CHet el fuqarosi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi. Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 23 dekabrdagi 560-sonli Qaroriga muvofiq tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilish va ulardan foydalanish tartibi to’g’risida NIZOM”48 bilan belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlar fuqarolari bilan mehnat munosabatlari o’natilishi mumkin.
Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasiga keluvchi xorijiy fuqaro ish beruvchi tomonidan olingan ruxsatnoma asosida uning nomiga berilgan mehnat faoliyati huquqi tasdiqnomasi bo’lgandagina O’zbekiston Respublikasi hududida ishlashi mumkin.
Ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi, mehnat kontrakti muddatini uzaytirish tomonlarning roziligiga ko’ra va ish beruvchining nazarda tutilgan hujjatlarni berishi asosida, mehnat shartnomasining amalda bo’lish muddati tugagunga qadar, amalga oshiriladi.
Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasiga kelgan va belgilangan tartibni buzgan holda ishga qabul qilingan xorijiy mutaxassislar ish beruvchi mablag’lari hisobiga O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlari tomonidan O’zbekiston Respublikasidan chiqarib yuboriladilar.
Muqobil xizmatni o’tashga yuborilgan shaxs bilan tuziladigan mehnat shartnomasi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 martdagi 128-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Muqobil xizmatni tashkil etish va O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining uni o’tashi tartibi to’g’risidagi Nizom”49 ushbu sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy normativ hujjat sanaladi.
Muqobil xizmat fuqarolarning umumiy harbiy majburiyatni bajarishining chaqiruv bo’yicha harbiy xizmat o’rniga iqtisodiyot, ijtimoiy sohaning turli tarmoqlarida kam malaka talab etiladigan (yordamchi) ishlarni, shuningdek falokatlar, halokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlarini bajarish bilan bog’liq bo’lgan alohida turidir.
O’n sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha bo’lgan, harbiy ro’yxatda turuvchi va xizmatga chaqirilishi lozim bo’lgan fuqarolar, agar ular diniy ta’limoti qurol-yaroqdan foydalanish va Qurolli Kuchlarda xizmat qilishga yo’l qo’ymaydigan, ro’yxatga olingan diniy tashkilotlar hisobida tursalar, muqobil xizmat huquqiga ega.
Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqarolarni o’zlarining yashash joylaridagi, shuningdek mamlakatning boshqa mintaqalaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga yuborish yetib borish muddati belgilangan holda yakka tartibda amalga oshiriladi.
Ishga qabul qilinganlik to’g’risida buyruq chiqarilgan kun muqobil xizmat boshlangan kun hisoblanadi.
Muqobil xizmatni o’tash Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan belgilangan vazirliklar, idoralar va kontsernlarning korxonalari, tashkilotlari va muassasalarida amalga oshiriladi.
Muqobil xizmatni o’tayotgan fuqarolarga mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari tatbiq etiladi. Muqobil xizmat muddati mehnat stajiga qo’shiladi.
Muqobil xizmatni o’tayotgan fuqaro rahbarlik va saylab qo’yiladigan lavozimlarni egallashi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanishi, ta’lim muassasalariga o’qishga kirishi mumkin emas.
Muqobil xizmat xizmatchilarining korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzmasdan mehnat faoliyati bilan shug’ullanishi taqiqlanadi.
Ish beruvchilar:
"Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga va mudofaa ishlari tegishli organi bilan tuzilgan shartnoma shartlariga qat’i rioya qilishga;
muqobil xizmat qilish uchun kelgan xizmatchilar bilan mehnat shartnomasi tuzishga;
muqobil xizmat xizmatchilarini ustavlar, nizomlar, ichki tartib-intizom qoidalari, mehnat va o’qish sharoitlari bilan tanishtirishga, ularning huquqlari, burchlari va javobgarliklarini tushuntirishga;
mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalari yuzasidan yo’l-yo’riqlar ko’rsatishga;
muqobil xizmat xizmatchilarini Qurolli Kuchlarda qo’llaniladigan ishchi kasblarga o’qitishga;
mehnat va turmush sharoitlari yaratib berishga, maxsus kiyim-bosh va asboblar bilan ta’minlashga;
tekin tibbiy xizmat bilan ta’minlashga;
muqobil xizmat xizmatchilari o’rtasida tarbiyaviy ishlarni olib borishga;
mudofaa ishlari fuqarolarning muqobil xizmatga kelganliklari to’g’risida xabardor qilishga, xizmatchilar tomonidan mehnat to’g’risidagi qonunlarning buzilishi va ularning uzrsiz sabablar bilan xizmatga chiqmasligi hollari to’g’risida xabardor qilishga;
har oyda Respublika byudjetiga muqobil xizmat faoliyatini ta’minlash uchun foydalaniladigan xizmatchilar ish haqining 20 foizini o’tkazishga
Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qaroriga ko’ra muqobil xizmatni o’taydigan fukqarolar mehnat qilishi mumkin bo’lgan ishlar va kasblar ro’yxati tasdiqlangan va bu ro’yxatga quyidagilar kiritilgan :
1. Mehnat vazirligi
2. Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi
3. Sog’liqni saqlash vazirligi
4. Mudofaa vazirligi
5. Favqulodda vaziyatlar vazirligi
6. O’zbekiston "O’zkommunxizmat" agentligi
7. O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi
8. O’zbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari uyushmasi
9. "O’zkimyosanoat" davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi
10. "O’zbekiston temir yo’llari" davlat-aktsiyadorlik kompaniyasidagi ishchi kasblari.
Do'stlaringiz bilan baham: |