Tripanosomalar. Tripanosomalarning kattaligi 20-70 mkm gacha bo’ladi. Tana shakli duksimon yoki nashtarsimon, oldingi uchi o’tkirlashgan, tana o’rtasi ancha keng, lekin orqa uchi tomon yana ensizlanib, o’tkir uchli bo’lib tugaydi. Xivchin bitta bo’lib, tananing orqa uchiga yaqin joydan – bazal tanachadan boshlanib, tashqariga chiqib, oldingi uchiga qarab yo’naladi va tana bilan xivchin o’rtasida nozik sitoplazmatik membrana hosil qiladi. Xivchin tananing oldingi uchiga yetib borganida u bilan qo’shilib, ma’lum qismi tashqariga chiqib turadi. Tana cheti bilan xivchin orasida shakllangan membrana (rangsiz parda) to’lqinsimon harakatlanish xususiyatiga ega. Ushbu xususiyat tufayli tripanosoma suyuqlik ichida harakatlanadi. Xivchinning bazal tanachasi yaqinida kinetoplast organoidi joylashgan. U xivchinning harakatlanishi uchun sarf qilinadigan oziqani saqlovchi manba hisoblanadi. Tripanosoma tanasining o’rtasida ancha yirik bitta yadro joylashgan. Tripanosomalarning bir qancha turlari umurtqali hayvonlar va odamda parazitlik qilib yashaydi. Ular qonda, orqa miya suyuqligida va ayrim ichki organlarda yashab, diffuz yo’l bilan oziqlanadi hamda har xil zaharli moddalarni ajratib, eritrositlarni nobud qiladi.
Odam va umurtqali hayvonlar tanasida tripanosomalar jinssiz yo’l bilan bo’ylama ikkiga bo’linib ko’payadi. Lekin ayrim turlarining hayot siklida metasiklik rivojlanish bosqichlari leptomonad, kritidial, leyshmanial davrlarini o’tkazadi. Ushbu o’zgarishlar se-se pashshasi tanasida sodir bo’ladi. Leptomonad bosqichi – tripanosomalarning xivchini tananing oldingi uchidan boshlanib tashqariga chiqib to’lqinsimon pardaning hosil qilmasligi, kritidial bosqichi – xivchin tananing o’rta qismidan boshlanadi, to’lqinlanuvchi membrananing gavda yarmidan boshlanishi va leyshmanial bosqichi – dumaloq shaklli, xivchinsiz, lekin blefaroplastga ega bo’lgan bosqichidan iborat. Ushbu davrlardan o’tgandan so’ng, pashshaning sulak bezlariga o’tib, sista bosqichiga aylanadi va invazion davri sifatida u yerda to’planadi.
Rasm 11. Tripanosomalar hayot siklining turli bosqichlari.
A – haqiqiy tripanosom; B – kritidial; C - leptomonad;
D – leyshmanial bosqichlari: 1 – yadro, 2 – blefaroplast, 3 – bazal tanacha,
4 – xivchin, 5 – to’lqinsimon parda.
Odamda parazitlik qiluvchi Trypanosoma gambiense va T. rhodesiensi larni yuqtiruvchi se-se pashshasi (Glossina palpalis) antilopalar qonini so’rib olganda, qon bilan birga tripanosomalarni ham qabul qiladi. Se-se pashshasi oshqozoniga tushgan parazitlar bo’linib, ko’payib yuqorida aytgan metasiklik bosqichlarni o’tadi va pashshaning so’lak bezlariga to’planadi. Bunday zararlangan pashsha odamga hujum qilib, qon so’rganda so’lak suyuqligi bilan birga sistalarni yuqtiradi. Shundan keyin sistadan haqiqiy tripanosoma chiqib qonga o’tadi va qon plazmasiga hamda ayrim to’qimalarga borib, ikkiga bo’linish yo’li bilan jinssiz ko’payadi.
Rasm 12. Tripanosoma – Trypanosoma rhodesiehse
A:1 – yadro, 2 – kinetoplast, 3 – bazal tanacha, 4 – tulqinsimon parda, 5 – xivchin, B – bo’linishi va V – individlarni hosil bo’lishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |