chiqib, oila manfaatlarini takomillashtirish borasida muhim qadamlardan bo‘ldi. Savol va topshiriqlar: 1. Oilaviy farovonlik tushunchasiga ta’rif bering. 2. Bugungi kunda mamlakatimizda oila masalasiga qanday ahamiyat berilmoqda? Bu haqidagi fikringizni asoslang. 3. «Oila — muqaddas qo‘rg‘on». Mazkur tushunchaga quyidagi rasmlar orqali ta’rif bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |