NAFOSAT TARBIYASI VOSITALARI
Nafosat tarbiyasiga doir bilim va malakalar, asosan, dars jarayonida — o‘qish, musiqa, ona tili, tabiat, tasviriy san’at, tarix, geografiya va jismoniy tarbiya kabi darslarda beriladi. O‘qish darslaridan nafosat tarbiyasi: ifodali o‘qish, texnika vositalaridan foydalanish, did bilan chizilgan rasmlar va sahna o‘yinlari orqali o‘quvchi ongiga singdirilib boriladi. Shuningdek, turli janrdagi badiiy asarlarni o‘qish, she’rlarni yodlash, jumladan, ertak, rivoyat, hikoyatlarni o‘rganish orqali bola so‘z qudratidan zavqlanadi, hayajonlanadi, ta’sirlanadi. O‘zini sirli voqealar ichida yurgandek his etadi, butun vujudi quloqqa aylanadi, turli kechinma, kayfiyat, his-tuyg‘u qalbini qamrab oladi. So‘z qudrati uni sehrlab, butunlay o‘ziga jalb etadi, ergashtiradi. Nafosat tarbiyasi vositalaridan eng muhimi san’atdir. San’atning barcha tur va janrlari o‘ziga xos ta’sir kuchiga ega. Yosh o‘sa borgani sayin bolada san’atning u yoki bu turiga qiziqish o‘zgarib turadi. San’atning eng ta’sirchan turlaridan biri xilma xil musiqadir. Bola hali yozish, o‘qish, chizishni bilmagan paytda ham musiqaning sehrli to‘lqinini qabul qilishi, ulardan oziqlanishi mumkin. Musiqaning ilk ta’siri ona allasi bilan bog‘liq. Ona allasi mayin, jozibali, shirador, ta’sirchan bo‘lgani uchun ham bola undan orom olib uyquga ketadi. Musiqa bolaning eshitish qobiliyatini yaxshilaydi, uning ruhiyatiga yumshoqlik, fe’l-atvoriga muloyimlik bag‘ishlaydi. Haqiqiy musiqa asarlari ta’sirida ulg‘aygan bola o‘rtoqlari orasida ajralib turadi. San’atning ikkinchi bir turi — tasviriy san’at ham nafosat tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Rasm chizishga bo‘lgan qiziqish aksariyat bolalarda yoshlikdanoq boshlanadi. Rasm chizishga bo‘lgan havas bolalarda ijodkorlik qobiliyatini tarbiyalaydi, xotirasini shakllantiradi, xayolning o‘sishiga yordam beradi. Go‘zallik va xunuklikka bo‘lgan o‘z munosabatini bola o‘zi chizgan rasmlari orqali ifodalashga harakat qiladi. Bola o‘zi yaxshi ko‘radigan kishisini yoki biror narsani chiroyliroq va nafisroq chizishga harakat qilsa, yomon ko‘rganini masxaralash shaklida chizishga intiladi. Biz bola hayotidagi bu jarayonni puxta bilib olib, unga yordam berishimiz lozim. Bolalarda go‘zallik tuyg‘usining shakllanishida badiiy adabiyot va raqs san’atining ham roli benihoya katta. Umuman, to‘rt san’at turi — musiqa, tasviriy san’at, she’riyat va raqs bolalarni go‘zallik dunyosiga yetaklovchi, ularda kuzatuvchanlik, ta’sirchanlik kabi ruhiy xususiyatlarni, ijodiy xayol va ijodkorlikni tarbiyalovchi asosiy omillar hisoblanadi va bolada estetik didni shakllantiradi. Òabiat hodisalari ham nafosat tarbiyasining muhim vositalaridan biridir. O‘quvchilarni tabiatdan bahra ola bilish, uning go‘zalligini sevishga o‘rgatish lozim. Buning uchun tabiat bag‘riga tez-tez sayr uyushtirish, tabiat manzaralari: quyosh, havo, bog‘, dala, suv, daryo, tog‘, qushlar, jonivorlar, hayvonlarni kuzata bilish ularning ko‘rinishi, shakli, rangi, ovozini tinglash, eshitish, mehnat obyektlarini borib ko‘rish, inson va uning turli kasblarga oid faoliyatini o‘rganish — nafosat tarbiyasining asoslari hisoblanadi. O‘quvchilarni havaskorlik to‘garaklariga jalb etish, intermediyalar ijro etish, sahnada rol bajarish, turli milliy o‘yinlar o‘ynash — bular qalblarni go‘zallikka oshno etuvchi vositalar bo‘lib xizmat qiladi. Nafosat tarbiyasi jismoniy rivojlanish bilan ajralmasdir. „Sog‘ tanda — sog‘ aql“ degan hikmat bejiz aytilmagan. Biz tashqi va ichki go‘zallikni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymasdan, ularning uyg‘unlikda taraqqiy etishiga erishishimiz lozim. Badantarbiya va sport bilan shug‘ullanish, bir tomondan, kishining salomatligini mustahkamlasa, ikkinchi tomondan, tashqi qiyofasini ko‘rkam qiladi. Hamma vaqt nafosat tarbiyasining asosida erkin fikrlash, eshitish, ko‘rish, harakat qilish qobiliyatini tarbiyalash masalasi turadi. Bola voqelikdagi, san’atdagi, insondagi go‘zallikni ko‘ra olishga, his qila bilishga, musiqa asarlarini eshita olishga, go‘zallik va xunuklik haqida erkin fikrlay olishga, o‘z fikrini aniq so‘zlashga qobil bo‘lsa, demak, unda go‘zal tuyg‘u, estetik idrok kamol topgan bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |