Chust — Namangan viloyati Chust tumanidagi shahar, tuman markazi. Fargʻona vodiysining shimoliy chekkasida, togʻ etagidagi tekislikda, Chust soyi sohilida, Namangan shahridan 36 km gʻarbda, Chust temiryoʻl stansiyasidan 13 km shimmolda, dengiz sathidan 1000–1200 m balandlikda joylashgan. Aholisi 63,8 ming kishi (2004). Chust Fargʻona vodiysining qadimiy shaharlaridan biridir. Chustning shimoliy chekkasidagi Buonamozor (Bibionamozor) manzilgohi hududidan Chust madaniyatiga oid materiallar topilgan. Chustning yoshi toʻgʻrisida bir qancha taxminlar mavjud. Bibiona manzilgohida 1953, 1957, 1959, 1961-yillarda olib borilgan arxeologik qazilma ishlari natijasida bu yerdagi madaniyat soʻnggi jez va ilk temir davriga mansubligi maʼlum boʻldi. Oʻrta asrlarda shahar harbiy qalʼa sifatida rivojlandi. Boburning otasi Umarshayx Mirzo 1480-yilda Chustni oʻz qarorgohiga aylantirgan. 16-asr boshida Chust bir necha qoʻrgʻondan iborat boʻlib, ular umumiy devor bilan oʻralgan. 1882-yilda qalʼa devorlari buzib tashlandi. Shahar kengayib, 1886-yildan Chust uyezd markazi boʻlgan. Chustga oid dastlabki ilmiy maʼlumotlar sharqshunos olim akademik A.F. Middendorfning „Fargʻona vodiysi ocherklari“ da (Sankt-Peterburg , 1882) uchraydi.
Shahar nomining kelib chiqishi toʻgʻrisida tarixchi, tilshunos va toponimist olimlarning bir qancha taxminlari mavjud. Tarixiy manbalardan shahar qadimdan Chust va Tus nomlari bilan maʼlum boʻlganligi aniqlangan. Mahalliy tilshunos olimlarning fikricha chust soʻzi forschada „tez“, „tezkor“ maʼnosini bildiradi. Chust qadimdan Fargʻona vodiysining hunarmandchilik markazlaridan biridir. Chustlik temirchilar, toʻquvchilar, sopol buyum ustalari, zargarlarning mahorati shuhrat qozondi, chust pichoqlari va doʻppilarining dongʻi keng tarqaldi. 1912-yilda 6 paxta tozalash, charm zavodlari faoliyat koʻrsatgan. 1926-yildan Chust yangi tashkil qilingan Chust tumanining markazi boʻldi. Chustda „Barion“, „Paxta tolasi“, „Chustmash“ va boshqa aksiyadorlik jamiyatlari, „Suvmash“, non zavodlari va savdo korxonalari, bosmaxona, koʻzi ojizlar korxonasi, kichik korxona, mikrofirmalar, qurilish, transport korxonalari va boshqalar faoliyat koʻrsatadi.
Umumiy taʼlim maktablari, shu jumladan, gimnaziya-internat maktabi, sanatoriyinternat maktabi, iqtidorli bolalar internat maktabi, 2ta bolalar va musiqa sanʼat maktablari, 6 ta kasb hunar kolleji, 3 ta bolalar va yoshlar sport maktabi, stadion, tennis korti, suzish havzasi, kutubxonalar va klublar, muzey, madaniyat va istirohat bogʻi, tugʻruqxona, markaziy tuman kasalxonasi va uning boʻlimlari ishlab turibdi.
Chust orqali Fargʻona halqa avtomobil yoʻli oʻtadi va shaharni Namangan, Andijon, Pop, Fargʻona, Kosonsoy, Gʻova, Varzik, Olmos, Axcha va boshqa aholi punktlari bilan bogʻlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |