O’rganiladigan xivchinlilarning sistematik o’rni
Tip Soxtaoyoq xivchinlilar - Sarcomastigophora
Sinf Xivchinlilar - Mastigophora
Kenja sinf O’simliksimon xivchinlilar - Phytomastigina
Turkum Evglenasimonlar - Euglenoidea
Tur Yashil evglena – Euglena viridis
Tur Oksiuris evglenasi – Euglena oxyuris
Umumiy tushunchalar
Evglenalar organik chirindiga boy bo’lgan ko’l, hovuz, ko’lmak va boshqa oqmas chuchuk suvlarda yashaydi. Ular orasida keng tarqalgan turlaridan biri yashil evglena – Euglena viridis. Uning tana shakli duksimon, pastki uchi biroz o’tkirlashgan. Tana uzunligi 40-50 mkm, eni - 14-18 mkm ga teng. Tanasining oldingi uchida bitta uzun va ingichka xivchini joylashgan. Xivchinning asosi bazal tanacha deyiladi. Xivchin harakatlanish organellasidir. Tana elastik xususiyatga ega bo’lgan nozik pellikula bilan qoplangan. Ushbu xususiyati tufayli evglena harakatlanganda tana shakli biroz o’zgarib turadi. Ba’zan bo’yiga qarab qisqarib, dumaloq shaklga ham o’tishi mumkin. Sitoplazmasi ekto va endoplazmadan iborat. Ektoplazma nozik, zo’rg’a ko’rinadigan qatlam hisoblanadi. Endoplazmasida bir qancha organoidlarlari aniq ko’rinib turadi. Birinchi navbatda ovalsimon yoki biroz uzunchoq shakldagi yashil rangli (xlorofill donachali) xromotoforalar, paramil donachalari (kraxmalning bir xili), tananing oldingi uchiga yaqin joyda (xivchinning asosiga yaqin) ancha murakkab tuzilishga ega bo’lgan qisqaruvchi vakuol joylashgan. Qisqaruvchi vakuolning murakkabligi shundan iboratki, uning atrofida aylanma holda bir necha mayda yig’uvchi vakuolachalar bo’ladi. Ushbu vakuolachalar sitoplazmada hosil bo’lgan ortiqcha suyuqlikni yig’ib qisqaruvchi vakuolga o’tkazadi. Qisqaruvchi vakuol yonida ancha yirik rezervuar (to’plagich) bo’lib, unga qisqaruvchi vakuoladagi suyuqlik vaqti-vaqti bilan o’tib turadi. Rezervuar qisqarish xususiyatiga ega emas, balki u nozik kanalcha yordamida tashqi muhit bilan bog’liq. Ana shu kanalcha orqali rezervuardagi suyuqlik tashqi muhitga chiqariladi. Yashil evglenaning xivchinini bazal tanachasi yonida bir dona qizg’ish-qo’ng’ir rangga bo’yalgan ko’zcha (stigma)si yorug’likni sezuvchi tanachadir (organoiddir).
Evglena tanasidagi xromotoforalar yordamida yashil o’simliklar singari avtotrof (golofit) usulda oziqlanadi, ya’ni anorganik birikmalardan (SO2, H2O) organik birikmalarni sintezlaydi (fotosintez jarayoni). Tanadagi paramil donachalari tarkibi jihatidan kraxmalga yaqin uglevod hisoblanib, uning ma’lum qismi evglenaning metabolizmi uchun sarflansa, qolgani zahira holida saqlanadi. Yashil evglena ma’lum vaqt davomida yorug’lik tushmaydigan joyda qolib ketsa yoki yashash muhitida tayyor oziqa ko’p bo’lsa, rangsizlanib geterotrof oziqlanishga o’tadi. Bunda u butun tana sathi orqali suvda erigan tayyor oziqani so’rib oladi. Ayrim evglenasimonlar ba’zan bir vaqtning o’zida ham fotosintez ham saprofit usulda oziqlanadi. Bunday usul miksotrof oziqlanish deb ataladi.
Rasm 5. Yashil evglena – Euglena viridis.
1 – xivchin, 2 – qisqaruvchi vakuol rezervuari, 3 – qisqaruvchi vakuol,
4 – xromotoforalar, 5 – yadro, 6 – paramill danachalari, 7 – ko’zcha (stigma).
Evglenalar jinssiz usulda bo’ylama ikkiga bo’linish bilan ko’payadi. Bu jarayonda avval yadro mitoz yo’li bilan ikkiga ajraladi, so’ng tanasi oldingi uchidan keyingi uchiga qarab asta-sekin bo’linadi. Xivchin yosh individlarning birontasiga o’tadi, xivchinsiz qolgan ikkinchi yosh individda u yangidan paydo bo’ladi.
Evglenalarning bir qancha turlari sistaga o’ralgandan keyin ham bo’linib ko’payishi mumkin, ya’ni sista ichida tana bir necha marta ketma-ket bo’linadi. Hayvonning tana hajmi o’smasdan ketma-ket bo’linishi sababli juda ko’p kichik hujayralar hosil bo’ladi. Hujayrani shu usulda yiriklashmasdan ketma-ket bo’linishi palintomiya deyiladi. Bunday bo’linish ko’p hujayrali hayvonlar tuhum hujayrasining maydalanishiga o’xshaydi. Qulay sharoit kelishi bilan sista yorilib, ichidan ko’p sondagi individlar chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |