Dars jarayonida innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish. Innovatsion pedagogik texnologiyalar aynan ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchi(talabalar)ga muayyan fan (mavzu) bo‘yicha bilim berish va shaxsini shakllantirishga qaratilgan o‘qitishning zamonaviy usullari, texnologiyalari va vositalari majmuidir [80].
Ta’limda innovatsion pedagogik jarayonlarni biz pedagogik yangilik(g‘oya)ni yaratish, idrok etish, o‘zlashtirish, qo‘llash va baholanishi lozim bo‘lgan boshqariluvchi jarayon sifatida ko‘rishimiz mumkin.
Haqiqatan ham pedagogik faoliyatimizda biror-bir yangilik(g‘oya, metod, usul yoki yondashuv)ni qo‘llamoqchi bo‘lsak, avvalo u yaratilgan bo‘ladi yoki o‘zimiz yaratamiz, keyin uni idrok etamiz, yoki yaxshilab o‘zlashtirib olamiz, undan keyin uni faoliyatimizda qo‘llaymiz-da, uning qanchalik samarali ekanligini baholaymiz. Bugungi kunda juda ko‘p ishlatiladigan pedagogik texnologiyalarni qaraydigan bo‘lsak, ularga [5,34,42]:
Shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyasi.
Hamkorlik ta’limi texnologiyalari.
Loyihaviy ta’lim texnologiyalari.
O‘yinli ta’lim texnologiyasi.
Muammoli ta’lim texnologiyasi.
Modulli ta’lim texnologiyasi.
Dasturlashtirilgan ta’lim texnologiyasi.
Integratsiyali ta’lim texnologiyasi.
Interfaol ta’lim texnologiyasi.
Masofali o‘qitish texnologiyalari va h.k.
Dars jarayonida axborot texnologiyalaridan foydalanish juda katta sohani qamrab olib uning tarkibiga [42]:
asosiy va qo‘shimcha qurilmalari mavjud kompyuter sinflari;
internet va tarmoqqa ulangan kompyuterlar;
interaktiv doska va multimediali ilovalar;
WIFI aloqasi mavjud bo‘lgan elektron o‘quv zallari.
Axborot texnologiyalaridan foydalanishni tashkil etadigan didaktik ta’minotga:
boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘quv-metodik qo‘llanmalar;
o‘rgatuvchi va nazorat qiluvchi elektron ta’lim resurslari;
elektron o‘quv-metodik majmua va metodik ko‘rsatmalar;
elektron o‘quv modullari (Moodle dasturi kabi);
pedagogik dasturiy vositalar va h.k.kiradi.
Boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘quv-metodik qo‘llanmalar. Bular elektron shakldagi darslik, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, uslubiy ko‘rsatma, ma’ruzalar kursidan tashkil topadi [42].
Elektron o‘quv-metodik majmua va metodik ko‘rsatmalar elektron mashqlar to‘plami, boshqariladigan elektron ta’lim resurslari, gipermatn gipermediya, multimediyali vositalar, virtual obyektlar yoki jarayonlar elektron tajriba, elektron lug‘atdan tashkil topadi.
Nazorat qiluvchi elektron ta’lim resurslariga elektron testlar, elektron topshiriqlar elektron nazorat (testlashtirish)lar kiradi.
Elektron o‘quv modullari (Moodle dasturi kabilar). Ta’limni masofali, noan’anaviy shaklda, elektron ta’lim resurslaridan foydalanib tashkil etish uchun bugungi kunda turli-tuman pedagogik dasturiy vositalardan foydalanish ta’lim tizimiga kirib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |