2.2.Informatika o‘qituvchisining innovatsion faoliyatga tayyorligini shakllantirish vositalari: innovatsion o‘quv-biluv faoliyati, maxsus kurslar, malakaviy amaliyot. Innovatsiyalar nazariy jihatdan asoslangan, biror-bir sohada aniq maqsadga qaratilgan hamda amaliy tatbiq etishga yo’naltirilgan yuqori samaradorlikka ega yangilik hisoblanadi. Innovatsiyaning o’ziga xos xususiyati uni quyidagilar bilan bog‘laydi [21]:
- innovatsiyalar doimo dolzarb muammoning yangi yechimini o‘z ichiga oladi;
-ulardan foydalanish yangi sifatli natijalarni olish imkonini beradi;
-ta’lim jarayonida innovatsiyalarni tatbiq etish ta’lim tizimidagi barcha komponentlarning sifatiy o‘zgarishlariga olib keladi.
Bugungi kunda innovatsion pedagogik jarayonlar ta’lim muassasasi o‘quv faoliyatining muhim komponentlaridan biriga aylanib bormoqda. Chunki innovatsion pedagogik jarayonlar ta’lim xizmatlari bozorida nafaqat u yoki bu ta’lim muassasasining raqobatbardosh bo‘lishiga asos yaratadi, balki, o‘qituvchi va o‘quvchi shaxsini intensiv rivojlantirish, o‘qituvchi va o‘quvchilarning birgalikdagi faoliyati va muloqotini demokratlashtirish, ta’lim-tarbiya jarayonini insonparvarlashtirish, o‘quvchini faol ta’lim olish hamda o‘zini shakllantirishga yo‘naltirish, ta’lim texnologiyalari, metod va vositalari hamda ta’limning moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash kabi vazifalarni bajaradi, pedagoglarning kasbiy mahorati, ularning ijodkorligi, izlanuvchanligining rivojlanish yo‘na-lishlarini aniqlaydi, o‘quvchilarning shaxs sifatida kamol topishida muhim o‘rin tutadi.
Informatika o‘qituvchisining innovatsion o‘quv-biluv faoliyati o‘zaro bog‘liq bo‘lgan quyidagi faoliyatlarni o‘z ichiga oladi:
yangi bilimlarni egallashga qaratilgan tadqiqot ishlariga ishtirok etish [40,35];
amaliyotda tasdiqlangan kasbiy bilimlarni egallash, shaxsiy bilim va tajribalarni, kasbiy kompetentlikni rivojlantirib borish [34];
maxsus mutaxassislik, texnik bilimlarni egallash, rivojlantirish, o‘z pedagogik faoliyatini loyihalashtirib borish, amalga oshirib, samarali natijalarga erishishva h.k [42,38].
Talabalarning ilmiy tadqiqot ishlariga yo‘naltirish sohasidagi ilmiy ishlar, maqolalarni o‘rganish natijasida oliy ta’limda ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan talabalar, magistrlar oldida muhim muammolar mavjudligi aniqlandi. Bu muammolar [40]:
Ilmiy tadqiqot mavzusini to‘g‘ri tanlay olmaslik;
Ilmiy tadqiqot metodlari va undan foydalanishni bilmaslik;
Ilmiy tadqiqot ishi asosnomasini mustaqil tayyorlay bilmaslik;
Adabiy manbalar bilan ishlashda qiyinchiliklarga uchrash;
Bajarilgan tadqiqot ishining taqdimotini amalga oshirish ko‘nikmasiga ega bo‘lmaslik va h.k.
Talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltirish ikki yo‘nalishda amalga oshirilishi mumkin [78]:
- birinchisi, bevosita dars jarayonida: seminar, amaliy mashg‘ulot darslarida muammoli darslarni tashkil etish, muammoli vazifalarni qo‘yib, ularni yechishga undash, talabalarning mutaxassisligi yoki biror fan doirasida o‘quv loyiha(dars ishlanma, texnologik xarita, elektron qo‘llanma)larini yaratishga erishish;
- ikkinchisi, darsning mantiqiy davomi bo‘lib, darsdan tashqari vaqtda o‘quv-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish: mustaqil ish, referat, kurs ishi, ilmiy, o‘quv-tadqiqot ishlarini bajarish, olimpiada va ko‘rgazmalarda o‘z chiqishlari va konferensiyalarda ilmiy maqolalari bilan ishtirok etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |